Qozogʻistonning Chimkent shahrida “Esjanuli Seyitjan qori” jomeʻʻ masjidining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Yangi masjidda bir vaqtning oʻzida 30 ming kishi namoz oʻqishi mumkin boʻladi. 
Masjidda majlislar zali, 600 oʻrinli oshxona, yoshlar maʻʻnaviyatini tarbiyalash madrasasi, toʻyxona, fitnes markazi, 736 ta mashinaga moʻljallangan er osti toʻxtash joyi mavjud.
“Bu masjidda tahsil olgan yoshlarimiz mana shu goʻzal shahar, xalqimiz maʻʻnaviyatini yuksaltirishga hissa qoʻshishiga ishonaman. Masjid qurgan fuqarolarni Alloh taolo mukofotlasin", - dedi masjid ochilishida soʻzga chiqqan Qozogʻiston bosh muftiysi Naurizbay qaji Taganuli. 
Bosh muftiy katta masjid qurilishiga homiylik qilgan mashhur xayriyachi Serikjon Seyitjonuliga minnatdorchilik bildirdi. 
Shuningdek, oliy muftiy faxriy mehmon, Saudiya Arabistonidan mashhur xattot Usmon Toxaga “Qozogʻiston musulmonlari diniy boshqarmasiga 30 yil” bayram nishonini topshirdi.
Masjid minoralarining balandligi 63 m, bosh gumbazning balandligi 56 m. Shuningdek, 20 metrlik soyabonli chodirlarni ochish tizimi mavjud boʻlib, ular ventilyator va namlagichlar bilan jihozlangan. Masjid binolari 9 balgacha zilzila xavfini hisobga olgan holda qurilgan.

Mavzuga aloqador