06.12.2024 15:48
730

BAAda 9 oʻzbekistonlik 11 kundan buyon ushlab turilibdi

25 noyabrʻ kuni Dubayda mehnat qilayotgan bir guruh Oʻzbekiston fuqarolari politsiya tomonidan olib ketilgan. Kun.uz nashrining xabar berishicha, politsiya holat boʻyicha hech qanday izoh bermagan, ushlab turilganlar bilan bilan hech kim gaplasha olmayapti.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi holat yuzasidan BAA Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborgan va javob kutmoqda.

Dubaydagi ijara uyidan olib ketilgan fuqarolardan birining akasi Kun.uz'ga murojaat qilgan.

“BAA huquqni muhofaza qiluvchi idoralari xodimlari Dubaydagi villani ijaraga olib yashayotgan 15-20 nafar atrofidagi Oʻzbekiston fuqarolarini olib ketishdi. Holat 25 noyabr kuni sodir boʻlgan. U erda ijara turganlar orasida mening ukam ham bor edi. Ular koʻpchilik boʻlib, birgalikda arzonroq boʻlgani uchun bitta joyda ijara turgan. Qolganlari nima ish qilishini bilmayman.

Ukamda ishchi viza bor, u Dubay aeroportdagi logistika kompaniyasida qonuniy asosda ishlab kelayotgan edi. 25 noyabrdan beri ukam bilan aloqaga chiqa olmadik, ota-onam, hammamiz qattiq xavotirlanyapmiz”, – deydi u.

Murojaatchiga koʻra, mahalliy politsiya Oʻzbekiston fuqarolarining qoʻlga olinishi borasida hech kimga, hech qanday izoh bermagan. U Dubaydagi Oʻzbekiston konsulxonasining Sayfullo ismli xodimi bilan aloqaga chiqqan. Konsullik rasmiysi masalaga oydinlik kiritish maqsadida BAA Tashqi ishlar vazirligiga tegishli nota yuborilgani, hozirgi kunda javob kutilayotganini bildirgan.

Oʻzbekiston TIV matbuot kotibi Ahror Burhonov Dubayda Oʻzbekiston fuqarolari ushlanganini tasdiqlagan. Uning aytishicha, muammoni hal qilish ustida ish olib borilmoqda.

“25 noyabrʻ kuni 9 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Dubayda huquqni muxofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan qoʻlga olingan. TIV va konsullik bu voqeadan xabardor. Holat yuzasidan BAA tegishli idoralariga soʻrov yuborganmiz, lekin ulardan javob kelmayapti. Ish boʻyicha advokat ham yollangan”, – dedi TIV rasmiysi.

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligidagi manbalar BAAda isroillik ravvinni oʻldirishda gumonlab qoʻlga olingan Oʻzbekiston fuqarolari ishi bilan bogʻliq boʻlishi ehtimoli yuqori ekanini taxmin qilmoqda.

Isroillik ravvinning oʻlimi va BAAga kiritilmagan oʻnlab oʻzbeklar

Eslatib oʻtamiz, 21 noyabrʻ kuni BAAning Al-Ayn amirligida Isroil va Moldova fuqarosi, BAA rezidenti boʻlgan rohib Tsvi Koganning jasadi qotillik alomatlari bilan topildi. BAA Ichki ishlar vazirligi jinoyatda gumonlab uch nafar Oʻzbekiston fuqarosini qoʻlga olgan. Isroil nashrlariga koʻra, “Mossad” gumondorlarni Eron bilan bogʻliq guruhga aloqador deb hisoblamoqda.

Bu orada, 26 noyabr kuni Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Isroil elchisi bilan uchrashib, Oʻzbekiston hukumati tergov jarayonlarida BAA va Isroil idoralari bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini bildirdi.

Shundan soʻng, 30 noyabr kuni Toshkent–Abu-Dabi yoʻnalishida uchgan Oʻzbekiston fuqarolaridan 31 nafari – faqat erkaklar – amirliklar hududiga kiritilmadi. Ular Abu-Dabi xalqaro aeroportida chegaradan oʻtkazilmagan. Oʻzbekistonning BAAdagi elchixonasi aeroport maʻʻmuriyati va amirliklarning mutasaddi idoralari bilan muloqotda boʻlib, vaziyat nazoratga olinganini maʻʻlum qildi. Keyinroq Abu-Dabi xalqaro aeroportida qolib ketgan vatandoshlarning bir qismi Oʻzbekistonga qaytarilgani xabar qilindi.

2 dekabrʻ kuni tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Bahromjon Aʻʻloev BAAning Oʻzbekistondagi elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi. TIV axborotiga koʻra, tomonlar soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston fuqarolarining BAAga kirishida kuzatilayotgan qiyinchiliklar boʻyicha fikr almashgan hamda holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olgan.