15.10.2025 18:15
524

AZON LOYIHALARI BILAN BOGʻLIQ HOLAT YuZASIDAN BAYoNOT


Assalomu alaykum, hurmatli yurtdoshlar, aziz doʻstlar!

Bugun biz – “Azon Global” jamoasi muhim bir bayonot bilan sizga murojaat qilmoqdamiz. Xabaringiz bor, “Azon” loyihalari asoschisi, taniqli ulamo Ustoz Mubashshir Ahmad hozirda sud hukmi bilan hibsda saqlanmoqdalar. Bu ishni boshidan beri kuzatib turganingiz uchun tafsilotlarga toʻxtalmoqchi emasmiz.

Bu hukmning adolatli-adolatsiz ekani haqida ham bahs yuritmaymiz. Zotan, boʻlib oʻtgan jarayonni Xoliq va xalq koʻrib-kuzatib turdi. Haqiqiy hukmni mutlaq Hokim Zotga havola qilamiz. Tarix bu borada ham oʻz soʻzini aytishiga ishonamiz.

Shu oʻrinda, Ustozning Turkiyadan olib kelinib, sud hukmi oʻqilguniga qadar u kishining salomatliklari, taqdirlari haqida qaygʻurib, tashvishu tasallilar izhor qilib, duolar bilan qoʻllab turganingiz uchun siz azizlarga chin dildan minnatdorchilik bildiramiz. Va, albatta, Mubashshir Ahmaddek ulamoning qamalib ketmasligi uchun jon kuydirgan, elib-yugurgan, har turli dastak bergan, bor imkonini safarbar etgan, Ustozning himoyalarida butun bilim va salohiyatlarini ishga solgan azizlarimizga ham tashakkurimizni izhor qilamiz. Alloh barchalarining ajrlarini toʻkis qilib bersin!

Bundan tashqari, yodingizda boʻlsa, sud hukmi bilan Azon Global — Muqobil axborot-tahliliy kanali faoliyati toʻxtatilib, bloklanishi belgilangandi. Bilasiz, sud Oʻzbekiston Respublikasi nomidan hukm qiladi. Shuning uchun biz –  Azon Global  media jamoasi, jamiyatimizda qonun ustuvorligini taъminlashda oʻz hissamizni qoʻshish uchun, qonunga hurmat va itoat yuzasidan barcha media faoliyatimizni toʻxtatishga qaror qildik. Bu ogʻir, ammo masъuliyatli qaror bizning vijdonimiz, ustozimizga boʻlgan hurmatimiz va jamiyatga boʻlgan sadoqatimiz asosida qabul qilindi. Zero, Ustozimizning ham pozitsiyalari har doim shunday boʻlgan: u kishi hech qachon davlatga qarshi chiqmaganlar, aksincha, xalq va davlat oʻrtasida maъnaviy koʻprik boʻlishga intilganlar.

Ikkinchi maъmuriyatning dastlabki epkinlarida yuzaga kelgan “Azon”ning qisqa ammo sermazmun tarixiga nazar tashlab, shuni ishonch bilan taъkidlash mumkinki, Allohga hamd boʻlsin, Azon loyihasi oʻz faoliyati davomida minglab yurtdoshlarimizga baholi qudrat ilm, maъrifat, ruhiy madad ulashdi. Yurt ichida va tashida boʻlayotgan voqea-hodisalarga musulmon nuqtai nazaridan qarash va sharhlash tajribasi, koʻnikmasi hosil boʻlishiga koʻmaklashdi. Siyosatga musulmonlar ham aralashishi shart va zarurligini koʻrsatib berdi.

Bugun esa biz sukutni tanladik — bu sukut norozilik emas, balki sabr, mulohaza va qonunlarga boʻlgan hurmat hamda buguning taqozosidir. Erta-birkun vaziyat, sharoit qanday boʻladi – Alloh biladi.

Bizni hozirgacha kuzatib-qoʻllab kelayotgan muxlislarimizdan, barcha yurtdoshimizdan bu holatni toʻgʻri tushunishini, ijobiy qabul qilishini soʻraymiz. Duolaringizda Ustoz Mubashshir Ahmadni va “Azon” loyihasini avvalboshdan to hozirgacha moddiy maъnaviy qoʻllab turgan, kamarbasta boʻlgan barcha-barchani  eslab turing.

Vassalamu alaykum va rahmatullohi va barokatuh.

 

 

Mavzuga aloqador