07.01.2025 11:18
568

Asad rejimi HAMASning yuzga yaqin aʻʻzosini qatl qilgan



Suriyadagi sobiq Asad rejimi Falastinning HAMAS harakatining 94 nafar etakchi va aʻʻzosini sudsiz qatl qilgani maʻʻlum boʻldi. Bu haqda HAMASga yaqin manbalarga tayanib, Falastinning "Al-Quds Al-Arabi" nashri xabar berdi.

Maʻʻlumotlarga koʻra, Asad rejimi agʻdarilganidan keyin Suriya xavfsizlik xizmatlarining qarorgohida topilgan hujjatlarda HAMASga aloqador shaxslarni hibsga olish va jazolash boʻyicha buyruqlar Asad hokimiyatdan ketgunga qadar amal qilgani aniqlangan.

2022 yilda HAMAS va Asad rejimi oʻrtasida munosabatlar normallashgan edi. Shu paytda HAMAS “Hizbulloh” rahbari Hasan Nasrulloh vositachiligida ozod qilinishi kerak boʻlgan aʻʻzolar roʻyxatini taqdim qilgan. Biroq manbalarga koʻra, Nasrulloh roʻyxatdagi shaxslar allaqachon qatl qilingan boʻlishi mumkinligini bilgani uchun HAMASga hech qanday maʻʻlumot bermagan.

Falastin harakati Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan soʻng inqilobchilarni qoʻllab-quvvatlab, oʻz qarorgohini Qatarga koʻchirgandi. HAMASning Suriyadagi mahalliy aʻʻzolari muxolifat safiga qoʻshilib, Yarmuk lagerini himoya qilishda ham Asad kuchlari, ham IShID jangarilariga qarshi kurashgan.

Isyonchilarning gʻalabasi va mahbuslarning ozod etilishi
2024 yil dekabrʻ oyida suriyalik isyonchilar Damashqni egallab, Sednaya qamoqxonasidan oʻnlab HAMAS vakillarini, jumladan, Suriya boʻlimi bosh rahbarini ozod qilishgan.