26.09.2024 10:54
Alisher Qodirov Rossiya TIVning Toshkentda oʻqituvchi oʻquvchini urganiga munosabatini qoraladi
Alisher Qodirov Toshkentda oʻqituvchi oʻquvchini urgani boʻyicha Rossiya TIV Oʻzbekistondan «rasmiy tushuntirish» soʻraganiga munosabat bildirdi. «Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga toʻla oʻzlarining ishlari bilan shugʻullanishsa, toʻgʻri boʻlar edi», — dedi Milliy tiklanish partiyasi raisi.
Milliy tiklanish partiyasi raisi, Qonunchilik palatasi spikeri oʻrinbosari Alisher Qodirov Toshkentdagi maktabda oʻqituvchi oʻquvchini urgani yuzasidan Oʻzbekistondan «rasmiy tushintirish» soʻragan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga munosabat bildirdi, deya xabar qildi Gazeta.uz.
Uning qayd etishicha, bola huquqi Oʻzbekistonning maktabida, Oʻzbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi Oʻzbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida koʻriladi.
«Bizning ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha, muammolarga toʻla oʻzlarining ishlari bilan shugʻullanishsa, toʻgʻri boʻlar edi. Tekis joyda toʻpolondan foyda chiqmasligini tushunib etishdi, degan xulosaga ertaroq shekilli», — deydi Qodirov.
Nima boʻlgandi?
23 sentyabrʻ kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi 188-maktabda sinov muddatida boʻlgan oʻqituvchi dars vaqtida oʻquvchini kaltaklagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Toshkent shahri maktabgacha va maktab taʻʻlimi boshqarmasi holatga rasmiy munosabat bildirdi.
Videoda oʻqituvchi qoʻlida daftar tutgan oʻquvchi bilan nizoli suhbatdan soʻng uni urib, doska tomonga itarib yuborgani koʻrinadi. Ustozning bolani kaltaklashi bundan soʻng ham davom etgan va yakunda oʻquvchini joyiga oʻtirishga undagan.
Vaziyatni taʻʻlim boshqarmasi oʻrganib chiqqanda, voqea ikkinchi smenada oʻqiydigan 6-«V» sinfida rus tili fani darsida boʻlganini aniqlangan.
Bolaning onasi Facebook’dagi guruhda oʻqituvchi darsni oʻzbek tilida oʻtgani, oʻquvchi esa undan rus tili darsini rus tilida oʻtishini soʻraganini haqida post yozdi. Post keyin oʻchirildi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova 25 sentyabrʻ kuni boʻlib oʻtgan brifingda jurnalist bergan savolga javob berar ekan, departament bu masalani diqqat bilan kuzatib borayotganini aytdi.
«Video mazmuni bolaga nisbatan oʻta xavotir va hamdardlik uygʻotmasligi mumkin emas. Biz Oʻzbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish soʻradik. Ikki davlat oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilikka asoslangan doʻstona munosabatlarda hech qanday adovatga, ayniqsa, til masalasida oʻrin yoʻq va boʻlishi ham mumkin emas», — dedi u.
«Izchil chora-tadbirlar koʻrish, jumladan, koʻp asrlik aloqalarimizda rus tilining qoʻllanilishining foydali taʻʻsirini jamoatchilikka eslatish, madaniy-maʻʻrifiy, ilmiy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan oʻzaro boyitish kerak», — deya qoʻshimcha qildi Mariya Zaxarova.
U, shuningdek, «OAVdagi materiallarga huquqiy baho berish va agar asosli boʻlsa, bolalarga nisbatan zoʻravonlik sodir etgan shaxsga nisbatan zudlik bilan chora koʻrishni soʻradi».
Avvalroq, holat boʻyicha huquq-tartibot idoralari voqea yuzasidan surishtiruv ishlarini olib borayotgani xabar qilingandi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova ham bu ishni qoraladi. «Taʻʻlim muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik, nomunosib muomalaga yoʻl qoʻyayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda ham qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart», — dedi u.