14.01.2025 06:32
479

Ali Qushchining oʻgʻliga tegishli asar Oʻzbekistonga taqdim etildi


Oʻzbekiston Islom tsivilizatsiyasi markazi oʻz kitob xazinasini yana bir qimmatli asar bilan boyitdi. Markazga buyuk astronom va matematik Ali Qushchining oʻgʻli Qozi Abdurahmon qalamiga mansub "Ravnaq-ul boʻston" asarining faksimile nusxasi olib kelindi.

Oʻzbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi maʻʻlumotiga koʻra, asar Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez tomonidan taqdim etilgan. Asarning asl nusxasi Istanbuldagi mashhur Ayo Sofiya kutubxonasida saqlanmoqda.

"Ravnaq-ul boʻston" bogʻdorchilik va mevali daraxtlar parvarishiga bagʻishlangan boʻlib, unda mevalarni etishtirish, saqlash va nihollarni parvarishlashga oid qimmatli tavsiyalar berilgan. Asar zamonaviy agronomiya sohasida ham oʻziga xos oʻringa ega boʻlishi mumkin.

Ayni paytda asarni oʻzbek tiliga tarjima qilish ishlari oʻzbekistonlik olimlar tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu asarning yurtimiz bogʻdorchilik anʻʻanalarini rivojlantirishdagi ilmiy va amaliy ahamiyati yuqori boʻlishi kutilmoqda.

Mazkur asar Islom olamidagi ilmiy merosni oʻrganish va uni kelgusi avlodlarga etkazish borasidagi muhim qadam sifatida eʻʻtirof etilmoqda.