02.06.2025 16:30
56
“Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz”. Senator odil sudlov haqida gapirdi
Senator Abdurahim Erkaev Senat yalpi majlisida Oʻzbekiston odil sudlov borasida Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqada qolayotganini aytib oʻtdi. Unga koʻra, keyingi yillardagi sud-huquq tizimini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning natijasi koʻrinmayapti.
“Jahon odil sudlov loyihasining huquq ustuvorligi indeksi boʻyicha besh pogʻonaga pastlab, 83-oʻrinni egallab turibmiz. Besh pogʻonaga pastladik. Besh pogʻona koʻtarilganimizda boshqa gap edi. Endi huddi shu indeksning tarkibiga kiruvchi fuqarolik odil sudloviga erishish darajasining yuqoriligi subindikatorida mamlakatimiz oʻrni oʻtgan yilda 10 pogʻonaga pasaydi va 96-oʻrindan 106-oʻringa chiqdik. Afrikaning ayrim mamlakatlaridan ham orqadamiz", degan senator.
Bu holat nizolarni hal qilishda odil sudlovga erishish qiyinligi, sud tizimiga ishonchning susayib borayotgani, murojaatlarni koʻrib chiqishda adolat va xolislik printsiplari aholi tomonidan sezilmayotganidan dalolat beradi.
Abdurahim Erkaev mazkur indikatorlarni hisoblashda aholi oʻrtasida ham har xil soʻrovlar oʻtkazilishini taъkidlab, sud-huquq tizimining ayrim sohalariga odamlarning ishonchi pasayib borayotganini qoʻshimcha qilgan.