Transport vazirligi



Afgʻonistonda oʻzbek haydovchilaridan undiriladigan yigʻim va toʻlovlar jami taxminan 99 dollarga kamaytirildi. Bunda yuk avtomobilining Afgʻoniston hududiga kirishi va Amudaryo koʻprigidan oʻtish uchun yigʻim etib belgilandi.


Oʻzbekiston Afgʻoniston tomoni bilan olib borilgan muzokaralar natijasida oʻzbek haydovchilaridan mamlakat hududida undiriladigan yigʻim va toʻlovlar miqdorini kamaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Gazeta.uz Transport vazirligiga tayanib xabar bermoqda.

Unga koʻra, Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan yuk avtomobilining Afgʻoniston hududiga kirishi uchun yigʻim 28 sentyabrdan 3 ming afgʻoniga (taxminan 53 dollar) tushirildi. Bungacha bu 5 ming afgʻoni (76 dollar) edi.

Shuningdek, Amudaryo koʻprigidan oʻtish uchun avval 12 ming afgʻoni (taxminan 182 dollar) miqdorida undiriladigan yigʻim endilikda 7 ming afgʻoni (106 dollar) etib belgilandi.

Oʻzbek haydovchilaridan mamlakat hududida undiriladigan yigʻimlar jami 6,5 ming afgʻoni miqdorida (taxminan 99 dollar) kamaytirildi.

Bugungi kunda Transport vazirligi Transafgʻon mulʻtimodal transport yoʻlagi orqali yuk tashuvlariga qulay sharoitlar yaratish, undiriladigan yigʻimlar miqdorini optimallashtirish boʻyicha ishlarni davom ettirmoqda, deyiladi xabarda.

Mavzuga aloqador