13.02.2025 12:13
488
17 nafar vatandoshimiz noqonuniy diniy tashkilot tuzishda gumonlanib qoʻlga olindi
Toshkent shahrida 17 nafar vatandosh DXX va IIV xodimlari tomonidan goʻyoki noqonuniy diniy tashkilot tuzishda gumonlanib, qoʻlga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda qayd etilishicha, ular orasida 1976−2001 yillar oraligʻida tugʻilgan bojxona idoralarining 3 nafar xodimi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi, texnopark direktori oʻrinbosari, xususiy avtomaktab direktori oʻrinbosari, «Sergeli-avto» bozorida savdo bilan shugʻullanuvchi shaxslar va boshqalar boʻlgan.
Guruh aъzolari 1989 yilda tugʻilgan va hozirda Misrda boʻlgan shaxsdan hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasidan saboq olgani aytilmoqda.
Hozirda diniy saboq bergan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 216-moddasi (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlangan.
Ommaviy diniy taъlim cheklangan Oʻzbekistonda norasmiy diniy dars oʻtganlarning taqiqlangan tashkilot tuzishda ayblanayotgani achinarli holatdir. Shu bilan birga davlatning diniy siyosati kontseptsiyasi eъlon qilinishi fonida bu kabi "jinoyat"larning fosh etilishi qator savollarni yuzaga keltiradi.