15.01.2025 19:18
Xorijliklar «ulama kiprik»dan keyin «qoʻlbola aroq»ni kulgu qilishadimi?
Bugun nafaqat oʻzbek OAVlari balki xorij nashrlari ham Turkiyaning Istanbul shahrida qalbaki spirtli ichimliklar isteʻʻmoli oqibatida vafot etgan oʻzbeklar haqida yozishmoqda. Eʻʻtiborlisi, qoʻlbola aroqni ichib, abadiy hayot sari yoʻl olganlar orasida oʻzbek ayoli ham bor. Albatta bu bilan oila masʻʻuliyatini zimmasiga olishi kerak boʻlgan kuchli jins vakillari aroqxoʻrlikni kasb qilsa boʻlaveradi deyishdan yiroqmiz. Faqat ayni paytda koʻngilni qoraytirib, insonni aqldan ozdiradigan «yomonliklar onasi»ning jamiyatda tomir otayotganidan qaygʻuryapmiz.
Oʻtgan noyabrʻ oyida turkiyalik stendapchi ayol oʻzining chiqishlaridan birida «Ulama kiprik taqsam oʻzbek fohishalarga oʻxshayman», deb koʻpchilik millatdoshlarimizning gʻazabini qoʻzgʻatgan edi. Bunga javoban Turkiyada yashovchi oʻzbekistonliklar ijtimoiy tarmoqlarda keskin munosabat bildirib, Oʻzdendan uzr soʻrashni talab qilishdi. Ular bunday kamsituvchi iboralarni sanʻʻat va hazil nomi bilan oqlab boʻlmasligini taʻʻkidlashdi. Kichik bir shoudagi chiqishining ijtimoiy mediadagi katta bir aks sadolari ortidan Ummuxan Oʻzden ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yopib qoʻydi. Uni sudga tortilgani haqida ham xabarlar paydo boʻldi.
Albatta, butun millatni haqorat qilishni hech bir bahona bilan oqlab boʻlmaydi, biroq oʻsha xalqqa nisbatan xalqaro jamoatchilik orasida yomon tasavvur uygʻotayotganlarni, ularning bu ahvolga tushishiga sharoit yaratib berayotgan masʻʻullarni qanday oqlash mumkin!?
Holbuki yuqoridagi hazil paydo boʻlishidan avval nafaqat oʻzbek OAVlarida, balki xorijiy nashrlarda ham xorijda fohishalik bilan shugʻullanayotgan oʻnlab Oʻzbekiston fuqarolari qoʻlga olingani haqidagi xabarlar bolalagandi.
Endi-chi? Sal avvalroq Andijonda 5 kishi «Oʻzbekiston» konʻyagidan zaharlanib vafot etganidan xabar topgan boʻlsak, kuni kecha, 11 yanvarʻ kuni Samarqandda 10 kishi qoʻlbola aroq tufayli olamdan oʻtganini eshitdik. Bugun esa Istanbuldagi voqea...
Oʻzbekka nima boʻlyapti? Goʻyoki «zamonaviylik», «taraqqiyot» va boshqa jilokor soʻzlar bilan oʻzining asl qadriyatlaridan uzoqlashtirilayotgan xalq nega ajdodlarining muvaffaqiyatlaridan birini boʻlsa-da takrorlay olmayapti? Bunga kim aybdor?
Tarixga nazar tashlasak, turkistonliklar orasiga aroqxoʻrlikni yoyishga xizmat qilgan Sovet hukumati ham odamlar ongining oʻtmaslashishidan manfaatdor boʻlgan. Mustamlakachilar uchun musulmonlarning siyosiy isyonidan koʻra, mana shunday maʻʻnaviy isyoni xavfsiz hisoblangan.
Afsuski, bugungi kunda ham ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistondagi ovqatlanish joylari va doʻkonlarda spirtli ichimliklarning majburan sottirilayotgani haqidagi xabarlarga koʻzimiz tushib qolyapti. Bu ham qaysidir maʻʻnoda Sovet rejimining «anʻʻanasi» haligacha davom ettirilayotganidan nishona beradi.
Xoʻsh, bu bilan nimaga erishyapmiz? Ertaga spirtli ichimliklarga oshno tutingan oʻgʻil-qizlarimiz millat obroʻyini qay darajada koʻkka koʻtaradi? Yaqinda Nukusda roʻy bergan voqeani yodga olaylik. Xalqimizning osoyishtaligini taʻʻminlashi kerak boʻlgan mast askar, buning oʻrniga, oʻz uyida uxlab yotgan ayolga tegajogʻlik qilgan va yana besh kishini pichoqlagan. Bu koʻngilni xira qiluvchi hodisalar, aholi orasida spirtli ichimliklarning tarqatilishini cheklab, uning oʻrniga oʻzining asl qadriyatlarini oʻrgatish vaqti kelganidan darak bermayaptimi?
Eng qizigʻi, 21-asrda spirtli ichimliklarning zarari haqida nafaqat islom ulamolari, balki oddiy odamlar ham yaxshi bilishadi. Alkogolʻ insonning salomatligiga hamda ruhiy holatiga zarar etkazishi sir emas. Aroqxoʻrlik hattoki oilaviy munosabatlar, ijtimoiy barqarorlik va axloqning buzilishiga ham olib keladi.
Keling, fikrlarimizni dalillaylik: ichkilikbozlik keng yoyilgan Rossiyadagi besh mingga yaqin sud ishlarini oʻrgangan "Vyorstka" nashri 2024-yilning birinchi yarmida oʻz juftini oʻldirgan erkaklarning 84 foizi mast holatda boʻlganini aniqlagan. Bot-bot Markaziy Osiyo davlatlariga «katta ogʻalik»ni daʻʻvo qiladigan mamlakatning tajribasi ham bizga saboq boʻlishi kerak.
Alloh Taolo aytadi: "Aroq, qimor sababli shayton oʻrtalaringizga bugʻzu adovat solishni hamda sizlarni Allohni zikr qilishdan va namoz oʻqishdan toʻsishni istaydi, xolos! Endi toʻxtarsizlar!" ("Moida" surasi, 90–91).