28.07.2025 06:20
156

Xalqni "himoyachi"larning oʻzidan himoya qilish kerakmi?



Albatta, Prezident hokimlarni “mening vakillarim” deganda xalqni qonun doirasida boshqarish, huquqlarini himoya qilish, joylarda adolat oʻrnatish uchun ularni vakil qildi. Xalqni siqib, suvini ichish, ustiga bulьdozer haydash uchun emas.

***   

Bu xatti-harakatlar islohotlarga emas, ularga qarshi harakatlardir. Xalqning boshqa chorasi qolmasa, qonuniy yoʻl bilan hokimlarga bas kelolmasa, Yakkabogʻdagi holatlar yuzaga keladi. Bunaqa zoʻravonliklar oxiri ijtimoiy buhronlarga olib boradi. 

***  

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bir necha marta: “Hokimlar – mening joylardagi vakillarim. Ularni oʻzim himoya qilaman”, - degandi. Biroq, shu bilan birga, yodimizdaki, Shavkat Mirziyoev: “Tadbirkorlar – mening himoyamda”, “Shu xalqimiz bizdan adolat istaydi”, “U uzoq sabr qildi zoʻravonliklarga, unga rahmat aytishimiz kerak sabri uchun”, “Men xalqimiz tomonidaman, hokimiyat – xalqning xizmatkori”, deb ham koʻp bora aytdi.
  
Podshoh saroyidagi bazmlarning guli boʻlgan, imperator ehtirom qilgan Aleksandr Pushkin: “Imperator himoyasidan qonun himoyasi afzal”, - degandi. Chunki imperator bugun yaxshi koʻrishi, ertaga yoqtirmay qolishi mumkin. Mamlakatda qonun ishlashi kerak.   

***  

Shubhasiz, “shoqol”, “maraz” degani haqoratdir, “hezalak” deyish shaxsning erkaklik qobiliyatiga shubhadir, shaъniga isnoddir. Jinoyat kodeksining 139-moddasida koʻzda tutilgan, ozodlikdan mahrum etilishga sabab boʻladigan jinoyatdir. Buni koʻrib oʻsha majlisda oʻtirgan qonun nazorati yuklangan tashkilot rahbarlarining hech narsa yuz bermayotganday, jim oʻtirishi huquqiy davlatga mos ish emas. Bir yonda hokimiyat vakillarining istagan odamini “maraz”, “shakal” yo “xezalak” degan haqorati oqibatsiz qolayotgan bir paytda yana bir mansabdor - xalq taъlimi vaziri bor-yoʻgʻi “gazeta va kitob oʻqimagan” degani uchun etmish yoshli jurnalistni haqoratda ayblab sudga bergani va bu daъvoni sudlar jon deb qabul qilganini unutganimiz yoʻq.

Hokimlarning majlislarda osongina “qamataman”, “ol, mana buni olib borib tiqib qoʻy, koʻzi ochilsin” deyishi ham hayratlidir. Ey, birodarlar, bugun bularning barchasini dunyo koʻrib turibdi. Shu majlisda oʻtirgan prokuror yoki politsiya rahbari: “Uzr, sizda birovni qamatishga hukm qilish vakolati yoʻq”, deb ayta olmaydimi?!

***  

“Hokim”, “hokimiyat”, “hukumat” soʻzlarining oʻzagi “hukm” soʻzidandir, hukm esa – qonundir. Hokimiyat qonunni joriy etish uchun, qonuniy boshqarish uchun taъsis etilgandir, prokuratura qonun ijrosini nazorat qilish uchun faoliyat yuritishi belgilangan, ichki ishlar idoralari qonubuzarlarga qarshi turishi kerak. Yaъni bularning barchasi aslan va mohiyatan xalqning huquq va erkinliklarni himoya qilish, roʻyobga chiqarish uchungina voqedir. 

Hokim qoʻl ostidagilarni “maraz”, “xezalak” deb haqoratlasa, prokuror qonunga koʻra emas, hokim “olib borib, tiqib qoʻy” deganni qamasa, militsiya boshligʻi fermerlarni ichkarisi etmish-sakson gradus qaynab turgan, konditsionersiz avtobusga uch soatlab qamasa, savol tugʻiladi xalqni “himoyachilar”ning oʻzidan himoya qilish zarurati yuzaga kelmadimi?!

Karim Bahriev

Mavzuga aloqador