23.06.2025 17:30
145
Turkiya demografik inqiroz yoqasida(mi?)
Turkiya hukumati xavotirda: mamlakatda tugʻilishlar soni tobora kamayib bormoqda. Rasmiy maъlumotlarga qaraganda, 2001 yilda yalpi tugʻilish koeffitsienti 2,38 edi, 2024 yilga kelib esa bu koʻrsatkich 1,48 ga tushib qoldi. Yaъni bir ayol reproduktiv davrida tuqqan bolalar soni ikki nafarga ham etmayapti. Maъlumki, tugʻilishning kamayishi bir qator demografik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni keltirib chiqaradi. Masalan, ish kuchi qisqaradi, keksalar sonining ortishi ijtimoiy taъminot tizimiga yuklamani oshiradi.
Hozir Turkiya aholisi 86 million atrofida. Mutaxassislarning prognoz qilishicha, 2050 yilgacha aholi soni 93-94 millionga etadi. Undan keyin esa kamayish boshlanadi va 2100 yilda Turkiya aholisi 77 millionga tushib qoladi. Tugʻilishning kamayishi aholining qarib borishi degani hamdir: Turkiya statistika idorasining taxminicha, 2100 yilda aholining oʻrtacha yoshi 52,2 boʻladi.
Mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon anchadan beri har bir oiladan kamida uch nafar farzandli boʻlishni soʻrab keladi. Statistika esa davlat rahbarining iltimosi inobatga olinmayotganini koʻrsatmoqda. Hukumat shoshilinch choralar koʻrishga kirishdi: 2025 yil Oila yili deb eъlon qilindi, yosh bolali onalarga hamda turmush qurayotgan yoshlarga moddiy yordam koʻrsatish boshlandi va hokazo.
Xoʻsh, Turkiyada tugʻilish nega kamayib ketyapti? Bu savolga javob topish uchun bir qator ijtimoiy-iqtisodiy holatlarni tahlil qilish zarur.
Urbanizatsiya aholi soni kamayishiga olib keladimi?
1950 yilda Turkiya aholisining qariyb 25 foizi shaharlarda yashar edi. XX asrning ikkinchi davrida qishloq aholisining shaharlarga koʻchishi va urbanizatsiya (shaharlashish) jarayoni kuchaydi. Hozirga kelib mamlakat aholisining 67,2 foizi zich shaharlarda yashaydi, bu shaharlar esa mamlakat hududining atigi 1,6 foizini egallaydi.
XX asr boshlarida amerikalik demograf Uorren Tompson demografik oʻtish bosqichlari haqida gapirib, oxirgi – zamonaviy bosqichda industrializatsiya, urbaniyazatsiya, taъlim sifatining yaxshilanishi va yana boshqa bir qator omillar natijasida tugʻilish ham, oʻlim ham kamayishini, yaъni aholi sonining qisqarishini aytgan edi.
Shaharlashish koʻp qavatli uylar sonining koʻpayishi va ayni paytda odamlar uchun yashash maydonining kamayishi degani. Turkiyada ham shunday boʻldi: kichkina xonadonlarda yashaydigan oilalar soni ortib, anъnaviy oila struktruasi oʻzgardi va nuklear, yaъni ota-ona va oz sonli farzandlardan iborat kichik oilalar soni koʻpaydi.
Shaharda yashash koʻproq xarajatni talab qiladi: uy-joy, bola parvarishi, taъlim, sogʻliqni saqlash va hokazolar uchun koʻproq pul sarflanadi. Oqibatda oilalar farzandlar sonini rejalashtirishga oʻtadi. Statistika ham bu fikrni tasdiqlaydi: 2009 yilda Turkiyada har oila oʻrtacha 4 kishidan iborat boʻlgan, 2024 yilda esa 3,1 nafardan iborat boʻldi. Mamlakatning 81 viloyatidan 39 tasida bir oiladagi kishilar soni 3 nafarga ham etmaydi.
Oʻqimishli ayollar kamroq tugʻadimi?
Ha, Turkiyadagi statistik maъlumotlar ayollarning taъlim-oʻqimishlilik darajasi ortgani sayin ular kamroq tugʻishini koʻrsatmoqda. Masalan, 2024 yilda oliy taъlim olmagan har onaga oʻrtacha 2,65 nafar farzand toʻgʻri kelgan boʻlsa, oliy taъlim olgan onalarda bu koʻrsatkich 1,22 ni tashkil etdi.
Taъlim, ish kabi omillar tugʻish yoshining kechikishiga ham olib keladi. 2001 yilda turkiyalik ayollar ilk farzandini 20-24 yoshda dunyoga keltirar edi, 2024 yilga kelib esa bu koʻrsatkich 25-29 yoshni tashkil etdi.
Universitetni bitirib, qoʻliga diplomini olgan qiz-ayollarning ishlagisi keladi albatta. Umuman olganda, ishlamoqchi boʻlgan ayollar orasida kimdir oilasiga yordam berishni xohlaydi, kimdir esa moliviy-moddiy jihatdan mustaqil boʻlishni (“Erimning qoʻliga qarab qolmay” deb) oʻylaydi. Soʻnggi maъlumotlarga qaraganda, turkiyalik ayollarning 32,6 foizi ishlaydi. Hukumat bu koʻrsatkichdan qoniqmayotgan koʻrinadi, chunki ishlaydigan ayollar ulushini 2028 yilgacha 36,2 foizga etkazmoqchi.
Ayol bechora ishlasinmi yoki tugʻsinmi?..
Istanbul universiteti professori, sotsiolog Murat Shenturkning fikricha, taъlim olish va bandlik qanchalik qoʻllab-quvvatlansa, bola parvarishlashga qaratilgan yordamlar ham shunchalik koʻpaytirilishi zarur. Ana shundagina oilalar bittadan koʻp farzand koʻrish haqida oʻylay boshlaydi.
Oʻz aravangni oʻzing tort
Masalaga ijtimoiy-madaniy jihatdan ham qarash foydadan xoli boʻlmaydi.
Turkiyada, ayniqsa, shaharlarida yoshlar turmush qurganidan keyin alohida yashay boshlaydi.
Oila qurishda asosiy ogʻirlik koʻproq kuyov tomonga tushadi: uy topishi, ichini toʻldirishi, kelinga tilla yoki tilla taqinchoqlar berishi kerak. Kelin tomon “Ijara uy emas, oʻzingizning uyingiz boʻlsin”, desa, ish yanada qiyin.
Shuning uchun ham yigitlar avval ishlab, iqtisodiy jihatdan oʻzlarini tiklab olishni, uylanganidan keyin oʻz aravasini oʻzi tortishiga toʻgʻri kelishini oʻylaydi. Oyoqqa turib olish esa vaqt talab qiladi, qarabsizki, yigitning yoshi oʻttizga yaqinlashib qoladi, hatto undan oʻtib ham ketadi.
Muhammad Sharif