Srebrenitsa genotsidi: sukut ortidagi qirgʻin
1990 yillar
boshlarida Yugoslaviya parchalanib, Bosniya va Gertsegovina mustaqillikka erishdi.
Ayni paytda hududda musulmon bosniyaliklar, pravoslav serblar va xorvatlar
oʻrtasida etnik ziddiyat kuchaydi. Serb millatchilari “Buyuk Serbiya” gʻoyasi asosida
Bosniya hududlarini etnik tozalash uchun 1992–1995 yillarda keng koʻlamli
harakatlar boshladi, natijada minglab insonlar halok boʻldi va millionlab odam oʻz
yurtidan quvildi.
1993 yil
mart oyida BMT Srebrenitsani himoyasidagi “xavfsiz hudud” deb eъlon qildi. Sharqiy
Bosniyada joylashgan bu kichik shaharchaning asl aholisi taxminan 25 000 kishini
tashkil etgan edi. Ammo atrofdagi Zvornik, Bratunats, Vlasenitsa va Focha kabi
hududlardan siqib chiqarilgan va serb kuchlari tomonidan taъqibga olingan 40 000
dan ortiq musulmon qochqin Srebrenitsaga himoya izlab keldi. Ular BMT bayrogʻini koʻtarib xavfsizlikdan umid qilishgan edi.
1995 yil iyulda Ratko Mladich boshchiligidagi serb armiyasi Srebrenitsani bosib oldi. Ularning aniq maqsadi — Podrinьe
musulmonlari yashagan markaziy hududlarni geografik jihatdan tarqatish, ular
yashaydigan makonni “musulmonlarsiz zona”ga aylantirish edi. Bu esa “Buyuk Serbiya”
strategiyasining muhim bosqichi boʻlgan.
Bosniyalik
erkaklar va 12 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil bolalar ajratib olinib, ommaviy ravishda qatl
etildi: taxminan 8 372 kishi otib oʻldirildi, ularning jasadlari ommaviy
qabrlarga dafn qilindi va keyinchalik izlarni yashirish uchun koʻchirildi. Ayollar,
qizlar va qariyalar esa avtobuslarga majburan joylanib, boshqa hududlarga surgun
qilindi.
Mladich oʻsha kunlarda kameralar oldida ochiqchasiga:
“Bu er endi serblarniki. Biz musulmonlardan qasos olamiz”, deb jar soldi.
Oʻsha vaqtdagi Serbiya prezidenti (Balkanning qora rahnamosi)
Slobodan Miloshevich “Buyuk Serbiya” gʻoyasini qon va koʻz yosh ustida qurmoqchi boʻlgan
siyosatchi edi. Uning ilhomlantirgan soʻzlari Ratko Mladich va Radovan Karadjichning
qonxoʻr mashinasini
harakatga keltirdi. Srebrenitsada musulmonlar oʻldirilayotgan bir paytda, Miloshevich Belgraddagi
prezident qarorgohida Gʻarbning sukutidan
rohatlanayotgan edi. Ammo adolat uni kech boʻlsa-da quvib etdi. 2001 yilda xalqaro
bosim sabab hibsga
olingan Miloshevich insoniyat tarixidagi eng katta sudlardan biriga olib ketildi.
2006 yilning 11 martida u Gagadagi qamoqxona kamerasida oʻlik holda topildi.
BMT bu voqeaga qanday qaradi?
Dutchbat
batalьoni qoʻmondoni Tom Karremans bir necha marta NATOdan havodan zarba berishni
soʻradi, lekin bu murojaatlar kamida olti marta rad etildi. Keyinroq NATO
samolyotlari faqat bitta tankni yoʻq qilgan, ammo qirgʻinni toʻxtatmagan.
Niderlandiya Urush Hujjatlari Instituti (NIOD) 2002 yilda tayyorlagan 3 400 sahifalik hisobotida BMTning
yuqori boshqaruvini va Dutchbat'ni
“jinoiy beparvolikda” aybladi.
Karremans keyinchalik har bir imkoniyat rad etilganini,
samolyotlar kechikkanini tan oldi. Bu harakatlar BMTni beparvolikda emas, balki
siyosiy bitimlar ostida sukut qilganini koʻrsatadi.
Koʻplab tahlilchilar BMTning bu ishi ortida Frantsiya, Buyuk
Britaniya kabi davlatlarning Serbiyaga diplomatik bosim oʻtkazmasligining
qandaydir siyosiy sabablari boʻlganini aytadi.
Bu fojianing global izlari faqat shu bilan cheklanmagan.
Rossiya serb kuchlarini harbiy va siyosiy jihatdan qoʻllab-quvvatlagan. Koʻplab
guvohlar Chechen urushida qatnashgan rossiyalik sobiq askarlarning hujumga
aloqadorligini aytadi.
Gretsiyada tashkil etilgan “Greek Volunteer Guard” harbiy boʻlinmasi (taxminan 100
kishi) bu hujumda ishtirok etganligi aniqlangan. Mladich rossiyalik va yunon
koʻngillilariga tahsin aytganini tilga oldi va shaharda Gretsiya bayrogʻining
koʻtarilganini videoda koʻrsatdi. Yunon deputati Andreas Andrianopulos tergov
boshlashni tavsiya qilgan, ammo Gretsiya siyosiy bosimlar ostida bu ishni davom
ettirmagan.
Maъlumotlarga koʻra, bu guruh “Golden Dawn” millatchi tashkiloti
bilan bogʻliq boʻlgan, qiziq tomoni — Gretsiya pravoslav cherkovi ham bu qoʻshinlarni
maъnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlagan.
Srebrenitsa fojiasi nafaqat serb millatchilarining yovuzligi,
balki xalqaro tizimning sukuti ham siyosiy bitimlar natijasi ekaniga misoldir.
Musulmonlar uchun yagona markaziy hudud butunlay yoʻq qilindi va bunda qurol emas,
balki BMTning sukuti bosh rollarni oʻynadi.
Bugun, oradan oʻttiz yil oʻtgach, Srebrenitsa qirgʻini insoniyat
vijdonidagi qora dogʻ sifatida hanuz “yaltirab” turibdi. Ammo shuncha yillar oʻtib,
biz haqiqatdan ham oʻzimizni oʻzgartirdikmi? Yoʻq. Gʻazoda yana bir genotsid
kechmoqda. Netanьyaxu boshchiligidagi bosqinchi Isroil hukumati falastinliklarni oʻz
tuprogʻidan yulib tashlashga urinmoqda. Oʻsha bolalar, oʻsha ayollar, oʻsha qariyalar...
Srebrenitsadagi kabi yana bir marta dunyo sukutga choʻmdi. Yana bir marta BMT
qarorlar chiqarmoqda, rezolyutsiyalar yozmoqda, ammo bir dona oʻq otmaydi, qoʻl
choʻzmaydi.
Ey insoniyat! Yana qancha fojialar kerak uygʻonishing uchun? Qancha
bola jasadi kerak, vijdoning titrashi uchun? Nechanchi ommaviy qabr ochilganda sen
oʻzingga savol berasan: “Men qaerda edim?” deb. Srebrenitsa seni sinab koʻrdi, sen
yiqilding. Gʻazo yana sinab turibdi, sen yana yiqilyapsan. Har bir sukuting yana bir oʻq, yana bir
qabr.