Somali va Somalilend inqirozi: mojaroning ildizi qaerda?
Somali va Somalilend inqirozi: mojaroning ildizi qaerda?
Somali va Somalilend bilan bogʻliq vaziyat bir necha yillardan beri oʻzgarmay qolmoqda: mintaqa mojarolar, iqlim oʻzgarishi oqibatlari, kuchli qurgʻoqchilik, ochlik va aholi koʻchishi tufayli juda jiddiy gumanitar inqirozni boshdan kechirmoqda. Bu yil qoʻshimcha tashvish uygʻotadigan holat shuki, insonparvarlik yordami uchun mablagʻ tanqisligi yanada kuchaygan – hozirda zarur mablagʻning atigi 12 foizi mavjud.
Vaziyat jiddiy boʻlishiga qaramay, mintaqa (Somali va Somalilend bilan birga Efiopiya, Eritreya va Jibuti ham Afrika Shoxiga kiradi) yangiliklari sarlavhalarida siyosiy voqealar, jumladan, yirik davlatlarning mintaqada mustahkam oʻrin egallash uchun oʻzaro raqobati tobora koʻproq oʻrin egallayapti.
Bu hududda foydali qazilmalar, neft va gaz, baliqchilik va boshqa resurslar juda koʻp. Biroq uning strategik joylashuvi xalqaro kuchlarni yanada koʻproq oʻziga rom qilmoqda. Jahon savdosi, ayniqsa neft savdosi uchun muhim boʻlgan dengiz yoʻllari nuqtai nazaridan qaralganda, Somali va Somalilend Qizil dengiz va Adan koʻrfaziga juda yaqin joylashgan. Bunga qoʻshimcha ravishda, Qizil dengizning narigi tomonidan husiylarning Falastin ishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida ayrim kemalarga hujum qilishi vaziyatni yanada murakkablashtirdi. Bunday sharoitda AQShning Afrika Shoxi mintaqasida harbiy va iqtisodiy baza qurish istagi kuchaydi. Xuddi shu sabablar Isroilni ham jalb etishi mumkin. AQShning qoʻshni kichik davlat Jibutida (ilgari Frantsuz Somalisi deb atalgan) allaqachon katta va muhim harbiy bazasi mavjud, ammo qoʻshimcha bazalar ham maqbul koʻrinadi. Harbiy baza qurish istagi asosiy raqib davlatning (Xitoyning Jibutida allaqachon bazasi bor) bu hududga kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik istagi bilan uygʻunlashgan.
Siyosiy vaziyatni yanada qizdiruvchi omil – AQSh va Isroilning Gʻazodan sezilarli miqdordagi odamlarni Somalilend (va ehtimol Somali)ga joʻnatish imkoniyatini koʻrib chiqayotgani haqidagi tez-tez tarqalayotgan xabarlardir. Bu xabarlar Somalilendning yuqori martabali vazirini javob berishga undadi, ammo keyinchalik bu bayonot qaytarib olindi.
Bu erda toʻplanib qolgan yana bir ziddiyat hozircha, aftidan, hal etilgan. Eritreya ajralib chiqqandan soʻng dengizga chiqish imkoniyatini yoʻqotgan Efiopiya Somalilenddan port uchun er ijaraga olishni xohladi va bu uning Somali bilan munosabatlarini yomonlashtirdi. Biroq taxminan olti oy oldin Turkiya Efiopiya va Somali oʻrtasidagi kelishuvga vositachilik qildi, natijada bu nizo hozircha bartaraf etildi.
Biroq bu va boshqa omillar kelajakda qanday rivojlanishi mumkinligini tushunish uchun ushbu mintaqa haqida koʻproq maъlumot kerak boʻladi.
Italiya Somalisi va Britaniya Somalisi 1960 yilda mustamlaka hukmronligidan ozod boʻldi. Britaniya Somalisi Birlashgan Qirollikning protektorati edi, ammo mustaqillikka erishgach, u kuchliroq, ozod mamlakat boʻlish uchun oʻzidan kattaroq boʻlgan Italiya Somalisiga qoʻshilishni maъqul koʻrdi.
Afsuski, dastlabki umidlar tezda soʻndi va fuqarolar urushi sharoitlari bir muddat davom etgach, taxminan sobiq Britaniya protektorati hududi 1991 yilda Somalilend sifatida oʻzining alohida mavqeini eъlon qilish uchun ajralib chiqdi. Biroq Somalilend na BMT, na biror yirik davlat yoki aksariyat mamlakatlar tomonidan tan olindi. U bunday tan olinishga juda muhtoj. Efiopiya bilan qirgʻoq hududini ijaraga olish boʻyicha muhokama qilinayotgan kelishuv yakuniga etkazilganda, mintaqadagi etakchi davlat hisoblangan va ilgari Somaliga dushmanlik munosabatida boʻlgan Efiopiyaning eъtirofiga sazovor boʻlardi. Biroq bu kelishuv hozircha barbod boʻlgan koʻrinadi. Shu sababli Somalilendning AQSh (yoki Britaniya) kabi yirik davlatning eъtirofiga erishish uchun har qanday yoʻldan borishga tayyor ekanligini taxmin qilish mumkin.
2025 yil aprelь oyida Somalilend yana bir katta zarba oldi. Ilgari SSC Xatumo mintaqasi Somalilenddan deyarli ajralib chiqqan edi va uning qayta qoʻshilishiga boʻlgan barcha umidlar aprelь oyining oʻrtalarida bu mintaqa oʻzining eng yangi federal shtati yoki viloyati sifatida Somaliga qayta qoʻshilganda barbod boʻldi. Bu Somalilend Respublikasi aholisini deyarli yarmiga kamaytirib, uni atigi 3 millionga tushirgan, Somali aholisini esa 20 milliongacha koʻtargan boʻlishi mumkin.
Tobora ortib borayotgan qiyinchiliklar ichida ham Somalilend BAA va uning korporatsiyalari koʻrinishidagi juda uddaburon tarafdorga ega. Ular bu hududning resurslari va strategik joylashuvidan manfaatdor boʻlib, Somalilendga iqtisodiy va harbiy yordam koʻrsatmoqda.
Boshqa tomondan, Somali resurslar va strategik aktivlarga qiziqayotgan Turkiyaning kuchli qoʻllab-quvvatlashiga ega. Turkiya Somali Federativ Respublikasiga iqtisodiy va harbiy yordam beradi hamda portlar va boshqa aktivlar ustidan sezilarli nazoratni qoʻlga kiritadi.
Yuqorida taъkidlanganidek, AQSh Somalilenddagi baъzi portlar va havo bazalariga qiziqish bildirmoqda. Agar tobora qiyinlashayotgan vaziyatdagi Somalilend AQSh bilan bu borada, shuningdek quvgʻin qilingan falastinliklarni qabul qilish kabi keng qamrovli masalalarda kelishuvga erishsa, bu Somalilend uchun oʻyinni butunlay oʻzgartirishi mumkin.
Boshqa tarafdan, Somali tan olinish darajasi past boʻlgan Somalilendning havo bazalari va portlarni ijaraga berish uchun qonuniy huquqi yoʻqligini, bu huquq faqat Somali Federativ Respublikasi hukumatiga tegishli ekanligini taъkidladi. Somali, shuningdek, AQShga Somalilend hukumati vaъda qilgan har qanday havo bazasi yoki portni oʻzi ham ijaraga berishga tayyorligini, biroq AQSh bu ishni faqat koʻpchilik davlatlar tomonidan tan olingan va BMTda oʻrin egallagan Somalining qonuniy hokimiyati bilan amalga oshirishi lozimligini aytdi.
Bu oʻzgarishlarning pirovard natijasi shundaki, mintaqadagi barcha mojarolarni hal qilish juda muhim boʻlsa-da, katta kuchlarning kurashga aralashuvi vaziyatni yomonlashtirishi mumkin. Albatta, Rossiya ham mintaqaga qiziqish bildirmoqda va yaqinda Somaliga yuqori darajadagi rossiyalik mehmonlar tashrif buyurdi.
Biroq mintaqadagi eng shiddatli mojaro 2006 yilgi Efiopiya bosqinidan keyin paydo boʻlgan "Ash-Shabob" terror yoki isyonchi guruhining hokimiyat bilan toʻqnashuvlariga borib taqaladi. Bu guruh bosqin natijasida xalqning azob-uqubatlari ortidan tugʻilgan edi. Natijada Afrika Ittifoqi gʻarbning moliyaviy yordami bilan tinchlikparvar kuchlarni toʻpladi. Bundan tashqari, Somali federal hukumati Puntlend va Jubalend kabi muhim hududlardan chekinmoqda, bu erlarda muxtor kuchlar paydo boʻlmoqda. Somalilend maъmuriyati ham yana baъzi hududlarda qarshilikka duchor boʻlmoqda.
Muhammad Dovud