Radikalizatsiya... deradikalizatsiya – mo’tadil odam nega radikallashadi?
Insonga nima kerak? Garchi uning xotirjamligini moddiy ashyolar bilan bogʻlashsa-da, aslida insonga avvalo ichki uygʻunlik, yaʻʻni tashqi hayotining ichki dunyosiga mos kelishi, fitratida mavjud maʻʻnaviy sezgilariga koʻzi ilgʻab turgan dunyo zid kelmasligi kerak. Sodda qilib aytganda, insonning ichiga adolat hissi joylangan, oʻsha hissi qonsagina kishi oʻzini yaxshi his qiladi, atrof bilan ziddiyaga kirishmaydi. Muammolar esa oʻsha his qonmasligi sabab boshlanadi.
Fiziologik yoxud maʻʻnaviy patologiya bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday holatning “formulasi” – shu.
Birlamchi fitriy adolat ehtiyoji qonmaganda insonning ichida avvalida “nimadir notoʻgʻri” degan tuygʻu paydo boʻladi. Keyin bu tuygʻu ichki analiz vositasida oʻsha “notoʻgʻriliklar”ni topishga undaydi va borib-borib adolatga monelik qilayotgan “vositalar”ni izlab topishga olib keladi.
Keyingi bosqich – bevosita reaktsiya. Shu reaktsiyaning salbiy koʻrinishini biz “radikalizm” deymiz. Zotan ijobiy maʻʻnodagi radikallik ham bor – inson yoxud millat salbiy holatdan chiqib ketish uchun baʻʻzida qatʻʻiy harakatlar qilishi kerak. Radikal, ammo maʻʻnaviy qoidalar doirasidan chiqmaydigan harakatlar – ijobiy radikallik. Ammo biz hozir salbiysi – ekstremizmga olib boruvchisining kelib chiqishi haqida gaplashyapmiz.
Kun.uz`da chiqqan maqolamda radikalizm va undan keyin ekstremizm yuzaga kelishi omillari haqida fikr yuritgan edim, maʻʻlum bir yaxshi qadriyatlar uchun kurashaman deb, kishi oʻzi “bilmasdan” oʻsha qadriyatlarning kushandasi boʻlib qolishi mumkinligi, bu yoʻlda davom etgan odam keyingi bosqichlarda odamlar va guruhlarni degumanizatsiya qilishi – insonni inson sifatida qabul qilmay qoʻyishgacha borib etishi haqida fikr yuritgandim. Buning asosiy omili sifatida esa yaxshi gʻoyaning himoyasida turaman deb, maʻʻnaviy ustunlarni unutib qoʻyishni tilga olgandim. Yaʻʻni, yaxshi gʻoyaning oʻsha – yaxshiligini taʻʻminlaydigan asosiy jihatini unutib qoʻyish oqibatida kishi aksincha oʻsha gʻoyaning kushandasiga aylanishi haqida fikr yuritilgandi.
Kim aybdor?
Bir insonning radikallashib, ekstremistga aylanishida kim aybdor boʻladi, degan savolga javob – murakkab. Islom taʻʻlimotiga muvofiq, hayot – sinov. Shu bois birinchi aybdor – insonning oʻzi: qalbiga quloq tutmay, nafsiga quloq tutib, nojoiz tasarruf qilgani uchun. Ammo bu alohida mavzu.
Insonning salbiy radikallashuviga sabab boʻladigan, uni qiyin ahvolga solib qoʻyadigan, hayotini buzadigan tashqi omillar bor. Ijtimoiy tarmoqlardagi 10 yillik “tajribam” davomida bir qanchasini koʻrdim: “din himoyasida” dinga mutlaqo zid boʻlgan tasarruflar, “Vatan uchun” harakatlarning Vatanga zararli boʻlishi holatlari, “millat qaygʻusida” millatga zarar keltiruvchi ishlar qilinishi yoxud “gibrid” holatlar – til, millat, Vatanni himoya qilaman deb, haddan oshib, kishi oʻz diniga mos boʻlmagan tasarruflar qilishi va hokazo holatlar – hammasiga guvoh boʻldim.
Har bir bunday holat – oʻsha amalning egasi uchun zarar. Insonlarni bunday zararga etaklovchilarni ham koʻrdim: tarix vositasida yoshlarni mutaassiblikka etaklovchi “tarixchi”larni ham koʻrdim (holbuki tarix kelajakni, kecha bugunni yaxshi qilishi kerak, aksinchamas), goʻzal xulqlarni kamolotga etkazish uchun erga tushgan taʻʻlimotni goʻyo targʻib qilish daʻʻvosida mutlaqo badxulqlikni – oʻziga xos xulqiy ekstremizmni minglagan odamlarga singdirganlarni koʻrdim.
Biroq radikallikni hammadan koʻp urchitadigan kuch, bu – notoʻgʻri davlat siyosati.
Stalin “qoldiqlari”
Dahriy tuzumga dindorlar kerak emas edi va tuzum masalani qatʻʻiylik bilan hal qildi – dindan faqat biroz asar qoldirib, oʻzlari rozi boʻlgan holga keltirishdi. Mazkur “muvaffaqiyat”ni taʻʻminlovchi bir necha omil bor edi.
Kommunistik tuzumning muayyan gʻoyasi bor edi – “sovet odami”ni yaratish. Maʻʻlum xarakteristikalarga ega boʻlgan mazkur obraz-odam garchi inson fitratiga xuruj qilgan boʻlsa-da, zamirida maʻʻlum mazmuni bor edi (tenglik, birdamlik va boshqa shiorlar) va shu omil sovet tuzumining maʻʻlum vaqt yashab turishini taʻʻminladi – busiz tuzum kuchga ega boʻlolmasdi. Aynan shu kuch dinni chekkaga surib qoʻyish uchun etarlicha potentsial edi.
Sovet tuzumi oʻz chegaralarini yopiq holatda ushlab turish qudratiga ega edi va bu ham din bilan samarali kurashish imkonini bergandi – yopiq xonada sendan kuchsiz raqibingni istagan koʻyga solishing mumkin, unga biron qaerdan na moddiy va na maʻʻnaviy yordam keladi.
Umumiy qilib aytadigan boʻlsak, sovet tuzumining moddiy va aytish mumkinki, erzats maʻʻnaviyat boʻlsa-da, maʻʻnaviy qudrati etarlicha katta edi dinni oʻzi istagan holatda ushlab turishga.
Biroq SSSR barham topgandan keyin butkul boshqacha voqelik yuzaga keldi. Yangi voqelikda yuzaga kelgan davlatlarda na gʻoya bor edi, na chegaralarni yopib qoʻyish imkoniyati.
Tabiiyki, masalan, Oʻzbekistonga din shiddat ila qaytdi (xalqning maʻʻnaviy kodida turgan ekan hammasi...) va davlat ustiga kelganlar mazkur jihat bilan “nimadir qilishi” kerak boʻldi. Nima boʻlganini bilamiz – ilmdan koʻra ilmsiz diniy shiddat ila siyosatchining shaxsiy ambitsiyalari toʻqnashdi va holat dindorlarni tiyib turish rejimiga evrildi. Chunki dinni butkul yoʻqotib yuborish imkoniyati yoʻq edi.
Bunaqa “tiyib turish” siyosatining esa koʻplab yon taʻʻsirlari bor: xalqingizning maʻʻnaviy kodiga singib ketgan, xalqingiz talpinib turgan narsadan uni toʻsishga urinishingiz albatta zehniyatingizga taʻʻsir qiladi va cheklangan moddiy imkoniyatlaringiz fonida sizni koʻplab siyosiy va iqtisodiy xatolar qilishga olib boradi.
Boshqacha qilib aytganda, Karimov davrining salbiy iqtisodiy-ijtimoiy asoratlari bu xossatan uning iqtisodiy uquvsizligidan emas, balki din bilan kurashish asnosida unda yuzaga kelgan zehniyat mevasi, Stalin qoldiqlari asorati.
Yangi hokimiyat davri
Endi mavzumizning eng muhim joyiga keldik – joriy voqelikka. Yangi hokimiyat mamlakatning iqtisodiy-ijtimoiy holatini yaxshilashga urinyapti, koʻp holatlarda toʻgʻri qarorlarni ilmga suyanib emas, “paypaslab” topishga urinyapti. Joriy holatga nisbatan siyosiy, iqtisodiy yondashuvlarda eskicha tushunchalar nechogʻlik zarar keltirayotganini mutaxassislar aytib turibdi. Biroq yana bir sohada eskilik – kechagi kun merosi halal bermovda – din va dindorlarga munosabat.
Hali aytganimizdek, sovet tuzumi oʻz potentsialidan kelib chiqib oʻz siyosatini yuritgandi. Va maqsadiga ham etgandi.
Karimov esa cheklangan imkoniyatlar va ochiq chegaralar fonida mutlaqo nopragmatik yoʻlga – “radikallikni tiyib turishga” kuchini sarfladi va natija aksincha boʻldi – radikal kayfiyat kuchaydi. Va bu ham etmaganidek, mazkur tasarruf Karimovning barcha sohalarga nisbatan munosabati toʻnini bichib berdi. Alal-oqibat Karimovdan iqtisodiy xarob mamlakat qoldi.
Yangi hokimiyat bu kabi oʻta nopragmatik – radikal kayfiyatni koʻpchitish yoʻlidan voz kechib, pragmatik yoʻlga – sogʻlom dindorlarni oʻziga yaqin tutib, hamkorlik yoʻlini tanlasa, oʻziga oson qilardi. Men bu erda bejiz “pragmatizm” soʻzini qayta-qayta ishlatmadim, zero gap aynan pragmatik tasarruf haqida ketyapti.
Xullas, ommani radikallashtirib, keyin deradikalizatsiyaga kuchni sarflamasdan, radikalizatsiyaga yoʻl qoʻymaslik yoʻli tanlansa, ayni muddao boʻladi. Sovet tuzumi qudratiga ega boʻlmasdan uning yoʻlini qoʻllash – suitsidga oʻxshash holat.
Muhammad Shakur