23.07.2025 16:34
337
Paradoks: bilim sochilgan zamondagi maъnaviy qashshoqlar
Hech qachon odamzot bugungidek maъlumotga boy boʻlmagan. Har soniyada YouTube'ga 500 soatlik yangi videolar yuklanadi, har kuni internetda 7 milliondan ortiq posti yoziladi. Har birimizda choʻntagimizdagi telefon orqali ilm olish imkoni bor. Ajablanarlisi shundaki, bugungi avlod maъnan qashshoqlikda ham ajdodlaridan oʻtib ketyapti. Bu paradoks – boysan lekin ochsan, oliy maъlumotlisan lekin johilsan, informatsiya koʻp lekin yoʻlingni topolmay adashib qolgansan, deganidek.
Insonning moddiy boylikka boʻlgan hirsi bilan maъnaviy boylikka boʻlgan ehtiyoji oʻrtasida oʻxshashlik bor. Koʻpchilik hayotidagi notinchlik va beqarorlikni koʻproq pul topish bilan bartaraf qilmoqchi boʻladi. “Yana biroz koʻproq ishlab topaman, shunda xotirjam yashayman”, deydi. Puli koʻpaygani sari xohishlari ham ortib boraveradi.
Aynan shunday hodisa bugun maъnaviy hayotimizda ham kuzatilmoqda. Inson ilmga, motivatsiyaga, maslahat va yoʻl-yoʻriqlarga chanqoq. U har kuni yangi kitoblar, maqolalarni oʻqiydi, videolarni tomosha qiladi. Lekin baribir toʻymaydi. Nega?
Sababi u asl maъlumotlar asosida fikr yuritmaydi va bilganlariga amal qilmaydi.
Islom bu holatni allaqachon aniq taъriflab bergan. Qurъoni Karimda shunday deyilgan: “Ular bilganlariga amal qilmaganlar kabimi? Ularning misoli kitob yuklangan eshak kabidir...” (Jumъa surasi, 5-oyat).
Bu ilohiy kalom har bir davrga mos keladi. Axborot yukini orqalab yurgan, lekin undan foyda olmagan inson ham eshak kabi ustiga ogʻir yuk ortilgan hayvon boʻlib qoladi.
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham bu haqda shunday deganlar: “Odamlarning eng yomoni, Allohning huzurida ilmi boʻlsa-da, amal qilmagan kishidir.” (Ibn Moja). Yaъni bilim faqatgina uni oʻrganish uchun emas, balki uni hayotga tadbiq etish uchun beriladi. Amal qilinmagan bilim insonning zimmasiga yuk boʻlib tushadi va oxiratda uni ogʻir javobgarlikka tortadi.
Ulamolarimiz bu masalaga chuqur yondoshishgan. Imom Gʻazzoliy “Ihyou ulumiddin” asarida inson qalbini bahorga oʻxshatadi: “Qalb hayotbaxsh yomgʻirga muhtoj. Agar u yomgʻirni qabul qilsa, hosil beradi. Ammo yomgʻir yogʻaverib, sugʻorilmagan er ustida qolaversa, u botqoqqa aylanadi va oʻzidan hid chiqaradi.” Shu kabi, axborot yomgʻiri ham qalbimizni sugʻorishi, uni botqoqqa aylantirmasligi kerak. Buning yagona yoʻli – uni amalda sinash, hayotimizga tatbiq qilish.
Nima uchun biz amal qilmaymiz? Psixologiyada bu holat “kognitiv dissonans” deb ataladi. Misol uchun, bilamizki, sogʻlom turmush tarziga oʻtish kerak, lekin baribir zararli narsalarni tanlaymiz. Bilamizki, bomdodga turib namoz oʻqishimiz ruhimizni yuksaltiradi, ammo yana telefonda vaqtimizni oʻtkazamiz. Chunki bizning miyamiz maъlumotni qabul qilishni amaldan koʻra osonroq deb biladi. Oson boʻlgani uchun ham biz motivatsion kontentlarni tinglashni yaxshi koʻramiz – ular bizni bir necha daqiqaga ruhlantiradi, lekin amalda hech narsa oʻzgarmaydi. Shu tariqa, biz ruhiy boylikni ham moddiy boylik kabi “koʻproq yigʻish” orqali qondirishga urinib, oxir-oqibat tushkunlik qaъriga choʻkib boramiz.
Endi savol: “Qanday qilib biz bilganlarimizga amal qiladigan odamlarga aylanishimiz mumkin?” Avvalo tan olaylik – faqat koʻp oʻqish, koʻp tinglash, koʻp maslahat olish etarli emas. Hatto Qurъonda ham: “Siz oʻzingizni oʻzgartirmaguningizcha, Alloh sizlarni oʻzgartirmaydi” (Raъd surasi, 11-oyat) deb aytilgan. Oʻzgarish uchun konkret qadamlar zarur.
Birinchidan, kichik va davomiy amallarni odat qilish zarur. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlar: “Allohning eng sevimli amali – oz boʻlsada, davomiy qilingani.” (Buxoriy va Muslim) Bu shuni anglatadiki, har kuni kichik amal qilish, katta rejalardan tuzaverishdan koʻra samaraliroq. Misol uchun, har kuni Qurъondan bir oyat yod olish yoki har tong 10 daqiqa Allohni zikr etish.
Ikkinchidan, “maъlumotlar dietasi”ni boshlash. Axborotning haddan tashqari koʻpligi insonni aqlan charchatadi. Shu bois, biror yangi bilimni oʻqishimiz yoki tinglashimiz davomida oʻzimizga savol beraylik: "Men bunga amal qilamanmi?"
Savolning javobi "yoʻq" boʻlsa, yangi maъlumotni izlashdan koʻra, mavjud bilimimizni hayotga tatbiq etishga vaqt ajrataylik.