18.03.2025 16:31

Oʻzgarayotgan Isroil siyosati: nega u hujumlarni qaytadan boshladi?

Isroil tinchlik sulhini bekor qilib, Gʻazoning aholisi zich joylashgan hududlariga shiddatli havo hujumlari uyushtirdi. Buning natijasida 350 dan ortiq falastinlik halok boʻldi.


Oq uyning tasdiqlashicha, prezident Tramp hujumdan oldin bu haqda xabardor qilingan. Isroil bosh vaziri Netanyaxu idorasi esa hujum HAMASning dastlabki kelishuvga koʻra tinchlik sulhining ikkinchi bosqichiga oʻtish oʻrniga, birinchi bosqichni uzaytirishni "qayta-qayta rad etgani"ga javoban amalga oshirilganini maъlum qildi. 


Havo hujumlari aholisi zich joylashgan shaharlar, vaqtinchalik boshpanalarga aylantirilgan maktablar, turar-joy binolari va koʻchib kelganlar chodirlarda yashayotgan hududlarga uyushtirildi. Bu hujumlar Gʻazoda chuqurlashib borayotgan insoniy inqiroz fonida sodir boʻldi. Chunki Isroil muqaddas Ramazon oyi oʻrtasida ikki haftadan ortiq vaqt davomida mintaqaga oziq-ovqat, suv, dori-darmon va elektr energiyasi kiritilishini taqiqlagan edi.


Tinchlik sulhiga yanvarь oyida, Trampning lavozimga kirishidan bir necha kun oldin erishilgan edi. Oʻsha paytda Isroil Vashington tomonidan kelishuvni qabul qilishga majburlanganday koʻringandi. Hatto baъzilar buni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu koalitsion hukumatining ibtidosi sifatida ham baholagandi. 


Isroil qoʻshinlari qisman olib chiqildi, yordam (aslida hech qachon toʻxtatilmasligi kerak edi) kiritildi va oʻn minglab shimoliy Gʻazo aholisiga uylariga qaytishga ruxsat berildi. Bu voqealar isroillik garovga olinganlar falastinlik mahbuslar bilan almashtirilganda sodir boʻldi.


Netanyaxu 2023 yil 7 oktyabrь kuni 1200 dan ortiq isroillik halok boʻlgan va 200 dan ortigʻi Gʻazoga garovga olingan hujumga olib kelgan muvaffaqiyatsizliklar uchun aybni boshqalarga yuklashga harakat qildi.


Biroq soʻnggi haftalar va oylarda bir nechta yuqori martabali amaldorlar, jumladan, mudofaa vaziri ham lavozimini tark etdi. Armiya bosh shtabi boshligʻi Gertsi Halevining isteъfosi mart oyi boshida kuchga kirdi. Shu hafta Netanyaxu Isroilning ichki xavfsizlik xizmati Shin Bet rahbarini ham ishdan boʻshatishga urinayotganini maъlum qildi.


Betoqat oʻta oʻng kuchlar


Biroq otashkesim toʻxtatilganidan beri Isroilning oʻta oʻng koalitsiyasi betoqat boʻlib, urushga qaytishga intilayotgan edi. HAMAS Isroilga hujum qilganidan keyin vaziyat keskinlashganiga deyarli bir yarim yil boʻlgan boʻlsa-da, Netanyaxu "HAMASni yoʻq qilish" rejalarini hamon davom ettirmoqchi koʻrinadi. 


Sulhga rozi boʻlish unga garovga olinganlarning oilalari va tarafdorlari tomonidan kelayotgan ichki bosimni bir oz kamaytirdi, Isroil jamoatchiligining kuchayib borayotgan gʻazabini yumshatdi hamda AQSh prezidenti Donalьd Tramp bilan munosabatlarni yaxshilashga yordam berdi. 


Ammo Netanyaxu har doim sulh degani urush tugadi degani emasligini, u faqat vaqtinchalik ekanligini ochiq-oydin aytib kelgan. U urush maqsadini HAMASni yoʻq qilish deb belgilagan, ammo tashkilot hali ham faoliyat yuritmoqdaki, garovga olinganlarni ozod qilish videolari aynan shuni koʻrsatishga qaratilgan.


Otashkesimni toʻxtatish chogʻida ham Isroil qoʻl qovushtirib oʻtirmadi. U oʻz harbiy qudratini Gʻarbiy sohilga, ayniqsa Jeninga qaratish imkoniyatidan foydalandi. U erda Isroil qoʻshinlari oʻnlab yillar ichidagi eng yirik operatsiyada falastinlik qochqinlarning ulkan lageriga hujum qildi.


Falastindan tashqari, Isroil Livan, Suriya, Eron va Yamandagi dushmanlariga ham hujum qildi. Bu paytda AQSh Isroilni xalqaro bosimdan faol himoya qilayotgandi. Bu qoʻllab-quvvatlash Isroilning xalqaro bosim va unga qarshi sud jarayonlariga qaramay, falastinliklarga qarshi urushni davom ettirishga jurъat etganini tushunishda muhim ahamiyatga ega.


Trampning dastagi sabab Isroil oʻz bilganicha harakat qilmoqda


Tramp hokimiyatda ekan, Netanyaxu Vashington tomonidan hatto minimal tanqidga ham duch kelmaydi, aksincha, Isroilning barcha maqsadlari, jumladan, Gʻarbiy sohilni asta-sekin qoʻshib olish jarayoni Vashington tomonidan soʻzsiz qoʻllab-quvvatlanadi.


Birinchi bosh vazirlik muddati deyarli 30 yil oldin (1996 yilda) boshlangan Netanyaxu uchun Tramp nafaqat xorijda, balki mamlakat ichida ham toʻliq erkinlik beruvchi omildir. 2009 yildan beri u Isroilning jamoaviy qarashlarini shakllantirishga yordam berdi. Saylov xulq-atvori va fikrlari nuqtai nazaridan, Isroil jamoatchiligi 1970-yillardan beri izchil ravishda oʻngga siljib kelmoqda.


Hozirda u kaxanizm qayta jonlanayotgan nuqtaga etdi. Meir Kaxane gʻoyalariga asoslangan bu mafkura keskin diniy sionistik yoʻnalishdir. Kaxane Isroilda yashovchi arablarning aksariyati yahudiylarning dushmanlari ekanligini va u orzu qilgan yahudiy teokratik davlatida ular ovoz berish huquqiga ega boʻlmasligi kerakligini taъkidlagan edi.


Netanyaxuning hukmron koalitsiyasidagi koʻpchilik "Erets Isroil" (tarixiy Falastin) ustidan toʻliq nazorat oʻrnatishni maqsad qilgan. Shu qasd yoʻlida ular Isroilning hozircha mustaqil boʻlgan sud tizimini siyosatchilarga boʻysundirishga urinmoqda. Yillar davomida Isroil Oliy sudi oʻta oʻng gʻoyalar tarafdorlarini toʻxtatib kelgan, endi ular qasos olishni istayapti. 


Yangi qonunlar (Netanyaxu ittifoqchilari tomonidan "islohotlar" deb nomlanayotgan) siyosatchilarga sudyalarni tayinlash huquqini beradi, hukumatning yuridik maslahatchisini boʻysundiradi va Oliy sudning qonunlarni konstitutsiyaga zid deb topishiga yoʻl qoʻymaydi.


2023 yilning yanvaridan oktyabrigacha bu islohotlar yuz minglab isroilliklarni koʻchalarga chiqib norozilik namoyishlari uyushtirishga undadi. Bir necha oylar davomida sodir boʻlgan bu hodisa Netanyaxuni qiyin ahvolga solib qoʻydi. Namoyishlar faqat Gʻazodagi hujum hamda undan keyingi ommaviy safarbarlikdan soʻng yakunlandi. Oʻshandan beri Isroil urush holatida qolmoqda.


Eski kurashlar qaytalamoqda


Netanyaxu urushdan oʻz koalitsiyasini kengaytirish uchun foydalandi va asta-sekin jamoatchilik qoʻllab-quvvatlashiga erishdi, muddatidan oldin saylovlar tahdidini bartaraf etish maqsadida Gideon Saъarni hukumatga jalb qildi. Tramp bilan munosabatlarni tiklaganidan soʻng, u sud tizimini qayta koʻrib chiqdi, ayni damda u Isroil xavfsizlik tizimi ustidan yanada yuqori nazorat oʻrnatishga intilmoqda.


Mart oyi boshida adliya vaziri Yariv Levin bu rejani qayta jonlantirdi va Gali Baharav-Miarani Isroil bosh prokurori lavozimidan chetlashtirmoqchi boʻldi. Shuningdek, Levin yanvar oyining oxirida saylangan boʻlishiga qaramay, Yitshak Amitning Isroil Oliy sudi raisi etib tayinlanishini tan olishdan bosh tortdi.


Shu nuqtai nazardan, u Isroil sud tizimi mustaqilligini yoʻq qilish harakatlarini qayta boshlab, Isroil bosh prokurori va Shin Bet rahbarini (armiya qoʻmondoni va mudofaa vaziri bilan birga) lavozimidan chetlashtirish taklifi bilan chiqdi. Agar u maqsadiga erishsa, demokratlardan koʻra koʻproq avtoritar rahbarlarga oʻxshab qoladi. Shu bilan Isroil diktatura rejimiga aylanishi mumkin. 


Kengroq maъnoda, hukumatning xavfsizlik idoralari va Oliy sud ustidan nazorat oʻrnatishga intilishi Isroilning qolgan-qutgan liberal va bagʻrikeng qatlamini yoʻq qilish, uning oʻrniga falastinliklarni siqib chiqarib, ularning erlarini koʻchmanchilar qoʻliga topshirmoqchi boʻlgan oʻng qanot, konservativ va mafkuraviy kuchlarni olib kelish boʻyicha keng qamrovli saъy-harakatlarning bir qismidir.


Koʻrinib turibdiki, AQShdagi siyosiy oʻzgarishlar fonida Isroil ham mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib qolishga intilmoqda. Biroq Isroil xatti-harakatlari mintaqa uchun misli koʻrilmagan oqibatlar keltirishi kundek ravshan. Bu nafaqat falastinliklar, balki butun arab mintaqasining voqeligi va tabiatini oʻzgartirib yuborishi mumkin. Bu holatga qarshi turish uchun mintaqa mamlakatlari tezkorlik bilan harakat qilishi kerak. Aks holda kech boʻlishi mumkin.