17.01.2025 18:08
Oʻzbekistonda «juma reydlari» radikallashuvni kamaytiradimi yoki...?
Gʻarb har jihatdan Islomni, musulmonlarni tahqirlashga harakat qiladi. «Qora juma» ham shuning uchun oʻylab topilgan termin, deb tushunadiganlar bor. Ularga bunchalikmasdirov, desangiz ustingizdan «Nega unda Gʻarb chegirmalar kunini boshqa kunga belgilamagan? Nega aynan «qora» soʻzini qoʻshgan? Dunyoning kuchli nasroniy yoki juhud marketologlari shu iborani oʻylab topayotganda Islom va musulmonlar uchun juma qanday ahamiyatga ega kun ekanini bilmagan, deysizmi?» kabi qator savollarni yogʻdirib tashlashadi. Bu hissiyotlarni albatta toʻgʻri tushunamiz. Sabab juma – har bir musulmon farzandi uchun oʻzgacha farahbash kun hisoblanadi. Musulmonlar ushbu ayyom kuni yuvinib-taranib, oʻzi yoqtirgan liboslarini kiyib, mushk-anbarlar bilan xushboʻylanib jamoat namoziga, Robbisiga sajda qilish uchun boradi. Namozdan soʻng ota-onalari, qarindoshlari va yaqin aqrabolari holidan xabar oladi. Shu bahona biroz siqilgan qalblar ham xushnudlikka toʻladi.
Aholisining 96 foizi musulmon boʻlgan Oʻzbekistonda ham hukumat bizningcha ushbu ayyomni oʻzgacha ruhda oʻtkazishga sharoit yaratib berishi kerak. Holbuki, ushbu kun minglab qorbobolar paradi oʻtkazilgan yangi yilga qaraganda bizning dinimiz va qadriyatlarimizga muvofiqdir.
Afsuski, Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi oʻzbek segmenti foydalanuvchilarining «Masjid eshigi yonida turib, Allohning diniga qarshi kurashishyapti. Namozxon yoshlarni namozdan toʻsishyapti», degan postini oʻqib, xursandchiligimiz uzoqqa choʻzilmaydi. Mazkur fikrga munosabat bildirganlar esa, «dars boʻlmasa ham juma kuni oʻquvchilar maktab qamogʻida tutib turilishi»ni ilova qilishgan.
Bir kuzatuvchimiz ham bizga xuddi shu mazmunda murojaat yuborganlar. Unda «Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi maktablarda juma namoziga boruvchi oʻquvchilar roʻyxat qilinib, ota-onasidan maktabga kelib tushuntirish xati yozish talab qilinmoqda», deyiladi.
Bu gaplarni oʻqib, biroz avval «Tungi klub» reklamasi uchun qator qizlarni teskari turgizib, ketiga shapatilayotgan yoshlar koʻz oʻngimizga keladi. Mana biz yoshlarni qanday tarbiyalayapmiz? Ular kelgusida xorijda qoʻlga tushgan «tungi kapalaklar»ga, qoʻlbola aroq ichib ajalidan besh kun burun oʻlgan muhojirlarga aylanishsa, mamlakatimiz uchun qanchalik naf keltirgan boʻlishadi. Holbuki, harom bilan halolning farqiga boradigan, namozxon yoshlar millat kelajagi emasmi? Biz ham ochiqchasiga boʻlmasa-da, haqiqiy maʻʻnoda juma kunini «qora»ga boʻyab qoʻymayapmizmi?
Yana aynan shu kuni «aholining radikallashuvi»ga qarshi tadbirlar tashkil etilishi qanchalik oʻrinli?! Misol uchun, Xonabod shahrining matbuot xizmati tomonidan eʻʻlon qilingan xabarda quyidagi maʻʻlumotlarni oʻqiymiz:
«Xonobod shahar hokimining oʻrinbosari oila va xotin qizlar boʻlimi boshligʻi Oʻ. Hamdamova Xonobod shahar aholi «Radikallashuvi» borasida, shahar otin-oyilari, oqila ayollar va mahalla faollari bilan shaharda ayollarning noodatiy oʻranishlar va ularni har xil oqimlarga qoʻshilmasligi boʻyicha targʻibot ishlari olib borishlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi. Shuningdek, Xonobod shahrida har juma kunlari umumtaʻʻlim maktablari va tashkilotlarida milliy liboslar boʻyicha tadbirlar davom etmoqda».
Ushbu xabarda ham ishlatilgan – «aholi radikallashuvi», «noodatiy oʻranish»lar kabi soʻzlar bizni ajablantiradi.
Biz radikallashuv atamasini notoʻgʻri talqin qilmayapmizmi? Maʻʻlumotlarga nazar tashlasak, radikallashuv – bu shaxs yoki guruhning ijtimoiy, siyosiy yoki diniy tizimlarga nisbatan keskin pozitsiya va harakatlarni qabul qilishi va targʻib qilishi jarayonidir. Bu jarayon radikal gʻoyalarga asoslangan zoʻravonlikka yoki ekstremizmga olib kelishi mumkin.
Radikallashuv darajasi eng past boʻlgan davlatlar, odatda, kuchli ijtimoiy barqarorlikka, yaxshi taʻʻlim tizimiga va erkin fuqarolik jamiyatiga ega mamlakatlardir.
Skandinaviya davlatlari, Shveytsariya, Kanada va Yaponiyani xuddi shunday davlatlar sirasiga kiritishimiz mumkin.
Ushbu davlatlarda radikallashuvni oldini olish choralari sifatida quyidagilar belgilangan:
1. Taʻʻlim va maʻʻrifat:
Radikal gʻoyalarning tarqalishini oldini olish uchun taʻʻlim tizimida tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga eʻʻtibor qaratiladi. Har xil madaniyat va dinlar oʻrganilib, bagʻrikenglikka urgʻu beriladi.
2. Ijtimoiy adolat:
Kambagʻallik va ijtimoiy tengsizlik radikallashuvning asosiy sabablaridan biri. Bu davlatlarda barqaror iqtisodiy siyosat, adolatli ish joylari va teng imkoniyatlar taʻʻminlanadi.
3. Qonun va huquq:
Qonunlarning samarali ishlashi taʻʻminlanadi.
4. Axborot nazorati:
Zoʻravonlikka chaqiruvchi va ekstremistik gʻoyalarni tarqatuvchi axborotga cheklovlar qoʻyiladi. Internetda radikal kontent tarqalishiga qarshi monitoring oʻtkaziladi.
5. Integratsiya siyosati:
Immigrantlar va millatchilikka qarshi siyosat ishlab chiqilgan. Yangi kelganlarni jamiyatga samarali qoʻshish, ularning ijtimoiy adaptatsiyasini taʻʻminlashga eʻʻtibor beriladi.
Bir soʻz bilan aytganda, radikallashuv darajasi past boʻlgan davlatlarda taʻʻlim, ijtimoiy barqarorlik, eʻʻtiqod erkinligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligiga katta eʻʻtibor beriladi. Ular zoʻravonlikka qarshi kurashda kompleks yondashuvni qoʻllaydilar. Xoʻsh bizda-chi? Ayollarning hijob oʻrashi yoki yoshlarni juma namoziga chiqishiga qarshi kurashish orqali radikallashuvga qanchalik chek qoʻyamiz? Aksincha, ularni hukumatga nisbatan nafratini kuchaytirib, kimlardir uchun osongina yutib yuboriladigan oʻljaga aylantirmaymizmi? Bu kabi savollarning javobini masʻʻullarimiz jiddiy oʻylab koʻrishi kerak.