24.07.2025 15:51
189

Musulmonlar yurtidagi hashamatlar kim uchun?..




Bayrutdan Dubaygacha choʻzilgan osmonoʻpar binolar, Qohira va Kasablankaning tor koʻchalari, Tunis va Rabotning hashamatli joylari – bularning barchasi bugungi arab shaharlarining yangi qiyofasini ifodalaydi. Ammo bu yangilanish va modernizatsiya tashqaridan qaraganda chiroyli koʻrinsada, oʻzida ogʻir ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy ziddiyatlarni yashirib turadi. Arab shaharlari hozirgi paytda oʻz meъrosini yoʻqotayotgan, oddiy xalqni esa chekka hududlarga haydab chiqarayotgan ulkan bozorlarga aylanmoqda.

Marhum yozuvchi Tavfiq Yusuf Avvad oʻz romanida Bayrutni eski va yangi kuchlar toʻqnashgan arena sifatida tasvirlagandi: unda orzular va xotiralar qarama-qarshiligi, oddiy odamlar hayotini zulmatga aylantirayotgan kapital manfaatlar mujassam. Bu manzara bugun nafaqat Bayrutga, balki koʻplab musulmonlar hayot kechirayotgan davlatlarga ham xosdir. Ular ham asta-sekin jamiyatning ijtimoiy qatlamlari oʻrtasidagi tabaqalanishni kuchaytirayotgan urbanizatsiyaning qurboni boʻlmoqda.

Evropa shaharlari tarixida urbanizatsiya jarayoni, asosan, sanoatlashuv bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan. London, Parij yoki Berlin kabi shaharlar oʻz iqtisodiy kuchini ishlab chiqarishga yoʻnaltirgan. Bu esa ularni mustaqil va ichki iqtisodiy dinamikaga ega markazlarga aylantirgan. U erda shaharlarning kengayishi zamirida yirik fabrikalar, ilmiy kashfiyotlar, texnologik taraqqiyot va ishchilar sinfi shakllanishi yotgan edi. Bu jarayon “sanoat kapitalizmi” asosida shakllangan boʻlib, shaharlarga barqaror ishlab chiqarish tusini berdi.

Dunyoning baъzi davlatlarida, ayniqsa arab davlatlarida esa urbanizatsiya mutlaqo boshqa yoʻnalishda kechdi. Koʻpgina postmustamlakachi arab davlatlarida shaharlar sanoatlashuv emas, balki moliyaviy oqimlar, neftdan tushgan daromad va chetdan kelgan investitsiyalar asosida rivojlandi. Natijada, Dubay, Doha, Ar-Riyod kabi shaharlar ichki ijtimoiy va madaniy ehtiyojlar emas, balki global kapitalning talablariga binoan rejalashtirildi. Bu shaharlar, asosan, osmonoʻpar binolar, yirik savdo markazlari va hashamatli turar-joy majmualari bilan toʻlib-toshdi, lekin ularning ijtimoiy va iqtisodiy ildizlari sayozligicha qoldi.

Markaziy Osiyo davlatlari, Qohira, Bayrut va Kasablankaning tarixiy markazlarida ham shunga oʻxshash jarayon yuz berdi. Eski mahallalar buzilib, ularning oʻrnini hashamatli mehmonxonalar va biznes markazlari egalladi. Oddiy aholi esa chekka hududlarga siqib chiqarildi. Bu holat “shaharning tovarlashuvi” jarayoni deb ataladi: endi shahar oddiy odamlar yashaydigan joy emas, balki foyda keltiruvchi obъektga aylandi.

Bu jarayonni sotsiologlar “neoliberal shahar” deb ataydi. Unda shaharlar aholi uchun emas, balki global investorlarga xizmat qiladi. Jakartada ham aynan shunday manzara yuzaga keldi: oʻz vaqtida aholiga xizmat qilgan markaziy hududlar endi faqat boy qatlamlar uchun moʻljallangan qimmatbaho turar-joy majmualariga aylanmoqda. 

Arab dunyosidagi bu oʻzgarishlarni tushunishda frantsuz sotsiologi Anri Lefevrning “Shahar huquqi” nazariyasi muhimdir. Uning fikricha, shaharlar oddiy geografik hudud emas, balki ijtimoiy hayot, siyosiy ishtiroklar va madaniy gʻoyalar ishlab chiqariladigan makondir. Ammo Arab davlatlarida bu huquq odamlarga berilmaydi. Qohira madaniyat markazi boʻlsa-da, uning ijodiy maydoni davlatning qatъiy nazorati ostida. Bayrut esa uzoq yillar davomida siyosiy muhojirlar uchun boshpana boʻldi, ammo bu erkinlik davlatning zaifligi hisobiga yuzaga kelgan edi.

Neoliberal urbanizatsiya jarayonida shaharlar endi oddiy odamlarning ehtiyojlarini emas, balki tijorat manfaatlarini koʻzlab quriladi. Bunga yorqin misol sifatida Dubayni keltirish mumkin. Bu erda yirik moliya markazlari, global brendlar va xalqaro kompaniyalar uchun qulay hududlar yaratilmoqda, lekin mahalliy jamiyatning ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy ehtiyojlari ikkinchi darajaga tushmoqda. Shu sababli bunday shaharlar global kapitalizmning "vitrinalari"ga oʻxshaydi – ular ichki hayotdan koʻra tashqi tomoshaga moʻljallangandek.

Ayni vaqtda qadimiy shaharlarda ham ichki qarama-qarshiliklar chuqurlashmoqda. Tunisda zamonaviy hududlar boy qatlamlar uchun yaratilmoqda, oddiy odamlar esa eski, eъtibordan chetda qolgan mahallalarda yashashga majbur. Kasablankada ham La Sorniche qirgʻoqboʻyi hashamatli mehmonxonalar va restoranlarga toʻla boʻlib, shaharning kambagʻal aholisi bu hududga faqat tomoshabin sifatida yaqinlasha oladi.

Shaharlarning bunday qayta shakllanishi “madaniy xotira”ni ham yoʻqotmoqda. Eski mahallalar, tarixiy binolar va ularning atrofida shakllangan ijtimoiy aloqalar buzilib ketmoqda. Endilikda shaharlar oʻz tarixi va madaniy merosini saqlab qolish oʻrniga, uni tijoratlashtirishga majbur boʻlmoqda. Natijada shahar oddiy insonlar uchun emas, balki global elitalar uchun qulaylashtirilgan hududga aylanadi.

"Arab bahori" chogʻida koʻplab shaharlarda yuz bergan noroziliklar bu jarayonga qarshi bir isyon edi. Qohira maydonlarida toʻplangan minglab odamlar oʻz shahariga boʻlgan haq-huquqini talab qildi. Bu shaharlarning oddiy odamlar hayotini qamrab oladigan joyga aylanishi, faqat pul topish uchun emas, balki insonlar uchun qurilishi kerakligi haqidagi talab edi.

Ammo hozircha bu kurashlar natija bergani yoʻq. Arab shaharlari hali ham davlat, kapital va jamiyat oʻrtasidagi uzluksiz ziddiyatlar maydoni boʻlib qolmoqda. Ular ichida barqaror sanoat bazasi boʻlmaganligi sababli, Evropa shaharlari kabi ichki iqtisodiy mustaqillikni shakllantira olmayapti. Shu bois Arab dunyosi shaharlari tez-tez “beqaror (oʻzgaruvchan) modernizatsiya”ga mahkum boʻlmoqda.

Mavzuga aloqador