23.08.2025 17:29
101

Mulohaza: Istanbulda toʻy xarajati 1 mln liraga etdi, Oʻzbekistonda-chi?



Istanbulda toʻy qilishning oʻrtacha xarajati 1 mln liraga yaqinlashdi. Rejalashtirish agentligi (İPA) maъlumotlariga koʻra, turklar oddiy toʻy qilish uchun 850 ming lira (≈ 20,7 ming dollar), ochiq osmon ostidagi toʻy uchun esa 982 ming lira (≈ 23,9 ming dollar) sarflashadi.

Bu hisob-kitoblarga xina qoʻyish, nishon, taqinchoq taqish marosimlari va asal oyi xarajatlari kiritilmagan.

Hayron boʻlmang, Oʻzbekistonda ham vaziyat bu erdan qolishmaydi. "Yuksalish" harakatining joriy yil iyunь-iyulь oʻtkazgan soʻrovnomasiga qarasak, yurtimizdagi koʻp oilalar toʻy qilish uchun 50–100 mln soʻm (≈ 4–8 ming dollar) va undan ham koʻproq pul sarflamoqda. Eъtiborlisi, soʻrovnoma ishtirokchilarining 81 foizidan koʻpi oylik daromadini 5 mln soʻmdan 12 mln soʻmgacha deb koʻrsatgan. Toʻy xarajatlari miqdorini hisobga olsak, bu koʻpchilikning bir yillik daromadiga teng mablagʻ, degani.

Bu ham etmagandek, ishtirokchilarning 25 foizi toʻyni qarzga qilayotganini bildirgan. Bunga sabab sifatida jamoatchilik bosimi, "elga toʻy berish" majburiyati va ota-onalar orzusi koʻrsatilgan.


"Xoʻsh, nima boʻlibdi? Pul oʻziniki boʻlsa, bilganini qilsin!" deyish millat manfaati uchun qaygʻurmaslik hamda loqaydlikdan boshqa narsa emas. Sababi bugun toʻy xarajatlari kun sayin oshib borayotgan Turkiyadagi muammolardan ibrat olib, oʻzimizni isloh qilishimiz kerak. Buning uchun birinchi navbatda azaliy dardimiz boʻlgan dabdabali toʻyga mukkadan ketishimizning salbiy oqibatlarini tushunaylik. 

Ijtimoiy oqibatlar: 

Dabdabali toʻylar barcha uchun ogʻir moliyaviy yuk boʻlib, yoshlarning turmush qurishdan qochishiga yoki nikohni kechiktirishiga sabab boʻladi. Statistik maъlumotlarga koʻra, Turkiyada tugʻilish koeffitsienti 2001 yilda 2,38 boʻlgan boʻlsa, 2024 yilda 1,48 gacha tushdi. Bu daraja aholi oʻzini oʻzgartirolmaslik (self-replacement) chegarasidan past. Oʻzbekistonda ham 2025 yilning I yarmida 405,5 ming chaqaloq tugʻilgan. Bu koʻrsatkich 2023 yilga nisbatan 29,1 mingga kamaygani, demografik oʻsish surъati pasayotganidan darak.  

Iqtisodiy oqibatlar:

Bu ishchi kuchining qisqarishi va ijtimoiy taъminot tizimiga ogʻir yuk tushishi degani. Oʻzbekistonda ham tugʻilish darajasi tushishda davom etsa, yosh aholi ulushi kamayib, iqtisodiy oʻsish surъati ham pasayib boradi. 

Axloqiy oqibatlar:

Yoshlarning turmush qurmasligi yoki nikohni kechiktirishi oqibatida jamiyatda maъnaviy-axloqiy tanazzul boshlanadi: harom munosabatlar, fahsh, zino urchiydi. Oilaviy munosabatlar inqirozga yuz tutadi.

Xulosa oʻrnida

Anas ibn Molikdan  rivoyat qilinadi: Rasululloh ﷺ Abdurahmon ibn Avfda sarigʻ (atr) asari borligini koʻrib: “Bu nima?” dedilar. U: “Bir ayolga navoh (xurmo donasi vaznicha) oltin  (mahr berib) uylandim”, dedi. Shunda Nabiy ﷺ: “Barakalloxullah laka; avlim valou bishat (Alloh barakotli qilsin, birta qoʻy soʻyib boʻlsa ham valima qil)” dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).

Qoʻshimcha ishoralar

•  Nabiy ﷺ oʻz nikohlarida ham oddiy valimalar qilganlar: masalan, Zaynab (r.a.) nikohida bir qoʻy bilan; Safiya (r.a.) nikohida hays (xurmo-ravgʻan-qatik aralashmasi) bilan. Bu valimaning sarf-soqini ixtiyoriy, isrofsiz va holatga qarab boʻlishini koʻrsatadi. 

Hukm (fiqhiy xulosa)

•  Ushbu hadislar valimaning Sunnat muakkada ekanini, imkoni bor kishiga qoʻy soʻyish maъqul amal ekanini, ammo valima har qanday taom bilan ham boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. 

Abdurahmon ibn Avf (r.a.) uylanganlarida Paygʻambarimiz ﷺning “أَوْلِمْ وَلَوْ بِشَاةٍ” — “Valima qil, birta qoʻy boʻlsa ham” degan amrlari Buxoriy va Muslimda sahih yoʻllar bilan sobitdir.

Maъlumot uchun aytib oʻtmoqchiman: Abdurahmon ibn Avf (r.a.)ning umrlari oxirida ularda 3.103.000.000 (uch milliard bir yuz uch million) dinor bor edi (1 dinor = 4.36gramm oltin degani). Agar bu oltinni hozirgi xalqaro valyutaga oʻgiradigan boʻlsak, 550 mlrd $ miqdorga teng boʻladi. 

Hozirda jahonning eng boy sarmoyadorining umumiy boyligi Abdurahmon ibn Avf roziyallohu anhuning boyliklarini yarmiga ham etmaydi. Ammo bu zot shunday mol-mulk sohibi boʻla turib ham bu boylikdan behojat umr kechirdilar.

Kibr va ziynat ularni chetlab oʻtdi. Va bu kishi tirikligidayoq Jannat bashorati berilgan 10 sahobaning biri boʻldilar.

Mavzuga aloqador