13.11.2024 18:00

“Maʻʻnaviyat ekspertizasi”: Oʻzbekiston hukumati ijtimoiy tarmoqni ham nazorat qilmoqchimi?


Endilikda Oʻzbekistonda davlat siyosatiga va maʻʻnaviy-axloqiy mezonlarga zid mediamahsulotlar “maʻʻnaviy ekspertiza”dan oʻtkaziladi. Mediamahsulotning ekspertiza guruhiga yoqmagan qismlari esa shubhasiz “qaychilanadi”.

Aksar ijodkorlar tuzilajak maʻʻnaviy ekspertiza guruhini tsenzuraning rasman qaytishi sifatida talqin qilishmoqda. 
Oʻzbekiston Maʻʻnaviyat va maʻʻrifat markazi direktori Otabek Hasanov esa oʻzining Telegram-kanalida mediamahsulotlar axloqsizlik targʻibotining oldini olish uchun “maʻʻnaviy ekspertiza”dan oʻtkazilishini maʻʻlum qilgan.

Bu tartib Respublika Maʻʻnaviyat va maʻʻrifat markazi, Prezident administrtsiyasi huzuridagi AOKA, Madaniyat vazirligi, Kinematografiya agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Milliy media birlashmasining birgalikdagi qarori bilan kelishilgani aytilgan.

“Bugun shiddatli davrda axborotlar koʻlami va oqimi keng. Mediamakon zamonaviy, qiziqarli va dolzarb mavzudagi xilma-xil mediamahsulotlar bilan toʻldirilmoqda. Lekin ularning barini ham sifat jihatidan ham, mazmun jihatidan ham milliyligimizga mos va xos, tarbiyaviy ahamiyati yuqori deb boʻlmaydi. Shu boisdan ham yoshlar tarbiyasiga va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlar tarqalishining oldini olish va ularning sofligi, milliy axloqimizga moslik darajasini tahlil qilib borish ancha muhim”, deyiladi xabarda.

Targʻibot videosida aytilishicha, hozirga qadar maʻʻanaviy ekspertizadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlangan va guruhning asosiy vazifalari belgilangan.

“Jumladan, soha mutaxassislaridan tarkib topgan guruh tomonidan Oʻzbekiston hamda xorijda ishlab chiqilgan va Oʻzbekiston hududida namoyish etilayotgan mediamahsulotlarning davlat siyosati, davlat ramzlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, maʻʻnaviy-axloqiy mezonlarga zid, insoniy fazilatlarga tahdid soluvchi ahloqsizlik, behayolikni targʻib qiluvchi holatlar mavjud va mavjud emasligi oʻrganiladi”, deyiladi xabarda.

Qoʻshimcha qilinishicha, ushbu mezonlarga zid mediamahsulotlarning namoyishini toʻxtatish boʻyicha tegishli idoralarga taklif kiritiladi.

“Yoshlar tarbiyasi va milliy mentalitetimizga rahna soluvchi mediamahsulotlarning tarqalishining oldini olish choralari koʻriladi. Bunday mediamahsulotlarning namoyish etilishini toʻxtatish boʻyicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotlarga takliflar kiritib boriladi”, deyiladi rasmiy xabarda.

Shundoq ham matbuot va televideniedagi tsenzura, soʻz erkinligining cheklanishidan charchagan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻz izohlarida “Endi ijtimoiy tarmoqning oʻzbek segmentida ham davlat nazorati oʻrnatiladimi?” degan javobsiz savollarni yozishmoqda. 

Ayrim internet nashrlari esa oʻz xabarlarida “Maʻʻnaviyat ekspertizasi” tsenzuraning yangi turi” ekaniga ishora qilgan.

Bunday eʻʻtirozlardan soʻng Maʻʻnaviyat va maʻʻrifat markazi direktori Otabek Hasanov rasmiy munosabat berdi.

U ushbu loyiha mediakontentlarning yoshlar, ayniqsa, maktabgacha va maktab yoshidagi bolalarga taʻʻsiridan xavotirlangan ota-onalar, ziyolilar, shuningdek, keng jamoatchilik soʻrovi, talab va tashabbuslari asosida joriy qilinayotganini alohida taʻʻkidlagan.

“Maʻʻnaviyat ekspertizasi” loyihasi media mahsulotlariga tsenzura qoʻymaydi. Ekspertlarning faoliyati mediakontent ishlab chiquvchilar, ijodiy guruhlar va badiiy kengashlar uchun tavsiyaviy takliflar ishlab chiqishdan iborat boʻladi”, deyiladi munosabatda.

Unga koʻra, markaz ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, ijodkorlar, blogerlarning ijod erkinligiga daxl qilmaydi.

“Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov “Maʻʻnaviyat markazi oʻzidan boshqalarni ahmoq deb oʻylaydimi?” deya keskin munosabat bildirdi.

U tasdiqlangan nizomda maʻʻnaviy ekspertiza guruhining asosiy vazifalari belgilanganligiga eʻʻtibor qaratgan.

“Nizomga muvofiq, mutaxassislar guruhi tomonidan Oʻzbekiston hududida namoyish etilayotgan mahalliy va xorijiy mediamahsulotlarning davlat siyosati, milliy qadriyatlar, maʻʻnaviy-axloqiy mezonlarga zidligi oʻrganiladi va ruxsat beriladi.

Buning qip-qizil tsenzura ekani, shundogʻam qonunda soʻz erkinligini suiisteʻʻmol qilish, huquqbuzarlik va jinoyat uchun javobgarlik mavjudligini bilish uchun katta aql shart emas. Buni qarangki, markaz endi bayonot bilan chiqib, biz soʻz erkinligiga daxl qilmoqchi emasmiz, notoʻgʻri tushunmanglar, deyapti.

Xoʻsh, sizning materialingizni sohada qonunlar etarli boʻlishiga qaramay kimdir “men koʻrsam, uni eʻʻlon qilishing mumkin”, deb tursa, nima deb tushunish mumkin? Maʻʻnaviyat markazi oʻzining harakatlari qaysi qonun, Konstitutsiya va xalqaro normalarga muvofiqligini izohlay oladimi? Yana oʻzini ovsarlikka solib, vahima qilmanglar, deganiga oʻlaymi?” degan Abdurahmon Tashanov.

Bir tomondan, ushbu tashabbusni ijod va fikr erkinligi borasidagi yagona tashabbus emas, balki kompleks chora-tadbirlarning bir qismi deyayotganlar Oʻzbekistonda yil sayin soʻz erkinligi darajasining yomonlashib borayotganini hisobga olishgan boʻlsa ajab emas. Bundan tashqari, koʻp hollarda “koʻtarinki ruh va beqiyos taʻʻriflar” bilan qabul qilinayotgan qonunlar, oʻrnatilayotgan tartiblar muammolarni hal qilishga emas, balki fuqarolar uchun yangi toʻsiqlar yaratishga xizmat qilyapti. 

Yana bir jihati, mamlakatimizda axloqsizlik va tashqi dezinformatsiyani yoyishda Rossiya telekanallari va ijtimoiy tarmoqlardagi propaganda kanallari ham faol ishtirok etmoqda. Markazning faoliyatidan ularga qarshi kurash ham oʻrin olarmikan?

“Jaholatga qarshi maʻʻrifat bilan kurashishimiz kerak“, deya koʻp takrorlaymiz. Tilga olingan muammolarni bartaraf etish uchun ham Oʻzbekistondagi mavjud kontentlarni yopish, yoʻq qilish, cheklash yoki jazolash emas, balki ularga muqobil, milliy qadriyatlarga mos keladigan loyihalarni koʻpaytirish, sifatli kontentlarni qoʻllab-quvvatlash kerak. Chunki internetni bir dengiz sifatida tasavvur qilsak, uning bir chetiga toʻgʻon qurganimiz bilan, boshqa joydan axborotlar oqib kelaveradi.

Siz nima deb oʻylaysiz: ayni paytda yangi tartib orqali “eski davr”dagi tsenzura qaytyaptimi yoki axloqsiz harakatlarga qarshi kurash boshlandimi?