17.04.2025 07:52
214

Isroilning magʻlubiyatlari: Harbiy ustunlik ortidagi siyosiy tanazzul

Isroil davlati 1948 yilda tashkil topganidan buyon Yaqin Sharqdagi harbiy va siyosiy jarayonlarning markazida boʻlib kelmoqda. U tashkil topishi bilanoq qoʻshni arab davlatlari bilan ziddiyatlar boshlangan va bu ziddiyatlar doimiy ravishda urushlarga aylanib kelgan. Isroil oʻzini tinchlik va demokratik qadriyatlar himoyachisi sifatida namoyon etsa-da, tarixiy voqelik shuni koʻrsatmoqdaki, harbiy jihatdan ustunlik siyosiy barqarorlik va mintaqaviy tinchlikka olib kelmagan. Aksincha, har bir urushdan soʻng yangi ziddiyatlar, yangi magʻlubiyatlar paydo boʻlgan. Keling, shu davrgacha Isroil olib borgan urushlar va ularning natijalarini koʻrib chiqamiz.

1948–1949 yillar: Mustaqillik urushi va boshlangʻich muammolar

Isroil tashkil topgach, Misr, Urdun (Iordaniya), Suriya, Livan va Iroq uning davlat sifatida mavjudligini tan olmasdan urush boshladi. Isroil harbiy jihatdan gʻalaba qozondi va bir qancha hududlarni egalladi. Biroq urushdan keyin falastinlik millionlab odamlar oʻz uylaridan qochqinga aylandi. Bu jarayon — "Nakba" (falokat) — haligacha mintaqadagi eng ogʻir va hal etilmagan gumanitar muammolardan biri boʻlib qolmoqda. Isroil uchun bu gʻalaba emas, chuqur siyosiy va insonparvarlik muammolarining boshlanishi edi.

1967 yil: Olti kunlik urush va ishgʻol oqibatlari

1967 yilda Isroil oʻzini xavfdan himoya qilish bahonasida Misr, Suriya va Urdunga qarshi birinchi boʻlib hujum boshladi. Oqibatda Isroil Sinay yarimoroli, Sharqiy Quddus, Gʻazo sektori va Joʻlon tepaliklarini egalladi. Harbiy jihatdan bu toʻliq gʻalaba edi, ammo siyosiy jihatdan Isroil endi "ishgʻol qiluvchi davlat" sifatida xalqaro maydonda tanqid ostida qoldi. BMTning 242-rezolyutsiyasi ishgʻol qilingan hududlardan chiqishni talab qilardi, lekin Isroil bu talabga yillar davomida rioya qilmadi. Natijada ishgʻol Falastin qarshilik harakati uchun asosiy dalilga aylandi va bugungi keskinlikning ildizlaridan biri boʻlib qoldi.

1973 yil: Yom Kippur urushi va kutilmagan zarba

Arab davlatlari Isroilga qarshi kutilmagan hujum boshladi. Urushning dastlabki kunlarida Isroil qoʻshinlari ogʻir yoʻqotishlarga uchradi. Garchi urushning oxirida Isroil holatni nazoratga olgan boʻlsa-da, psixologik va siyosiy jihatdan bu voqea Isroil jamiyati uchun zarba boʻldi. Arablar harbiy emas, balki siyosiy yutuqqa erishdi — Misr Sinayni diplomatik yoʻl bilan qaytarib oldi. Bu urush Isroilning harbiy magʻrurligini sindirdi va ichki siyosiy inqirozlarga yoʻl ochdi.

1982–2000 yillar: Livan botqogʻi

Isroil 1982 yilda Livanga kirib borib, Falastin Ozodlik tashkilotini chiqarib yuborishni maqsad qildi. Biroq Livan urushi uzoqqa choʻzildi va Isroil Hizbulloh harakatiga qarshi samarasiz kurashga botdi. Urush natijasida Isroilning harbiy kuchlari Livan janubida yillar davomida qoldi, lekin "terror" deb atalgan guruhlarni bartaraf etishning iloji boʻlmadi. Bu urush Isroil armiyasi uchun katta siyosiy va maъnaviy magʻlubiyatga aylandi.

2006 yil: Hizbullohga qarshi ikkinchi Livan urushi

Isroil Hizbulloh tomonidan uning harbiylari oʻgʻirlab ketilganidan soʻng Livanga keng koʻlamli hujum boshladi. Bir necha haftalik urush davomida Isroil yuzlab raketa hujumlariga duch keldi va Hizbullohni yoʻq qilishga erishmadi. Urush nihoyasida Isroil jamoatchiligi bu operatsiyani gʻalabadan koʻra magʻlubiyat sifatida baholadi. Bu urush harbiy strategiya va razvedkadagi kamchiliklarni ochib tashladi.

2008–2023: Gʻazoga qarshi urushlar va yangilanmaydigan stsenariylar

Isroil Gʻazo sektoriga qarshi bir necha marta harbiy amaliyotlar olib bordi (2008, 2012, 2014, 2021, 2023). Har bir operatsiyada HAMASga zarba berilsa-da, bu harakatni toʻliq yoʻq qilishning iloji boʻlmadi. Aksincha, har safardan soʻng HAMAS yanada kuchaydi, Gʻazodagi aholi esa yanada jipslashdi. Isroil harbiy yurishlari koʻpincha tinch aholining qurbon boʻlishi, infratuzilmaning vayron boʻlishi va xalqaro maydondagi imidjining yomonlashishiga olib keldi. Bunday amaliyotlar strategik maqsadlarni emas, faqat vaqtincha "javob" berishni taъminlamoqda.

2023 yil 7 oktyabrь: Istisno holatdagi magʻlubiyat

2023 yil 7 oktyabrda HAMAS Isroilga qarshi tarixdagi eng katta va samarali hujumlardan birini amalga oshirdi. Bir kunda 1200 dan ortiq inson halok boʻldi, yuzlab fuqarolar va harbiylar garovga olindi. Isroilning razvedka va xavfsizlik tizimlari bu hujumni oldindan sezolmadi. Bu hodisa Isroil uchun harbiy emas, balki ideologik va davlat tizimi darajasidagi magʻlubiyat edi. Davlat oʻz fuqarolarini himoya qila olmasligini butun dunyo oldida namoyon qildi.

Xulosa: Harbiy magʻrurlik ortidagi zaiflik

Isroil koʻpincha harbiy jihatdan gʻolib boʻlib koʻrinadi, lekin har bir gʻalaba ortida yangi qarshilik, yangi terror, yangi tanqidlar va xalqaro taъnalar yashiringan. Isroilning eng katta muammosi — siyosiy muvozanatni qurol bilan barpo etishga urinishidir. Bugungi kunda Isroil dunyodagi eng koʻp qurollangan, lekin eng koʻp xavf tugʻdiradigan davlatlardan biriga aylangan. Uning magʻlubiyati aynan shu — tinchlikni zoʻravonlik bilan qurishga urinishida. Va tarix shuni koʻrsatmoqdaki, bu yoʻl echim emas.