"Bosniyani tushunmagan, Gʻazoni ham tushunmaydi!"
Bosniya fojiasi: insoniyat uchun saboq
"Bosniyani tushunmagan, Gʻazoni ham tushunmaydi!"
Bu soʻzlar tarixda takrorlangan zoʻravonlik va genotsidga befarq boʻlmaslik haqida ogohlikdir. XXI asrga kelib, jahon yana bir bor qurolli mojarolar, xalqlarning qatliomga uchrashi va inson huquqlarining toptalishiga guvoh boʻlmoqda. Biroq bunday vahshiyliklar va xalqaro hamjamiyatning unga munosabati bizga bir necha oʻn yillar avval yuz bergan Bosniya urushi va Srebrenitsa qatliomini eslatadi.
Bosniya urushi: Evropa yuragidagi fojia
1992 yilda Yugoslaviya Federativ Respublikasi parchalanib, Bosniya va Gertsegovina mustaqilligini eъlon qildi. Bu mamlakatda asosan uchta etnik guruh — bosniyalik musulmonlar, serblar va xorvatlar yashardi. Mustaqillik eъlon qilingandan soʻng serb millatchilari Bosniya hududida oʻz nazoratini oʻrnatishga harakat qildi va mamlakat qonli urush girdobiga tushdi.
Bosniya urushi davomida qiyinchiliklarning asosiy qismini musulmonlar tortishiga toʻgʻri keldi. Rasmiy maъlumotlarga koʻra, 100 000 dan ortiq kishi halok boʻlgan, 2 million kishi oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan. Norasmiy maъlumotlarga koʻra esa, 300 000 ga yaqin musulmon qatl qilingan, 60 000 ayol va qizlar zoʻrlangan, 1,5 millionga yaqin kishi vatanidan badargʻa qilingan.
Urush davomida musulmonlar nafaqat oʻldirildi, balki ularning madaniy merosi ham vayron qilindi. 800 ga yaqin masjid yoʻq qilindi, Saraevo tarixiy kutubxonasi yoqib yuborildi.
Srebrenitsa qatliomi: insoniyat tarixidagi qora sahifa
Bosniya urushi davomida eng dahshatli voqea 1995 yil iyulь oyida Srebrenitsa shahrida sodir boʻldi. Bu shahar BMT tomonidan "himoyalangan hudud" deb eъlon qilingan boʻlsa-da, Gollandiya tinchlikparvar kuchlarining himoyasida boʻlgan musulmonlar serb qoʻshinlariga topshirildi.
1995 yil 11 iyulь kuni serb generali Ratko Mladich boshchiligidagi qoʻshinlar Srebrenitsani bosib oldi. Ular shahardagi erkaklar va oʻgʻil bolalarni ayollardan ajratib, 8 000 dan ortiq musulmonni ommaviy ravishda qatl qilishdi. Ularning koʻpchiligi oldin qattiq qiynoqqa solindi, baъzilari tiriklayin goʻrga tashlandi. Ayollar esa zoʻrlanib, koʻplab dahshatli azoblarga uchradi.
Britaniyaning The Guardian gazetasi oʻsha paytda Bosniyada xotin-qizlarni zoʻrlash uchun maxsus lagerlar tashkil etilgani haqida yozgan. 4 yoshli qizchalar ham bu jabr-zulmning qurboni boʻlgan. "Ular musulmon boʻlganliklari uchungina bu azoblarga uchrashdi", deyiladi nashrda.
Halqaro hamjamiyatning kechikkan reaktsiyasi
Srebrenitsa qatliomi Ikkinchi jahon urushidan keyingi Evropadagi eng yirik qirgʻin sifatida tan olindi. Biroq bu voqea sodir boʻlayotganda, Evropa va AQSh jiddiy aralashishdan oʻzini tiyardi. NATO kechiktirilgan havo hujumlarini amalga oshirdi, ammo bu vaqtga kelib minglab musulmonlar allaqachon qatl qilingan edi.
Keyinchalik Xalqaro jinoiy tribunal serb qoʻmondonlari va harbiylarini sud qildi. Ratko Mladich 2017 yilda umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. Biroq bu jazo qatliom qurbonlariga adolatni toʻliq tiklab bera olmaydi.
2024 yil may oyida BMT Bosh Assambleyasi Srebrenitsa qatliomini genotsid deb tan olib, tarixni buzib koʻrsatishga qarshi rezolyutsiya qabul qildi. Bu Bosniya qurbonlarining xotirasi uchun kechikkan, ammo muhim qadamlardan biri boʻldi.
Fojiadan olinadigan saboqlar
Bosniya urushi va Srebrenitsa qatliomi inson zulm va beadolatlikka qanday qodir ekanligini koʻrsatadi. Biroq bu fojia faqat tarixiy voqea emas — u hozirgi dunyodagi vaziyatni tushunishga yordam beradi.
Bugun Gʻazoda yuz berayotgan voqealar Bosniyadagi fojealarni eslatadi. Xalqaro hamjamiyatning kechikkan reaktsiyasi, begunoh bolalar va ayollarning qatli, shaharlarning vayron boʻlishi — bularning barchasi insoniyat uchun ogʻriqli saboq boʻlib qolmoqda.
Tarixdan xulosa chiqarmagan insoniyat xato va fojealarni yana takrorlayveradi. Shuning uchun ham Bosniyani unutmaslik kerak. Unutsak, Gʻazoni ham tushunish qiyin boʻladi.
Sarvar Abdullaev, jurnalist