17.09.2025 06:20
62

Birlashish vaqti keldi: Musulmonlarning NATOsi qachon tuziladi?



Bosqinchi isroilning Gʻazodagi genotsidi Islom olamining tarqoqligini yana bir bor oshkor qildi. Musulmon yurtlarida tinchlik va xavfsizlikni taъminlash uchun hozir birdamlik zarur. Islom davlatlari tomonidan NATOga oʻxshash harbiy ittifoq tuzish zaruratga aylandi. Siyosiy va iqtisodiy tafovutlarni chetga surib, umumiy qadriyatlar atrofida birlashish, tarixiy masъuliyatni ado etish vaqti keldi, deyiladi Yeni Şafak nashri tahlilida.

Terrorchi isroil davlati tomonidan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon Gʻazo sektorida uyushtirilgan hujumlar oqibatida halok boʻlganlar soni 64 ming 803 nafarga, jarohat olganlar soni esa 164 ming 264 nafarga etdi.

Bosqinchi isroilning olti davlatga uyushtirgan hujumlari ortidan Dohada Arab Ligasi va Islom Hamkorlik Tashkilotining (IHT) navbatdan tashqari qoʻshma majlisi boʻlib oʻtdi.

Shu paytgacha ham musulmonlar davlatlari rahbarlari koʻp bora uchrashdi, biroq ular sionistlarni qoralashdan nariga oʻtisholmadi.

Gʻazoda davom etayotgan qirgʻinlar butun insoniyatning vijdonini yaralamoqda, ayni paytda islom olamining tarqoqligi chidab boʻlmas holga kelgan.

Doha sammitida bu borada biroz oʻzgarish boʻldi: ishtirokchilar bugungi kunda Islom olami Gʻazodagi qirgʻinning shunchaki tomoshabini boʻlib qolgani, ularning oʻzaro birdam emasligi, xalqaro maydonda juda sust siyosat yuritayotgani tan olindi.

Koʻpchilik siyosatchilar va Islom ulamolari Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummati bu vahshiyliklarning oldini olishi uchun birlashishi, yagona ovoz va yagona kuchga aylanishi kerak, deb hisoblamoqda.

Xoʻsh, bunga erishish uchun qanday qadamlar qoʻyilishi mumkin?


Islom davlatlari siyosiy va iqtisodiy tafovvutlarni bir chetga surib, mushtarak qadriyatlar atrofida birlashishi kerak.

“Birliksiz tinchlik boʻlmaydi” degan haqiqat Gʻazoda yana bir bor yaqqol namoyon boʻldi.

2 milliardga yaqin musulmonning tarqoqligi, bir yoqadan bosh chiqarmasligi uni bir necha davlatlar qarshisida ojiz qilib qoʻydi.

Shu oʻrinda Islom olami oʻzining mudofaa va tinchlikparvar kuchlarini yaratishi kerakligi kun tartibiga chiqdi.

Bu tuzilma nafaqat harbiy, balki diplomatik, iqtisodiy va gumanitar sohalarda ham musulmon kuchlarini birlashtirishi kerak.

Buning uchun har bir musulmon davlati maъlum miqdordagi askar va resurslarini ajratib, mushtarak "tinchlik armiyasi"ni tuzishi kerak. Mudofaa va gumanitar yordam jamgʻarmasi tashkil etilishi va boy davlatlar bu ishga bosh boʻlishi lozim. Shu bilan birga neytral shaharda (masalan, Istanbul, Kuala-Lumpur yoki Doha) “Islomiy mudofaa kengashi” tuzilishi kerak. Tinch aholiga qilingan hujumlar ushbu ittifoqqa aralashish uchun avtomatik asos sifatida koʻrib chiqilishi kerak.

Islom davlatlari bu qadamni tashlamasa, qirgʻinlar davom etadi, musulmonlar hamma joyda yolgʻiz va himoyasiz qoladilar. Ittifoq tuzilgach, hech bir zolim kuch begunoh odamlarga osonlik bilan hujum qilishga jurъat eta olmaydi.

Tarix shuni koʻrsatadiki, tarqoq xalqlar halok boʻladi; birlashgan xalqlar omon qoladi.

Bugun Gʻazoda toʻkilgan qon faqat Gʻazoning qoni emas, bu butun islom olamining qonidir. Ayni paytda quruq gap emas, balki harakat qilish vaqti keldi.

Mavzuga aloqador