09.08.2025 06:30
161
Aslida gap miyada...
Ahmadboyga pul tikkanlarning aksari Xbetga ham tikkan.
Ahmadboy yoʻqolgani bilan, Teshavoyga pul tikaverishadi. Oʻsha Ahmadboyga aldanganlar uning piramida ekanligini, bir kun kelib qanchadan-qancha odam tushib qolishini ham bilgan. Faqat "orada men pulimni aylantirib olaman", deb oʻylagan.
Shuning uchun birinchi navbatda miya bilan shugʻullanish kerak. Jey Loga oʻxshagan tomoshalar boʻlaveradi, qachonki oʻshandan mazza qiladigan miyalar bor ekan.
Bir kishi Jey Lo kontserti boʻlsa, boʻlmasa rivojlanib qolmadikku, deb bir qancha muammolarni sanab beribdi.
Men aytamanki, dunyo yaxshilik va yomonlik, hayo va hayosizlik, madaniyat va madaniyatsizlik oʻrtasidagi jarayonlar ustiga qurilgan.
Hikmat esa, yaxshilik, hayo va madaniyatning koʻpayishini istaydi. Agar jamiyatda yaxshilik, hayo, madaniyat va vijdonni talab qiluvchilar, targʻib qiluvchilar va himoya qiluvchilar boʻlmasa, jamiyat xarob boʻladi, tsivilizatsiya barbod boʻladi. Yomonlik, vijdonsizlik, hayosizlik va boshqa salbiy taraflar gʻolib boʻladi.
Shuning uchun ham, vijdon, hayo, ibo, madaniyat deb jon kuydirayotganlarni koyimaslik kerak.
Jey Loga kelsak, bu did emas, etika masalasidir. Odob-axloq masalasidir. Biz Jey Loni yomonlab, unga qiziqadiganlarni mazah qilishimiz emas, balki latofat, nazokat, hayo kabi xislatlarni oʻrgatishimiz kerak.
Yana, globalizatsiya degan bahonalarni aytishyapti. Globalizatsiya qadar emas, tanlovdir. Dunyoga ochilish uning razolatlariga ochilish majburiyatlarini yuklamaydi.
Said Komil Muhammad Karim