13.03.2025 23:20

Turkiya madhiyasini yozgan oʻzbek oʻgʻloni



“Istiqlol marshi” faqatgina marsh emas, bir millatning mustaqilligi va hurriyatining hikoyasidir.
Bugun turk xalqining ozodlik dostoniga aylangan davlat madhiyasi – “Istiqlol marshi”ning qabul qilinganiga 104 yil toʻldi.
Turkiy millatlarni asrlarki ruhlantirib kelayotgan “Istiqlol Marshi”ning muallifi kelib chiqishi oʻzbeklardan boʻlgan Mehmet Akif Ersoydir.
Madhiya matni 1921 yil 12 mart kuni Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisi tomonidan maъqullangan.

Madhiyaning ham qiziq tarixi bor
“Istiqlol marshi” Turkiya tahlikali kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda yozilgan.
1920 yilning 23 aprelida Turkiya Buyuk Millat Majlisi ochiladi. 1920 yil yozida mamlakatning katta bir qismi bosqinchilar tomonidan egallangan edi. Anqarada muntazam armiya qurish ishlari olib borilayotgandi.
Bir necha asr davomida dunyoning qudratli davlati sanalgan zaminga ajnabiy mustabidlar qadami etib, mamlakat parchalanish xavfi ostida qolgan edi.
Turk vatanparvarlari esa milliy ozodlik harakati olib borardi.
Ana shunday tahlikali bir davrda Majlis hukumat yangi armiya qurishda bu armiyani qoʻllab-quvvatlaydigan va unga ruhiy kuch beruvchi omillarni ham ishga solishga harakat qiladi.
Ommaviy axborot vositalarida xalqni bosqinchilarga qarshi turishga, birlashishga, qoʻrqmaslikka daъvatlar qilinadi. Gazeta va jurnallarning koʻplab qismi hukumat tomonidan sotib olib, frontlarga yoʻnaltiriladi. Mitinglar tashkil qilinib, masjidlarda vaъzlar oʻqiladi. Va Istiqlol Marshi ham xalqning va armiyaning ruhiyatini koʻtarib,  jangovorligini oshiradi, deb hisoblangan.
Turkiya maorif vazirligi milliy madhiya matni boʻyicha shoirlar oʻrtasida tanlov eъlon qiladi.
Oʻsha davrning Taъlim vaziri Riza Nur oʻz xotiralarida marsh tanlovi oʻz tashabbusi boʻlganini yozgan:
"Ulugʻ inqilob va urush kunlari. Bunday vaqtlarda millatlar oʻzlarining eng yaxshi milliy marshlarini yaratadilar. Ana shunday milliy marshning matni va musiqasini yozganlarga besh yuz lira mukofot berishimni eъlon qildim".
Shu tariqa gazetalarda Istiqlol Marshi sheъri va musiqasi uchun tanlov eъlon qilingan. Tanlov muddati 1920 yil 23 dekabrgacha etib belgilangan.

Mukofotni rad etgan shoir
1920 yil 23 dekabridan soʻng Taъlim vazirligi tanlovga kelgan sheъrlarni koʻrib chiqiladi, ammo hech biri Istiqlol Marshi boʻlishga munosib topilmaydi.
Vazir Hamdulloh Subhiy shu davrning mashhur shoiri Mehmet Akifning tanlovda ishtirok etmaganini biladi. Sababi esa juda qiziq: shoir marshga mukofot qoʻyilgani uchun tanlovda qatnashmagan ekan.
Manbalarda millatparvar shoir “Millatimga muhabbat ramzi oʻlaroq yozgan sheъrimga mukofot tama qilsam, men qanday shoir boʻldim?! Vatan madhiyasi sotilmaydi-ku!” degani keltirilgan.
Vazir Hamdulloh Subhiy 1921 yil fevralda shaxsan oʻzi shoirga maktub yozib, mukofot masalasini toʻgʻri tarzda hal qilish va tanlovda ishtirok etishini soʻraydi.
Shunday qilib, koʻp millionli millatni yagona bayroq ostida birlashtirishga xizmat qilgan “Istiqlol marshi” yaratiladi. Oʻnta toʻrtlik (qitъa) va 41 misradan iborat madhiyada shunday satrlar bor:
Ruhumun senden İlahî, şudur ancak emeli:
Değmesin mabedimin göğsüne namahrem eli.
Bu ezanlar, ki şehadetleri dinin temeli,
Ebedî, yurdumun üstünde benim inlemeli.
Maъnosi:
Ruhimning Sendan Ilohim, faqat shudir tilagi,
Tegmasin maъbadim koʻksiga nomahram iligi,
Bu azonlarki shahodatlari dinning tamali,
Yurtimning ustida manim abadiy yangrasa qani.
Oʻshanda shoir Mehmet Akif Ersoy “Alloh bu millatga ikkinchi bor Istiqlol madhiyasi yozishni ravo koʻrmasin!” deya mamlakat ozodligi abadiy boʻlishini tilagan edi.
Oʻzbek qoni bor
Shoir va siyosatchi Mehmet Akif Ersoyning (1873–1936) otasi Mehmet Tohir asli alban millatiga mansub mudarris, onasi esa buxorolik oʻzbeklarning qizi Omina Sharifa xonim edi.
Mutafakkir Sezai Karakoch “Ota qavmi rumelik, ona qavmi buxorolik, tavallud topgan maskani esa Istanbulning Fotihidir” deganda ayni shu tarixiy haqiqatni nazarda tutgan.
Mehmet Akif Ersoy nafaqat isteъdodli shoir, atoqli arbob, bilimdon muallim, isteъdodli voiz va Qurъoni karimning mohir  tarjimoni sifatida ham tarixga kirgan.
“U dorilfunun professori sifatida adabiyot fakulьtetida dars bergan. Arab, fors va frantsuz tillarini mukammal bilgan bu zot islom ilmlarini puxta oʻzlashtirgan olim ham edi. U “Siroti mustaqim” jurnalida eъlon qilgan maqolalari orqali xalqqa maъrifat nurini yoydi.
Aytishlaricha, Onadoʻli boʻylab safar qilgan kezlari hamyonida bor-yoʻgʻi 36 kurush qolgan ekan. U ana shunday turfa sinovlarda toblangan chinakam inson edi”, deya shoirga taъrif beradi Prezident Rajab Toyyib Erdoʻgʻon.
“Istiqlol marshi”ga  sohiblik gʻururi
Mehmet Akif Ersoy bugun ham Turkiyada ijodi keng tadqiq etilayotgan, fikrlari siyosat, fikr va ijod ahli tomonidan koʻp bora tilga olinadigan shoirlar sirasiga kiradi.
“Millat oʻzaro ahil va jips boʻlsa, uni biror bosqinchi engolmaydi”, – degan edi shoir bundan salkam bir asr avval.
Turkiya milliy madhiyasi yozilganiga bir asrdan oshdi. Oʻtgan davr mobaynida mamlakatda davlat va hukumat rahbarlari necha bor oʻzgardi, ammo Istiqlol marshi hamon millat gʻururi timsoli sifatida baralla yangramoqda.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon  “Millat sifatida Istiqlol marshi kabi sheъr sohibi boʻlganimiz uchun har qancha gʻururlansak, har qancha shukr etsak oz”, deya eъtirof etgan.
Turkiya etakchisiga koʻra, Istiqlol marshi bugun ham qoʻlida bayroq tutgan, qalbida takbirni takrorlagan turk vatandoshlarini bir tanu bir jon etishga koʻmak beradi.
Sohiba Hayot tayyorladi.