Marokash arsloni: Muhammad Ibn Abdulkarim al-Xattobiy
Uygʻongan arslon
Rif togʻlari bagʻridan esayotgan shamolning uzoqdagi shivirlashini hisobga olmaganda, tun sukunatga choʻmgan edi. Porox va qatъiyat hidi eru koʻkni tutgan. Muhammad Ibn Abdulkarim al-Xattobiy qoyali tepalik chetida turib, mustamlakachi qoʻshinlar toʻplanayotgan pastdagi vodiyni kuzatardi. U dushman kuchlarining son va qurol-yarogʻ jihatidan undan ustun ekanini bilsa-da, bir narsaga shaksiz amin edi: u hech qachon taslim boʻlmaydi. Uning vatani sotiladigan yoki muzokara qilinadigan matox emas, u qon va poʻlat bilan himoya qilinajak!
Olimdan jangchiga aylangan inson
Notinch va tahlikali bir davrda tugʻilgan Muhammad Ibn Abdulkarim al-Xattobiy Marokashning tirik afsonasiga aylanishi taqdiri azimdir. U 1882 yilda Ajdirda, Ays Yusuf urugʻidan boʻlgan hurmatli qozi Abdulkarim Xattobiyning oilasidan dunyoga keldi. Bolaligidanoq Qurъonni chuqur oʻrgandi va gʻoyat aqlli ediki, bu xislat keyinchalik uni Marokashning eng kuchli qarshilik etakchilaridan biriga aylantirgan tabiiy rahbarlik qobiliyati bilan sayqalladi.
Uning bilim va tafakkuri ham chuqur, ham keng qamrovli edi. Dastlab otasidan arab tili va Qurъonni oʻrgangan, keyin esa hadis va fiqhni oʻrganish uchun Fezdagi Al-Qaraviyyin universitetida tahsil olgan. Al-Xattobiy, shuningdek, Ispaniyada oliy maъlumot olib, huquqshunoslik va jurnalistika boʻyicha oʻqidi. Anъanaviy islomiy taъlim va Gʻarb taъlimining bu noyob uygʻunligi nafaqat uning strategik fikrlashini oʻtkirlashtirdi, balki uni haqiqiy intellektual daho sifatida ham namoyon etdi. U hatto mahalliy maktabda dars berib, oʻzining daqiq bilimi va adolatga boʻlgan sodiqligi bilan koʻplab marokashlik yoshlarni ilhomlantirdi. Noyob isteъdodi uni xalqaro eъtirofga sazovor qildi – bir paytlar "The Times" gazetasi uning suratini birinchi sahifasiga joylashtirgan edi.
Oʻsha paytda Islom Magʻribi kishi tasavvur qila olmaydigan tartibsizlik domida edi. Mustamlakachi davlatlar Marokashning butun tarix davomida qahramonlar etishtiruvchi maskan ekanini anglagan edilar. Shu sababli Evropaning 12 ta davlati 1906 yilda Alxesiras konferentsiyasini tashkil etish va unda ishtirok etish orqali yangi bir islomiy tahdidga chek qoʻyishga qaror qilishdi. Amerika Qoʻshma Shtatlari tarixda birinchi marta Monro doktrinasini (AQShga xalqaro siyosatga aralashishni taqiqlovchi siyosat) buzib, oʻyin maydonida paydo boʻldi. Bu mamlakatlarning barchasi abadiy islomiy dahshatga chek qoʻyish uchun toʻplanishdi va ushbu konferentsiyada Islom Magʻribini boʻlib yuborishga ahd qilishdi!
Qizigʻi shundaki, bu mamlakatlar Magʻrib Podshohligini shunchaki boʻlib olish bilan kifoyalanmadilar, balki uning abadiy parchalanishini kafolatlash uchun bu ishni misli koʻrilmagan va zararli tarzda ado etdilar: Frantsiya Podshohlikning janubiy qismini, yaъni Mavritaniyani oldi. Ispaniya shimoldagi qoʻshni qismni, Marokashning Gʻarbiy Sahroi Kabirini egallab oldi. Soʻngra Frantsiya yana Sahroyi Kabirning shimolini, hozirgi Marokash markazini ishgʻol qildi. Ispaniya yana shimolda Marokashning shimoliy qirgʻoqlarini, Marokash Rifini egalladi, Germaniya va Britaniya esa turli hududlardagi shaharlarni ishgʻol qildi. Bu bilan hamma Magʻribda islomiy mavjudlikni abadiy tugatdik, deb oʻyladi. Ammo shayx Abdulkarim Xattobiy va uning oʻgʻli Muhammad bunday fikrda emasdi.
Ular raqib qabilalarni islom bayrogʻi ostiga toʻplab, Usmonli xalifasiga telegrammalar joʻnata boshladilar. Bu urinishlardan soʻng ispanlar mujohid shayx Abdulkarim Xattobiyni oʻldirib, oʻgʻlini asir olib, Marokashdagi togʻ choʻqqisidagi qamoqxonaga tashladilar. Ajablanarlisi shundaki, qahramonimiz choyshabdan arqon yasadiyu, qamoqxona derazasidan sakrab, oʻzini ozod qila oldi. Afsuski, arqon Al-Xattobiyning ergacha etib berishiga kaltalik qildi, shuning uchun u balandlikdan tosh qoyalarga sakrashga majbur boʻldi. Qattiq yiqilish uning oyoqlarini sindirib, hushidan ketkazdi. Shunda qorovullar uning qochganini bilib qolib, yana qamoqxonaga qaytarib olib ketishdi.
Ozodlik uchun jang va inqilobiy taktika
Muhammad ibn Abdulkarim Al-Xattobiy bir muddat asirlikda boʻlganidan soʻng qamoqdan ozod qilindi. Keyinchalik u Marokash Rifidagi qabilalardan atigi uch ming jangchidan iborat qoʻshin tuzdi; urush tarixida birinchi boʻlib "partizan urushi" deb nomlangan yangi harbiy sanъatni yaratdi va undan foydalandi. Keskin zarba va qochish taktikasiga asoslangan bu harbiy usul keyinchalik dunyoning barcha inqilobchilari tomonidan qoʻllanildi. Bundan tashqari, Muhammad dushman bazasigacha etib boradigan er osti tunnellarini qazishdan iborat yana bir qarshilik tizimini barpo etdi. Vьetnam rahbari Xo Shi Min bir necha yil oʻtgach, amerikaliklarga qarshi xuddi shu taktikani qoʻllaganini tan olib, buni Al-Xattobiy tufayli amalga oshirganini aytib oʻtgan.
Buning sharofati bilan islom qahramoni ispan armiyasiga kunlik janglar orqali yangicha saboq bera oldi. Ispanlarning Islom Rifidagi yoʻqotishlari koʻpayganida, qirol Alfonso XIII Madriddan doʻsti general Manuel Fernandes Silvestre qoʻmondonligi ostida butun boshli qoʻshinni yubordi. Ikki armiya "Annual"ning abadiy jang maydonida toʻqnashdi. Tashkil etilgan ispan armiyasi 60 ming askar, shuningdek, samolyot va tanklardan iborat edi. Al-Xattobiyning qoʻshinida esa, aksincha, oddiy miltiqlar bilan qurollangan atigi 3 ming musulmon mujohid bor edi, xolos.
Biroq bu ikki tomon eъtiqod boʻyicha ham dushman edi; bir guruh Alloh yoʻlida, boshqasi esa er va xoch uchun jang qilardi. Shu sababli Allohning moʻminlarni qoʻllab-quvvatlashi muqarrar edi. Darhaqiqat, afsonaviy Xattobiy qoʻmondonligi ostidagi 3 ming mujohid 60 ming salibchining butun boshli qoʻshini ustidan chinakam nusrat qozondi. Butun boshli qoʻshin er tishlatildi.
Musulmonlar 18 ming ispanni halok etib, oʻn minglab bosqinchilarni asirga olishdi. Faqatgina 600 nafar ispan askari tumtaraqay qochib, Ispaniyaga chekindi va qirollariga Marokash Rifida koʻrgan dahshatlarini soʻzlab berdi.
Islomiy amirlik
Keyinchalik Al-Xattobiy shimoliy Magʻribda Rif islom amirligini barpo etdi. U oʻz amirligining odamlariga besh yil mobaynida haqiqiy islom dinini oʻrgatdi. Soʻngra dunyo mamlakatlariga ilmiy safarlar uyushtirib, jang qilayotgan qabilalarni islom bayrogʻi ostida birlashtirdi.
Har qanday islomiy uygʻonishdan soʻng kutilganidek, faqat musulmonlarga qarshi kurashish uchun birlashadigan nasroniy mamlakatlar, bu yangi tugʻilgan islomiy davlatning xavfini sezgach, tagʻin toʻplanishdi. Agar bu davlat saqlanib qolsa, tarix yoʻnalishini butkul oʻzgartirib yuborishi mumkin edi. Shunday qilib, ular atigi 20 ming mujohidga qarshi kurashish uchun yarim million evropalik askardan iborat ittifoq tuzdilar, ularning tanklari, samolyotlari va harbiy kemalari ham hisobsiz edi. Keyin esa eng katta hayratlanarli voqea yuz berdi!
Mujohid Muhammad ibn Abdulkarim al-Xattobiy rahbarligida mujohidlar barcha janglarda gʻolib chiqib, bosqinchilar saflariga ketma-ket zarbalar berdilar. Bu holat Evropa ittifoqini baъzi arab shayxlariga pora berishga majbur etdi. Bu xoinlar Al-Xattobiyga qarshi jang qilib, u bilan birga kurashishni man etuvchi fatvolar chiqardilar. Buning ustiga, Frantsiya va Ispaniya samolyotlari tinch aholini kimyoviy qurollar va zaharli gazlar bilan bombardimon qildi, Angliya floti esa Marokash qirgʻoqlarini qamal qildi.
Shunda Al-Xattobiy butun dunyo xalqlari, xoinlar va salibchilarga qarshi kurashdi, hatto uning qoʻl ostida al-Xattobiyning amri bilan Alloh yoʻlida shahid boʻlishga ont ichgan atigi 200 jangchi qolgandi. Bu odamlar sherdek jang qildilarki, hatto salibchilar ularni engishdan umid uzishdi. Aynan shu paytda salibchilar eski/zamonaviy usulga murojaat qilib, Muhammad bilan sulh va yarashuvni imzolashdi. Bu shartnomaga koʻra, barcha mujohidlarning xavfsizligi kafolatlandi va marokashliklar uchun munosib, erkin va mustaqil hayot vaъda qilindi.
Odatdagidek, salibchilar oʻz vaъdalarini bajarmadilar. Ular afsonaviy mujohid shahzoda Muhammad ibn Abdulkarim al-Xattobiyni oʻgʻirlab, bir-ikki yil emas, balki yigirma yil davomida Hind okeanidagi orollardan biri – Madagaskarga surgun qilishdi.
Iymonda sobit: Surgundagi hayot
1926 yilda frantsuzlar tomonidan qoʻlga olinganidan soʻng al-Xattobiy uzoq Madagaskar orolida yigirma yildan ortiq vaqt davomida yolgʻizlikda, oʻzi qattiq himoya qilgan vatanidan olisda yashadi. Mustamlakachi davlatlar vaqt va masofa uning irodasini sindiradi, deb oʻylagan edi, ammo aksincha, oʻsha yillar uning maъnaviy kuchini yanada mustahkamladi. U kunlarini ibodat, tafakkur va Allohning ilohiy rejasiga boʻlgan qatъiy ishonch bilan oʻtkazdi.
Uning afsonaviy boʻysunmasligi haqidagi xabar Marokashdan ancha uzoqlarga, butun arab dunyosiga taralgan edi. Uning hikoyasiga maftun boʻlganlar orasida Misr qiroli Faruq ham bor edi, u al-Xattobiyni mustamlakachilik hukmronligiga qarshi kurashning timsoli sifatida hurmat qilardi. 1947 yilda frantsuzlar surgundaligida ham uning taъsiridan qoʻrqib, uni Frantsiya janubiga koʻchirishga qaror qilishdi. Ammo taqdirning oʻz rejasi bor edi.
Uni olib ketayotgan kema Suvaysh kanali boʻylab suzar ekan, Port-Saidda taqdir izmi bilan toʻxtashga majbur boʻldi. Uning kelgani haqidagi xabar atrofga yashin tezligida tarqaldi. Rif arslonini juda qattiq hurmat qiladigan Misr milliyatchilari darhol harakatga chogʻlandilar. Qirolning soʻzsiz roziligi va qatъiyatli xalqning irodasi bilan al-Xattobiy frantsuzlar nazoratidan "ozod etildi." Unga siyosiy boshpana berildi va u Misrda qahramon sifatida kutib olindi.
Abdulkarim imperializmga qarshi kurash ramzi sifatida butun dunyoga tanilgan edi.
Marokashlik arslon Evropa mustamlakachiligiga qarshi turganligi sabab Meksika, Xitoy, Peru, Hindiston kabi dunyo boʻylab koʻplab mamlakatlarda madh etilgan.
U 1963 yilgacha Jamol Nosir boshqaruvidagi Misrda umr kechirdi.
U hatto 1956 yilda Marokashnning mustaqillikka erishganini koʻrish uchun etarlicha uzoq yashadigan boʻlsa-da, Frantsuz kuchlari Shimoliy Afrikaning barcha hududlarini tark etmaguncha vataniga qaytishdan bosh tortib oʻtdi.
Abdulkarim al-Xattobiyga hurriyatga etishish nasib qilmadi, biroq u Evropa imperiyalarining engilmasligi yolgʻon ekanini koʻrsatib bera oldi.
Yashab kelayotgan meros
Vafot etganidan soʻng ham Xattobiyning taъsiri ortgandan ortib boraverdi. Uning taъlimotlari, strategiyalari va bukilmas irodasi yangi avlodlarni ilhomlantirishda davom etmoqda. Bugungi kungacha uning nomi adolat uchun kurashga ishonganlar orasida hurmat bilan tilga olinadi. Che Gevaraning soʻzlari uning soʻnmas sadoqatiga abadiy ehtirom boʻlib xizmat qiladi:
“Siz oʻchishni istamayotgan olovdaysiz. Tarix taslim boʻlmaganlarni aslo unutmaydi”.
Bu ikki inqilobiy shaxs oʻrtasidagi taqdir uchrashuvida Che Xattobning qatъiyati va etakchiligini eъtirof etib, shunday degan edi:
"Aziz shahzoda, men Qohiraga aynan sizdan oʻrganish uchun keldim."
Bu Xattobiyning oʻz davrining eng buyuk inqilobchilari qatoridan oʻrin egallaganiga dalolatdir.