06.12.2023 01:57
Alixontoʻra Sogʻuniy (1885—1976)
Alixontoʻra Shokirxontoʻra oʻgʻli Sogʻuniy 1885 yili 21 martda Turkiston oʻlkasining Toʻqmoq shahrida tugʻilgan. Bu shaharning eski nomi Bolosogʻun boʻlib, Alixontoʻra oʻz taxallusini tanlashda unga nisbat bergan. U kishining otasi Shokirxontoʻra davrining oʻqimishli kishisi boʻlgani uchun oʻgʻlini avvaliga Buxoro shahridagi «Mir Arab» madrasasiga, keyinchalik esa Madinai munavvaradagi dorulfununlardan biriga oʻqishga yuboradi. Tabiatan zakovatli, ziyrak, yangilikka oʻch boʻlgan yosh Alixon qiroat, tafsir, hadis, fiqh, nahv, balogʻat, mantiq, tabobat, tarix, siyrat, joʻgʻrofiya, nazmu nasr va boshqa fanlar boʻyicha etuk mutaxassis boʻlib etishadi. Tahsildan keyin yurtdagi ijtimoiy-siyosiy faoliyatga aralashib ketadi.
Mustabid bosqinchilarning mahalliy aholi vakillarini mardikorlikka olish siyosatiga qarshi chiqqani uchun yosh Alixontoʻra 1914 yili rus podshohining maxfiy politsiyasi nazoratiga tushib qoladi. 1916 yili xalq qoʻzgʻoloni shafqatsizlarcha bostirilgach, u mamalakatda qolish xavfliligini sezib, siyosiy muhojir sifatida Qashqarga (Xitoy) ketishga majbur boʻldi. Keyinroq Sharqiy Turkistonning boshqa bir yirik shahri Gʻuljaga bordi.
Alixontoʻra Sharqiy Turkistonda ham ijtimoiy-siyosiy faoliyatini davom ettirib, xalqning milliy-ozodlik harakatiga qoʻshiladi. Xalq orasida yurtni bosqinchilar zulmidan ozod qilish gʻoyalarini faol targʻib qilgani sababli 1937 yili Xitoy maʻʻmurlari tomonidan hibsga olinib, umrbod qamoq jazosiga hukm etildi. 1941 yili adliyaviy taftish natijasida ozod qilindi. 1944 yil 12 noyabrda Sharqiy Turkiston jumhuriyati eʻʻlon qilinib, Alixontoʻra Muvaqqat inqilobiy hukumat raisligiga saylandi. Milliy qoʻshinni tuzish, uni qurollantirish va tarkibini mustahkamlash ishining tashabbuskori sifatida qoʻshin bosh qoʻmondoni etib tayinlandi va unga “marshal” oliy harbiy unvoni beriladi.
Alixontoʻra boshliq Sharqiy Turkiston fidoyilari yurtni Xitoy zulmidan ozod qilish uchun umumxalq kurashini boshlab yuborishadi. 1944 yil 7–10 noyabrda Gʻuljada musulmon sharqiy turkistonliklarning qurolli qoʻzgʻoloni gʻalaba qozonadi. Xitoy va Sovet davlati oraligʻidagi katta bir hududda uygʻur, qozoq, oʻzbek, qirgʻiz, tatar va doʻngan xalqlarini mustahkam ishonch va diniy birodarlik asosida birlashtirgan Sharqiy Turkiston jumhuriyatini barpo etish harakati boshlkanib ketadi. Xitoyning Chankayshi va gomindanchilardan iborat yuz ming kishilik armiyasi ketma-ket boʻlgan shiddatli janglarda tor-mor etiladi.
Sovetlar imperiyasining yonginasida paydo boʻlgan va koʻpgina mamlakatlar tan olishi muqarrar boʻlib qolgan Sharqiy Turkiston musulmon davlati mustabid hukmdorlarni vahimaga solib qoʻygan edi. Shu sababli sovet hukumatining xiyonatkorona tuzgan rejasi va hiyla-aldov bilan qoʻpollarcha amalga oshirilgan geosiyosiy oʻyinlari natijasida Alixontoʻra 1946 yil 28 iyunda Gʻulja shahridan oʻgʻrincha Toshkentga keltiriladi. Olimning avlodlaridan Bahmanyor Shokirovning yozishicha, ”Xalqning: “Jumhurrais qaerda?” degan savollariga sovet elchixonasi yolgʻon javoblar beradi. Oʻshanda oʻn minglab jonfido vatanparvarlaru necha million ozod Sharqiy Turkiston xalqi mungʻayib qolavergan. Bobom oilasi bilan dastlab Markazqoʻm bogʻida yashagan. Marshalga koʻz-quloq boʻlib turish “xalqlar otasi” (Stalin) tomonidan shaxsan Usmon Yusupovga topshirilgan ekan. Shunday qilib, faol siyosatdan voz kechishga majbur etilgan, qalbi qaygʻu-hasratu, dardu alamga toʻlgan, ammo oʻz eʻʻtiqodi, oʻz mafkurasidan zarracha voz kechmagan jafokash inson ilmu fan tadqiqotlariga shoʻngʻib ketadi”.
1959 yili Alixontoʻra Sogʻuniy oʻzining koʻpyillik ijodiy mehnati mahsuli boʻlgan “Tarixi Muhammadiy” asarini yozib tugatadi. Ammo sovet tuzumi bu asarni bosib chiqarishga ruxsat bermaydi. Faqat yurtimiz mustaqil boʻlganidan keyingina Paygʻambar alayhissalom siyratlariga bagʻishlangan bu noyob asar kitobxon qoʻliga borib tegdi. Uzoq yillar dahriylik siyosati hukmron boʻlgan bu yurtda bunday asarning paydo boʻlishi musulmonlar ongi va qalbida chin maʻʻnoda maʻʻnaviy inqilob yasadi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur haqida birinchi boʻlib rost soʻzni aytgan ham Alixontoʻra Sogʻuniy boʻlgan edi. Sovet tuzumining “kuchga toʻlgan” bir davrida, 1967 yili uning forsiydan tarjima qilgan “Temur tuzuklari” asari respublikaning yangi nashrlaridan “Guliston” jurnalida chop qilina boshladi. Jurnalning “Tuzuklar” bosilgan sonini qoʻlga kiritish oʻsha paytda eng katta gʻalaba edi, uni oʻqish esa bundan kattaroq jasorat talab qilardi. Ammo “hushyor” tuzum bu “xavfli” asarning chop etilishini toʻxtatib qoʻydi, bu ishga bosh-qosh boʻlganlar taʻʻzirlarini “eyishdi”. Mustaqillik yillaridagina asar toʻligʻicha nashrdan chiqarildi.
Shundan keyin olimning etti yil mobaynida yozgan “Turkiston qaygʻusi” tarixiy-publitsistik asari dunyoga keldi. Unda Sogʻuniy oʻz hayot yoʻlida oʻzi guvoh boʻlgan koʻplab voqealarga donishmand nazari bilan baho beradi, millat, yurt va din qaygʻusidagi oʻtli dardlarini toʻkib soladi. Bundan tashqari, tabʻʻi nazm olim oʻzining sheʻʻriy asarlarini tartibga solib, “Devoniy Sogʻuniy” devonini tuzdi, tabobatga bagʻishlangan “Shifaʻʻul-ilal” asarini yozdi. Bir necha kitoblarni turk va fors tillaridan oʻzbekchaga oʻgirdi.
Toshkent ziyolilari, ahli fazl kishilari Alixontoʻra Sogʻuniyni maʻʻnaviy ustoz, bilimdon donishmand sifatida sevib, u kishining suhbatiga hamisha oshiqishar edi. Mavjud tuzum olimni odamlardan uzib, uy tutqunligida tutishga harakat qilsa ham, uning xonadoni hamisha muxlislar talpinadigan qutlugʻ dargohga aylangan edi. Din va fan olimlari toʻra xonadonining kunda-shundasiga aylanishgan edi. Mashhur geolog olimlardan Habib Abdullaev, Gʻani Mavlonov, qozi Fozilxoʻja, Shayx Ziyouddinxon Boboxonov va boshqalar Alixontoʻra suhbatlaridan koʻp bahramand boʻlishgan.
Ushbu satrlar muallifiga Alixontoʻra bilan shaxsan koʻrishish baxti nasib etmagan esa-da, u zot bilan bogʻliq bir necha voqealarga guvoh boʻlganman. Shulardan biri Alixontoʻraning sadoqatli shogirdlaridan Sirojiddin domla Jahongirov bilan kechgan edi. Oʻsha paytda qadrdonimiz Sirojiddin aka Koʻkaldosh madrasasida mudarrislik qilar, men ishlayotgan jurnal vaqtincha shu madrasa binosiga koʻchib kelgani uchun u kishi bilan har kuni koʻrishib, suhbatlashib turardik. Bir kuni suhbat asnosida Sirojiddin aka Alixon toʻradan saboq olib yurganida u kishining goʻzal bir suhbatlarini yozib olganini aytib qoldi. Men darrov qiziqish bildirib, oʻsha suhbat bilan tanishmoqchi boʻldim. Sirojiddin aka ertasiga oʻquvchilar daftariga mayda harflar bilan bitilgan oʻsha suhbat matnini olib keldilar. Haqiqatan, u kishi aytmoqchi Alixontoʻraning talabalar huzurida qilgan bu mavʻʻizalarini juda mazmunli, hikmatga toʻliq edi. Domlaning roziliklari bilan suhbatni jurnal oʻquvchilariga tortiq qilishga kelishdik. “Qalb xotirjamligi” sarlavhasi ostida berilgan bu maqola koʻpchilikka manzur boʻldi. Qisqagina ana shu suhbatdayoq atoqli olimning salohiyati, bilimdonligi, ayniqsa insonning ruhiy olamini yaxshi bilishi aniq koʻrinib turardi. Soʻzimiz quruq boʻlmasligi uchun shu maqoladan ushbu birgina iqtibosni keltirish bilan kifoyalanamiz:
“Moʻminning hayoti faqat xotirjamlikdan iborat boʻladi. Shuning uchun jon taslim qilayotganida unga “Ey xotirjam-sokin nafs” deb nido qilinadi. Buning mukofotiga u jannat bilan taqdirlanadi. Chunki jannat – xotirjamlik, osoyishtalik, orom va taskin maskanidir. Bu ulkan mukofotga u dunyo hayotida Allohning zikrida boʻlib, Uning roziligi yoʻlida solih amallar qilgani uchun musharraf boʻldi. Endi u abadiy orom va xotirjamlik ogʻushida boʻladi... Din yoʻlida xizmat qilgan biror inson dunyodan “attang” deb oʻtmaydi. Allohning Kalomini oʻrganib, Uning zikri bilan mashgʻul boʻlgan biror moʻmin vaqti behuda oʻtganiga nadomat chekmagan. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning hadislarini oʻrganib va oʻrgatib, farzandlarini solih inson etib tarbiyalagan biror kishi oxirat sari safarida pushaymon boʻlmagan. Qalbi xotirjam, koʻngli tinch-osoyishta, labida tabassum bilan koʻz yumgan. Moʻmin kishi uchun bundan ortiq neʻʻmat, bundan-da ortiq baxt bormi?!”
Ikkinchi voqeani Toʻraning yana bir sodiq shogirdi Doʻstmuhammad domla Bodariy soʻzlab bergan edi: “Umrlari nihoyasmida ustozga odamlar bilan aralashishga ijozat berilgan esa-da, ammo ular huzurida soʻzlash hamon taqiqda edi. Bir kuni Toʻram bilan Oqlonga bir toʻy marosimiga bordik. Eb-ichilib, odamlar birin-ketin tarqala boshlagan paytda ustoz “Bir daqiqaga ketmay turinglar!” deb xitob qilib qoldilar. Eshikka qarab yurganlar joylarida toʻxtashdi, hali ulgurmaganlar joylariga yana oʻtirishdi. Ustoz tillaridagini ichlariga yutaverib, odamlarga gaplarini aytolmay, toʻlib ketgan ekanlar, oʻzlariga xos maymin, ammo qatʻʻiyatli ovozda mavʻʻiza qilishni boshlab yubordilar. Oʻsha kuni u kishi Qurʻʻoni karimning Asr surasini shunaqangi hayajon va dard bilan yarim soatcha tafsir qilib berdilarki, toʻyxonada yigʻlamagan odam qolmadi. Toʻramning oʻsha suhbatlari hozirgacha oʻzim guvoh boʻlgan vaʻʻz-irshodlarning eng ajoyibi boʻlgandi”.
Butun hayotini din, millat, vatan deya kurash bilan oʻtkazgan, odamlarga dinlarini tanitish yoʻlida ulugʻ fidoyilik koʻrsatgan olim va adib, ulkan jamoat arbobi Alixontoʻra Sogʻuniy hazratlari 1976 yilning qishi nihoyasida foniy dunyoni tark etib, Mavlosiga qovushdi. Vasiyatiga koʻra, qadrdon doʻsti, qozi Fozilxoʻja bilan yonma-yon dafn etildi. Chunki Fozilxoʻja qozi domla Alixontoʻra Sogʻuniy bilan juda yaqin edi. Ularning qanchalar yaqin boʻlishganiga ushbu voqea yaxshi misol boʻla oladi: Qozi domla bu dunyodagi safari qariganini sezgach, “janozamni Alixontoʻra Sogʻuniy hazratlari oʻqisalar…” deb vasiyat qiladi. Olimning bu vasiyati soʻzsiz amalga oshirilgan. Oradan koʻp oʻtmay, Alixontoʻra Sogʻuniy hazratlari toʻqson bir yoshda vafot etadi. Bu zotning vasiyatlari bunday boʻlgan ekan: “Bul ojiz bandani shayx Zayniddin bobo qabristoniga mulla Fozilxoʻja eshon yoniga dafn etinglar”. Bu vasiyat ham soʻzsiz bajarildi. Dunyoda hamisha yonma-yon yurgan, hammaslak ikki doʻstning qabrlari ham bir joyda boʻldi. Istiqlol yillarida Alixontoʻra Sogʻuniyning xotirasini abadiylashtirish maqsadida Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi oʻrta maktabga, Chilonzor tumanidagi mahallaga, Shayxontohur tumanidagi koʻchaga u kishining nomi berildi.
Ahmad MUHAMMAD rahimahulloh