21.10.2024 17:31

Hamd faqat Allohga xos (Fotiha surasining birinchi oyati)

“Alhamdulillahi robbil ʻʻalamin” – Barcha maqtov va shukrlar olamlarning tarbiyachisi – Robbi Allohga boʻlsin. Fotiha surasining birinchi oyati sharhi.

Oyati karimadagi “hamd” kalimasi “maqtov” maʻʻnosida keladi. Imom Tabariy “hamd” va “shukr” soʻzlarini maʻʻnodosh deydi. Lekin Imom Qurtubiyning aytishicha, “hamd” soʻzi shukr soʻzidan koʻra umumiyroq maʻʻnoda keladi. Chunki shukr maʻʻlum bir neʻʻmatga evaz oʻlaroq ishlatiladi. Hamd – maqtov esa neʻʻmatga evaz emas. Masalan, falon kishi ehson qilgani uchun shukr aytdim, deyiladi. Yoki falon kishining shijoatiga, ilmiga maqtov aytdim, deysiz. Birinchi holatda sizga ehson qilgani uchun shukr aytdingiz. Ikki holatda siz hamd – maqtov aytgan kishining ilmi va shijoati sizga umuman manfaat keltirmasligi mumkin. Shu jihatdan “hamd” kalimasi “shukr” kalimasidan koʻra umumiyroq hisoblanadi.

“Alhamdulillah” kalimasiga toʻxtaladigan boʻlsak, Imom ibn Kasir oʻz tafsirida shunday keltiradi: Umar ibn Xattob Ali roziyallohu anhumoga aytadi, uning atrofida boshqa sahobalar ham bor edi: “Laa ilaha illalloh, Subhanalloh, Allohu" akbar. Biz bu kalimalarni oʻrgandik. Maʻʻnolarini angladik. Enda navbat “Alhamdulillahga” keldi. Bu qanday kalima?”. Shunda Ali karramallohu vajhahu: “Bu kalima Alloh Oʻzi uchun suygan va rozi boʻlgan aytishingni yoqtiradigan kalima”, deb javob berdi.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda esa paygʻambar alayhissalom: “Zikrlarning eng afzali “Laa ilaaha illalloh”, duolarning eng afzali esa “Alhamdulillah”, dedi. (Imom Termiziy rivoyati)

Imom Qurtubiy oʻz tafsirida Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qiladi. Nabiy alayhissalom: “Alloh bandasiga bir neʻʻmatni berganda “Alhamdulillah” desa, olganidan afzalrogʻini ham beradi”, degan.

“Robbil alamin” kalimasiga toʻxtalsak, Muhammad Ali Sobuniy “Sofvatut tafosir”da aytishicha, “Robb” kalimasi “tarbiya” kalimasidan kelib chiqqan boʻlib, “boshqalarning ishlarini isloh qiluvchi” degan maʻʻnoni anglatadi. Hiraviyning aytishicha, “Bir narsani isloh qilgan va uni mukammal holatga keltirgan kishini “uni tarbiyaladi” deb aytishi mumkin”. “Robb” kalimasi yana bir nechta maʻʻnolarni oʻz ichiga oladi: Molik – ega, Muslih – isloh qiluvchi, Maʻʻbud – ibodat qilinadigan, Mutoʻʻ – itoat qilingan. Demak, kim bizni haqiqiy egamiz boʻlsa, kim bizning holatlarimizni isloh qilayotgan boʻlsa, kimki ibodat va itoatga loyiq zot boʻlsa, ana oʻsha Robb hisoblanadi. “Robb” kalimasi Alloh taolodan boshqaga ishlatilmaydi.

“Alamiyn” soʻzi esa “olam” soʻzining koʻpligi hisoblanadi. “Olam” deganda Alloh taolodan boshqa barcha mavjud narsalar tushuniladi. “Olam” kalimasi lugʻaviy jihatdan oʻzi koʻplik hisoblanadi. Masalan “xalq” degan soʻz morfologik jihatdan birlikda boʻlsa ham maʻʻno jihatdan koʻplik sanaladi. Huddi shuni singari “qoʻshin”, “olomon” soʻzlari ham aslida birlik koʻrinishida boʻlsa ham maʻʻnosi koʻplikni ifoda qiladi. “Olam” kalimasi ham shunday. Borliqdagi mavjudotlarning har bir sinfi alohida bir olam. Masalan, hayvonot olami, farishtalar olami, inslar, jinlar olami va hakozo. Demak, oyati karimadagi “olamlar” deganda borliqdagi mavjudotlarning barcha turi nazarda tutiladi.

Imom Zamaxshariyning aytishicha, “olam” deganda farishtalar, ins va jinlardan iborat aqli bor barcha jonzotlar tushuniladi. Imom Qurtubiy ham “olam” deganda insonlar va jinlar nazarda tutiladi, deydi. Abu Ubayda ham “olam” deganda insonlar, jinlar, farishta va shaytonlardan iborat aql sohiblari nazarda tutiladi, degan. Hayvonlarga nisbatan “olam” kalimasi ishlatilmaydi, degan.

Lekin Ibn Abu Hotam rivoyat qilishicha, “Jami mingta olam bor: dengizning oʻzida olti yuz olam, quruqlikda esa toʻrt yuz olam”. Aynan mana shu kabi maʻʻlumot Saʻʻid ibnul Musayyabdan ham rivoyat qilingan. Vahb ibn Munabbah rohimahullohning aytishlaricha “Alloh oʻn sakkiz ming olamni yaratgan. Bu dunyo ham ana shu olamlardan biridir”.

Bugungi zamonaviy ilm-fan hayvonot va nabotot olamining kundan-kunga yangi turlarini kashf etmoqda. Bularning nomini yodda saqlashning oʻzi katta bir muammo. Shunday ekan bu boradagi umumiy xulosa sifatida Kaʻʻbul Axborning soʻzlarini keltirishimiz mumkin. U kishi aytadilarki: “Olamlarning sonini (adadini) faqatgina Alloh biladi”.

Xulosa qiladigan boʻlsak, “Alhamdulillahi robbil ʻʻalamin” deganda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytganidek: “Osmonlaru, erdagi, biz bilgan va bilmagan barcha maxluqotlarning Robbisi, Egasi boʻlgan Allohgagina hamd – maqtovlar boʻlsin”, degan maʻʻnoni tushunishimiz lozim.

Muhammad Sodiq Muhammad Ismoil