21.11.2024 18:33

Saodat asridan avval yashagan ajdodlarimiz ham “arabparast” boʻlganmi? (video)



Bugungi kunda milliy odob-axloqimiz va qadriyatlarimizga mos boʻlgan nomlar, odatlar va liboslar “arabparastlik” tamgʻasi bilan yomonotliqqa chiqarilayotgani rost. Aslida soqol qoʻyish, uzun libos kiyish, roʻmol oʻrash kabi insoniy ehtiyojlar arablar kirib kelishidan avvalgi davrlarda ham boʻlgan...

Bugungi kunda milliy odob-axloqimiz va qadriyatlarimizga mos boʻlgan nomlar, odatlar va liboslar “arabparastlik” tamgʻasi bilan yomonotliqqa chiqarilayotgani rost. Aslida soqol qoʻyish, uzun libos kiyish, roʻmol oʻrash kabi insoniy ehtiyojlar arablar kirib kelishidan avvalgi davrlarda ham boʻlgan. 

Aytish joizki, millatimiz yoki oʻzbek millati degan tushuncha etnik jihatdan arablar kirib kelganidan keyin, asosan XI asrda qoraxoniylar davrida shakllana boshlagan. Yaʻʻni, oʻzbek millatining etnik shakllanishi aynan islom hukmronlik qilgan davrga toʻgʻri keladi. Undan avval esa Movarounnahrda yashagan ajdodlarimiz oʻzlarini turklar, oʻgʻuzlar, sugʻdlar deb nomlagan. Shunga koʻra, saodat asridan avvalroq yashab oʻtgan ajdodlarimizning urf-odatlari haqida gap ketganida qadimgi turkiylar va sugʻdiylarga xos boʻlgan madaniyatni tilga olishimizdan boshqa yoʻlimiz yoʻq.

Islomofoblar uyqusini buzayotgan soqol, roʻmol, uzun koʻylak kabi maishiy narsalar “arabparastlik” boʻlib, bizning diyorlarga arablar bilan birga kirib kelgan, degan iddaolarni inobatga olsak, unda avvalroq bu diyorda yashagan turk va sugʻd ajdodlarimiz qanday koʻrinishda boʻlgan, degan savol paydo boʻladi. Chunki, arablardan avval “oʻzbek” degan millat nomi boʻlmagan.

Quyida islomdan avvalgi ajdodlarimiz haqidagi qiziqarli tarixiy maʻʻlumotlarni keltiramiz.

Qadimiy manbalarda Saklar qanday tasvirlangan?

Oʻzbek davlatchiligi tarixi uch ming yilga borib taqaladi, deydi milliy tarixchilarimiz. Uch ming yil avval Markazi Osiyo hududida sak va massaget qabilalari yashagani maʻʻlum. Bu qabilalar haqidagi dastlabki maʻʻlumotlar Ahamoniylar imperiyasi manbalarida uchraydi. 

Bundan ikki yarim ming yil avval ishlangan qoyatosh tasvirlarida markaziy osiyolik sak qabilasiga mansub ajdodlarimiz uzun soqol qoʻygan holda tasvirlangan. 

Xatto sak qabilalarining asirga tushgan podshohi ham qalin soqolli boʻlganini koʻrishimiz mumkin. Bundan, ajdodlarimiz bizga maʻʻlum boʻlgan qadimgi davrdanoq soqol qoʻyishga odatlangani maʻʻlum boʻladi.

Sersoqol sugʻdiylar

Tarixiy manbalarga koʻra, sugʻdiylar Buyuk ipak yoʻli boʻylab keng savdo aloqalari bilan shugʻullangan. Ular tashqi qiyofasi bilan boshqa xalqlardan ajralib turgan. Xususan, sugʻdiylar Sharqda uzun va qalin soqollari bilan mashhur boʻlgan. Tan sulolasi (618–907) davridagi Xitoy manbalarida sugʻdiylar koʻpincha uzun va qop-qora soqolli koʻrinishda tasvirlangan. 

Islomdan avvalgi davrdagi Xitoy sopol haykalchalari va devoriy rasmlaridagi tasvirlarda sugʻdiylar qalin soqoli bilan ajralib turadi. Markaziy Osiyo xalqlariga xos boʻlgan qalin va uzun soqol xitoyliklar nazdida yanada ekzotik koʻrinishda ishlangan.

Islomdan avvalgi davrda sugʻdiylar asosan zardushtiylik diniga eʻʻtiqod qilgan. Bugun ayrim kishilar zardushtiylik dinini milliy qadriyat sifatida taqdim etishga behuda urinayotgani ham rost. Nima boʻlganida ham, zardushtiylik rohiblari ham oʻz davrida zamonamiz islomofoblarini qoʻrqitib yuboradigan darajada “arabparast” boʻlganliklarini arxeologik manbalar ham tasdiqlaydi.

Aytishingiz mumkin: endi chetga chiqqan sugʻdiylar soqol qoʻysa qoʻygandir, rohiblarga ham soqol qoʻyishga ruxsat berilgandir?! Ajdodlarimiz faqat sugʻdiylardan iborat boʻlmagan-ku, deb. 

Albatta, Samarqanddagi Afrosiyob tepaligidan topilgan islomdan avvalgi davrga oid devoriy rasmlarda oʻsha davrda diyorimizda yashagan turli xalqlarning obrazlari tasvirlangan. Xususan, ushbu rasmda Samarqand hukmdori huzuriga kelgan chagʻoniyonlik va toshkentlik elchilar tasvirlangan. Toshkentliklar oʻsha davrda ham trenddagi soqollari bilan ajralib turganga oʻxshaydi. Har nima boʻlganda ham, ajdodlarimiz islomdan oldin ham “arabparast” boʻlgan ekan, degan xulosaga kelish mumkin. 

Niqoblangan zardushtlarga nima deysiz?

Qadimdan yuzga niqob taqish sharafli ish boʻlgan. Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo xalqlari orasida eng keng tarqalgan din zardushtiylik boʻlgani sir emas. Zardushtiylik dinida olov muqaddas deb eʻʻzozlangan. Shuning uchun ham, olovni yoqishga masʻʻul boʻlgan zardusht rohiblari, oʻz nafaslari bilan muqaddas olovni nopok qilmasliklari uchun yuzlariga niqob taqib yurganlar.

Yaʻʻni, yuziga niqob taqib yurgan odam qadimgi qadriyatlarga koʻra ham sharafli ishni bajarayotgan hisoblangan. Xitoy sopol haykalchalari orasida ham yuziga niqob taqqan, sugʻdiyonalik zardushtiylik diniga mansub kishining haykali mavjud. Balkim, bugungi oʻlchovlarga koʻra, u ham “arabparast” boʻlgandir. Bu bilan islomdan avvalgi davrga qaytishni yoqlagan kishi ham, aylanib-oʻrgilib yana “arabparast” boʻlib qolishi tayin.

Muqanna jarima toʻlagan boʻlardi...

Baʻʻzilar arablarga qarshi kurashgan Muqannani milliy ozodlik harakati rahnamosi, deb koʻrsatishga urinadilar. Birorta mahalliy tarixchi u haqda ijobiy soʻz aytmagan, balki uni koʻzboʻyamachi, yolgʻonchi, soxtakor, sharlatan kabi sifatlar bilan atagan boʻlsa-da, islomofoblar tomonidan, albatta gʻarazli maqsad yoʻlida u koʻtar-koʻtar qilinyapti.

Tarixchilarning xabariga koʻra, Hoshim ibn Hakim ismli yolgʻonchining yuzi juda xunuk, boshi kal va bir koʻzi koʻr boʻlgani sababli hamisha aft-u angorini koʻk parda ortiga yashirib yurgan. Shundan u Muqanna, yaʻʻni “niqobdor” laqabi bilan tanilgan. 

Muqannaning soqoli boʻlganmi, boʻlmaganmi, bizga qorongʻu. Ammo, Muqanna bizning zamonda yashaganda, niqob taqqani uchun jarimaga tortilishi aniq edi. 

Ushbu maʻʻlumotlar bu diyorda yashagan ajdodlarimiz bugun “arabparastlik” deb ataladigan baʻʻzi odatlarga arablardan avval ham amal qilib kelganini, milliy oʻzligimizga qaytamiz, desak ham yana roʻmol, hijob, soqol masalasi toʻsiq boʻlishini anglatadi.

Millatimizning eng ulugʻ olimlari, podshohlari, rahnamolari va qahramonlariga oʻxshashni istasak ham yana “arabparast” boʻlim qolamiz. 

Ha, yoʻq, gʻirt kommunist boʻlamiz desak ham, Marks, Engelʻs va Lenin singari beoʻxshov soqol qoʻyishimiz kerak boʻladi. Faqatgina besoch va besoqol Xrushchevdan keyingi kommunistlarga oʻxshaymiz, desakkina soqoldan voz kechishimizga toʻgʻri keladi. Oʻshanda ham Xrushchevni bizning ajdodimiz, deb ulugʻlay olmaymiz. 

© Tarix va siyosat