22.04.2025 08:07
334

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 44-qism)


Oʻn beshinchi fasl

1990-yillarning birinchi yarmi Falastin maydonida koʻplab oʻzgarishlarga guvoh boʻlindi. Axloqiy va kasb-kor jihatidan ham rivojlar kuzatildi. Men oʻrta maktabni tugatib, Gʻazodagi Islomiy oliygohga kirishga qaror qildim. Bu qarorimga akam Mahmud qattiq qarshi chiqardi. U doimo: "Nima?! Shu ham oliygohmi? Bu maktab boʻlishga ham yaramaydigan kulba-ku!" derdi. Ammo Hasan bu qarorimni maъqullar, Ibrohim ham qoʻllab-quvvatlar, onam esa ixtiyorni oʻzimga qoldirgandi. Mahmud akamdan hamoʻzim qaror qabul qilishimga qoʻyib berishini talab qilardi. Mahmud akam esa chiiqlanib, sukut qilishga majbur boʻlardi.

Oxir-oqibat Islomiy oliygohning fanlar boʻlimiga hujjat topshirib, oʻqishga qabul qilindim. Yangi oʻquv yilini sabrsizlik bilan kutar, oliygohda besh yuz nafar talaba qabul qilinayotgani, doktorlikni yoqlagan rahbar tayinlangani va yangi professorlar ishga olinayotgani haqidagi xabarlardan xursand boʻlardim. Hatto yangi binolar qurilayotgani haqida ham eshitardik. 

Ibrohim esa yozgi taъtilda doʻsti bilan qurilishda ishlab, ancha tajriba orttirdi. Yoz davomida etarlicha mablagʻ ishlab topdi. U endi shunchaki yordamchi emas, balki qoʻli gul ustalardan biriga aylangandi. Doʻstidan qurilish boʻyicha koʻplab tajribalarni egallab, sherik boʻlib ishlashga oʻtgandi. Ikkovlon oʻrtacha loyihalarni olib, mustaqil ish yuritadigan boʻlishgandi.

Oilamiz davrasi ham kengaydi: Mahmud, Hasan va Fotima farzandli boʻlishdi. Hasan oʻz payvandlash ustaxonasini ochib, zarur uskunalarni xarid qildi. Muhammad akam Berezit oliygohidagi oʻqishlarini aъlo baholar bilan davom ettirar, shuning uchun oʻquv toʻlovidan ozod qilingandi.

Nihoyat, men ham Islomiy oliygohda taъlim olishni boshladim. Boshlangʻich taъlim Azhar maъhadining binosida boʻldi. Barcha gaplar rost boʻlib chiqdi: yangi professorlar, yangi nozir, yangi bino. Bularning barchasi oʻquv dargohi kelajakda chinakam oliygoh boʻlishidan darak berardi. Shunday boʻlishiga qaramay, oʻqishimiz tushdan keyin maktab sinfxonalarida davom etardi: yigitlar Azhar maъhadining oʻgʻil bolalar qismida, qizlar qizlar qismida oʻqishardi.

Biz oʻqishga qabul qilingan yili tayyorlov yili edi. Darslar asosan nazariy va diniy fanlardan iborat boʻlib, baъzilari shayxlar tomonidan oʻqitilardi. Darsliklar etarli emasdi, shu bois koʻp vaqt oʻyin-kulgi va fikriy munozaralar bilan oʻtardi. Oliygohda Islomiy oqim vakillari koʻpchilikni tashkil etar, ularda intizom va talabalar bilan aloqa yuqori darajada edi. Fathchilar ozchilik boʻlib, faoliyatlarini kengaytirish boʻyicha imkoniyatlari cheklangandi. Yassoriylar esa deyarli sezilmasdi.

Birinchi oydan soʻng talabalar uyushmasi saylovlariga tayyorgarlik boshlandi. Qahvaxonalarda tortishuvlar, bayonotlar, shiorlar, plakatbozliklar avj oldi. Islomiy uyushma ichida kelishmovchilik yuzaga keldi. Baъzilar mustaqil harakat qilishni boshladi. Turli partiyalar oʻz nomzodlarini koʻrsatdi, jumladan "Vatan" va "Yassoriy"lar ham. Abu Ammorning rasmlari devorlarga ilindi.

Ibrohim Islomiy partiyaning faol aъzosi edi. Oʻzimni Islomiy partiyaga mansub yoki uning tarafdori deb hisoblamasamda Ibrohimni qattiq hurmat qilganim uchun uning nomzodidan boshqaga ovoz berishni xohlamasdim. Aslida ichimla "Fath"ning qurolli kuchlari va fathchilarchilarning fidoiy amaliyotlari tufayli ularga moyil edim, ammo ovozimni Ibrohim nomzodiga berdim.

Saylov kuni keldi. Har birimiz hujjatimiz bilan navbatda turib, saylov qogʻozi oldik. Talabalar maxsus qutiga ovoz tashlardi. Ibrohim kuzatuvchi boʻlib faoliyat yuritardi. Saylovdan keyin sahna yonida shovqin eshitdim: fathchilardan biri Islomiy partiya Abu Ammorning suratini yirtib, oyoq osti qilganini aytib, norozilik bildirgan. Bu xabar ayrimlarga taъsir qildi, Islomiy partiyaga ovoz berish fikridan qaytganlar boʻldi.

Ovoz berish jarayoni yakunlangach, gʻolib partiyalarni aniqlashga kirishildi. Nihoyat natijalar eъlon qilindi: Islomiy partiya gʻalaba qozondi. Ibrohim bilan uyga qaytdik. Onam tashvish bilan kutib turgan ekan. Abu Ammor surati haqida soʻraganimda, Ibrohim buni qatъiyan rad etdi. Oʻshanda darhol bu voqea yolgʻon ekani, partiyani obroʻsizlantirish maqsadida qilingan boʻlishi mumkinligi aniqlangandi. Men Ibrohimga ishonardim, u rostgoʻy inson edi. Ammo u surishtirganlar ham rost aytdimi-yoʻqmi, bilmayman.

Mavzuga aloqador