13.04.2025 09:10
286

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 42-qism)



Karmul maktabida oʻqirdim. Oʻqish davrida amakivachcham Ibrohim boshchilik qiladigan islomiy guruh Quddus va bir qator Falastin ichidagi turistik hududlarga sayohat uyushtirardi. Xohlovchilar borib nomini yozdirib, toʻlov qilib qoʻysa boʻlar ekan. Guruh faollaridan biri menga ham shu sayohatga borishni taklif qildi. Men ikkilandim, bir oz oʻylab koʻrib, keyin javob berishimni aytdim. Uyda Ibrohim ham bu mavzuni qayta ochdi. Uning aytishicha, fursatni boy bermay, zudlik bilan borib nomimni yozdirib kelishim kerak ekan. Aks holda, Gʻazodan tashqariga chiqish, Gʻarbiy sohil, Quddus va bosib olingan erlarga borib yurtimiz bilan tanishishdek fursatni boy berishimni aytdi. Oʻylanib turganimni koʻrgan Ibrohim:

— Agar toʻlovini oʻylayotgan boʻlsang, oʻzim toʻlayman. Faqat yoʻq demasang, boʻldi, — dedi.

Men jilmayib, gap toʻlovda emasligini tushuntirdim. Aytolmaganim — bu kabi safarlarga ehtiyotkor munosabatda boʻlardim, aslo toʻlovdan qochish emas. Baribir Ibrohim qiyin-qistov bilan roziligimni oldi. Ular bilan birga borishga vaъda berdim.

Shunday qilib, ertasi kuni borib, sayohatga masъul shaxsga safar toʻlovini berib keldim. Juma kuni ertalab yoʻlga hozirlik koʻrdik. Maktab eshigi oldida toʻplandik. Hamma oʻzi bilan ikki kunga etadigan egulik gʻamlab olgandi. Ibrohimni ushbu sayohatga boshchilik qilib borishini aniq bilardim. Ha, adashmagandim. Avtobusga oʻtirar ekanmiz, Ibrohim safar oldidan oʻqiladigan duoni boshladi. Qolganlar orqasidan qaytardik:

بسم الله مجريها و مرساها. الحمد لله الذي سخر لنا هذا و ما كنا له مقرنين و إنا إلى ربنا لمنقلبون. اللهم إنا نسألك في سفرنا هذا البر و التقوى و من العمل ما ترضى

Qachon qaysidir qishloqning biror qismi yoki tarixiy yodgorligi oldidan oʻtsak, yoxud urushda yakson qilingan yo yahudiylar arablarga tegishli obidalarni yoʻq qilgan Falastin shaharlaridan oʻtsak, Ibrohim yoki yonidagi sherigi toʻxtatib:

— Bu — Asqalon shaxrining tarixiy obidalari. Bu keksa daraxt — Hamamah qishlogʻining markazida joylashgan. Bu erda "Sherlar hiyoboni" masjidining qoldiqlari bor. Nariroqda ilgari maktab ham boʻlgan. Bu tarafda uylar bor edi, — deya sharhlab, tanishtirib borishardi.

Birinchi boʻlib toʻxtagan joyimiz goʻzal bir choʻl boʻlgandi. Oʻsha erda nasroniylarning cherkovi ham bor ekan. Shu erda avtobusdan tushdik. Hozir u joy “Dayr Latrun” deb nomlanadi. Ibrohim bu erda Abu Ubayda Amr ibn Jarroh boshchiligida Falastin fathi yoʻlida “Amvas” marosimi boʻlib oʻtganini sharhlab berdi.

Ibrohim marosimning baъzi tafsilotlarini soʻzlab berar ekan, egilib choʻlning qizgʻish tusli qumidan bir xovuch olib:

— Mana shu qum Rasululloh sahobasining qoni toʻkilganiga guvohlik beradi, — deb, koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi.

Bu paytda nariroqdagi daraxt barglarini shabboda tebratayotganidan taralayotgan tovush va novda ustida chugʻurayotgan qushning ovozini hisobga olmaganda, tinglovchilar orasida jim-jitlik hukmronlik qilardi. Ibrohim gapida davom etdi:

— Bu tuproq — bizning tuproqdir. Bu er — bizning erimiz. Bu uchun Rasululloh sahobalarining pok qonlari toʻkildi. Endi bu erlar qaytadan ozod boʻlishi uchun Rasulullohga ergashganlarning pok qonlari kerak boʻladi.

Badanimda titroq paydo boʻldi. Eshitgan gaplarim vujudimni larzaga soldi. Xususan, bu gaplarni uyda — onamning oldida kar va soqov boʻlib yuradigan Ibrohimdan tinglayotganim hayajonimni ikki hissa oshirardi. Qaerga toʻxtamaylik, Ibrohim oʻsha erlar haqida keng qamrovli maъlumotlarga ega edi. Fasohat bilan, oʻta goʻzal nutq soʻzlardi. Uni kuzatib borar ekanman, unga nisbatan kuchli ehtiromim yanada oshib borardi.

Avtobus yana joyidan qoʻzgʻaldi. Hiyla masofa bosib oʻtdik. Ibrohimning sherigi togʻ etagiga ishora qilib:

— Dar-Yasin qishlogʻi mana shu togʻ etagida joylashgan, — dedi.

U erda bosqinchilar qanday qirgʻinbarot qilganlari dunyoga doʻston boʻlgani, yahudiylarning Falastin ahliga qilgan vahshiyligiga mana shu qishloq ramz boʻlib qolgani haqida gapirdi. Birozdan soʻng Quddusga etib bordik. Yana ozgina yurib, Masjidul Aqso devorlari koʻrindi. Atrofida Quddusning qadimiy shahari namoyon boʻldi. Bu qadimiy shaharga oyoqda yurib kirdik. Yoʻlning ikki tomonini tijoriy doʻkonlar egallagan. Ularda yoʻq narsaning oʻzi yoʻq.

Sayyohlar Quddus koʻchalaridan esdalik sifatida oladigan qoʻlbola sovgʻalarning turfa xili sotilmoqda. Sayyohlar dunyoning har tarafidan tashrif buyurayotgan ekan. Har bir burchakda qurol koʻtargan holda turib, koʻzlari bilan kuzatayotgan bosqinchi askarlar koʻrinib turardi. Ular mintaqani qoʻriqlash uchun joylashtirilgan maxsus kuchlar emish.

Biz Aqso masjidi eshiklaridan biriga yaqinlashdik. Ayniqsa shu eshiklar oldida butun boshli qoʻshin turib, har bir ziyoratchini yaxshilab taftish qilib, hujjatlarini tekshirar ekan. Gohida baъzilarning hujjatidagi raqamni yozib olishardi. Bizning ham hujjat raqamlarimizni olar ekan, shayxlardan biri mikrofonda Qurъon oyatlarini tilovat qilayotgani eshitila boshladi. Qubbatus-Saxra oʻzining jilvador rangini olamga yoyib, tosh zinalar orqali koʻtariladigan tepalikda salobat toʻkib turardi.

Masjid eshigidan shippagimni qoʻlimga olib kirdim. Xushuъ va kuchli hayajon hislari vujudimga xanjar kabi sanchilardi. Ikki rakaat “Tahiyyatul masjid” namozini oʻqigach, masjid imomining Juma xutbasini qilishini kutib oʻtirdik. Imom minbarga chiqib xutba qilganida, Gʻazodagidan farq qiladigan biror yangi gap yoki uslubni sezmadim. Juma namozidan soʻng odamlar masjiddan har tarafga tarqala boshladi. Biz qayta jamlanib, Qubbatus-Saxra masjidiga koʻtarildik.

Ibrohim ushbu masjid haqida soʻzlab berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Isro va Maъroj” kechasi samoga koʻtarilgan oʻsha xarsang tosh haqida, “Isro" va "Meъroj” safari Makkadan Quddusga, soʻng Quddusdan Sidratul Muntahoga boʻlgani haqida toʻlqinlanib gapirdi. Gapi orasida:

— Quddus — samoga koʻtarilishda Erdagi asosiy bekat boʻlgan, — deb eslab oʻtdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam samoga Makkadan ham koʻtarilishlari mumkin edi. Ammo Alloh taoloning hikmati bilan, musulmonlarga Quddusning din va aqidadagi ahamiyatini koʻrsatish maqsad qilingandi.

Ibrohim nutqi davomida bir necha marta:

— Rasululloh mana shu erdan — Quddusdan samoga koʻtarilganlar, — deb takrorladi.

Badanim junjikib, titroq tutdi. Men kabi his tuyayotganlar koʻp ekanini anglash qiyin emasdi. Biz — Gʻazodagi lager ahli — Quddusni birinchi marta ziyorat qilayotgandik. Ilgari zehnimizda nomigina bor edi, xolos. Hozir esa shu muqaddas zaminda turibmiz. Havosidan nafas olmoqdamiz. Koʻzlarimiz suratni emas, haqiqiy manzarani koʻrib zavqlanmoqda.

Ammo, ammo... Bu muqaddas erni chor tarafdan oʻrab olgan, istagan odamni kiritib, istaganini man qiluvchi bosqinchilar egallab turibdi. Arab va musulmonlar millionlagan adadi, armiyasi va mol-dunyosi bilan bu laъnati paskashlardan muqaddas zaminni ozod qilishga ojiz qolmoqda.

Shu ondan boshlab kurashning ilgari idrok etmagan boshqa jihati ham borligini yaxshi tushunib etdik. Masala — shunchaki er va xalq masalasi emas ekan. Bu — oʻz eridan quvib chiqarilgan xalqni joyiga qaytarish masalasi ham emas. Bu — din, aqida, tarix va borliq maъrakasi ekan. Ibrohim va bu safarni uyushtirganlar ana shu maъnolarni qalbimizga mustahkam joylashga muvaffaq boʻldilar.

Shu oʻylarning tubsiz ummoniga gʻarq boʻlgan edimki, toʻsatdan Ibrohimning baland ovozi eshitildi:

— Endi avtobusga qaytamiz. Yuraqolinglar. Keyingi bekatimiz — Xalil shahri. U erda Ibrohim haramini ziyorat qilamiz.

Hushimga keldim. Asta tashqariga yura boshladik. Har bir qadamimiz daraxt ildizi sugʻirilayotgandek ogʻir boʻlardi. Bu muqaddas dargohning taъsiri shu qadar kuchliki, borgan inson u erdan chiqib ketgisi kelmaydi.

Avtobusga yoʻl olguncha xayolimdan Ibrohimning Salohiddin Ayubiy haqida aytgan soʻzlari oʻtdi: "U Quddusni salbchilar qoʻlidan ozod qilish niyatida ilhom boʻlishi uchun minbar qoʻygan. Yahudiylar esa uni 1968 yili yoqib yuborgan". Ichimda, oʻz-oʻzimga savol berdim:

— Bu galgi ozodlik uchun yana bir Salohiddin bormikin?

Davomi bor...

Mavzuga aloqador