10.04.2025 06:17
235

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 42-qism)




Bosib olingan erlarda hayot tarzi sezilarli darajada rivojlanib borardi. Darhaqiqat, bir qator mehnat uyushmalarida siyosiy va gʻoyaviy guruhlar paydo boʻlib, koʻzga koʻrina boshlagandi. Muhandislar uyushmasi tarkibida asosan uchta koʻzga koʻringan guruh shakllangandi: «Fathiylar», «Yassoriylar» va «Islomiylar». Mahmud akam «Fathiylar» tarafdorlaridan edi. U doʻstlari bilan ushbu guruhning saylovoldi ishlarini oʻtkazishar, saylovda koʻproq ovoz olishga harakat qilishardi.

Uyushmalar oʻrtasida raqobat avjida edi. Har biri saylovoldi yurishlar uyushtirib, uchrashuvlar oʻtkazar, tarafdorlar sonini koʻpaytirishga jon-jahdi bilan intilardi. Baъzan ikki guruh uchinchi guruhga qarshi birlashib harakat qilishardi. Masalan, «Fathiylar» va «Islomiylar» birlashib, «Yassoriylar»ga qarshi harakat qilgan holatlar boʻlgan. Buning sababi — «Yassoriylar» uyushishda puxta va tezkor boʻlishgani edi.

Eng koʻzga tashlangan voqealardan biri Gʻazodagi «Qizil Hoch» jamiyatida boʻlib oʻtgan saylov edi. Oʻsha paytda Yassor ushbu tashkilotda nufuzga ega boʻlgan. Shu sababli «Fathiylar» va «Islomiylar» «Yassoriylar»ga qarshi birlashishga majbur boʻlishgan. Jiddiy kurashlar ketgandi. Masalan, «Islomiylar» Gʻazodagi Islom universitetida ulkan olomonni yigʻib, saylovoldi uchrashuvlar oʻtkazgan. Mahmud akam ham «Fathiylar» gʻalabasi uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Har ikki-uch kunda toʻplanar, bir qator muhandislar bilan bogʻlanib, koʻproq tarafdorlarni jalb qilishga harakat qilishardi. Saylov kuniga qadar tinmay mehnat qilishdi.

«Islomiylar» asosan talabalarga eъtibor qaratardi. Xususan, Gʻazodagi Azhar maъhadi va umumiy holda Gʻarbiy sohildagi oliygohlarga diqqat qaratilgan. Ular yosh avlod orasidan tarafdorlar toʻplash, gʻoyaviy va eъtiqodiy jihatdan ularni qoʻlga kiritishni maqsad qilgan. Shayx Ahmadning shaxsan oʻzi Gʻazodagi talabalar bilan shugʻullangandi. Har hafta Islom universitetida uchrashuvlar oʻtkazar, talabalar oʻz yaqinlarini olib kelishlari mumkin boʻlardi. Universitetda Islomiy ishlar muhokama qilinib, saylovlarga tayyorgarlik koʻrilardi. Yoshlar bilan ishlash, ularni jalb qilish usullari oʻrgatilardi.

Ibrohim ham oʻsha paytda oliygohdagi faol talabalardan biri edi. Shayx Ahmad koʻp hollarda Ibrohim va boshqa faol talabalarga tayanardi.

Ibrohim akam ertalab ishlab rizq izlar, tushdan keyin oʻqish va diniy faoliyatlarga vaqt ajratardi. Uning harakatchanligi va gʻayrati hammaga namuna boʻlardi. Tunda uyga qaytgach ovqatlanib, qoʻliga kitob olar, kitob ustida uxlab qolardi. Juda koʻp hollarda kitobini yoniga olib, ustini yopib qoʻyardim. Uning gʻayrati meni ham koʻproq jiddu-jahd bilan oʻqishga ruhlantirardi.

Muhammad akam «Berezit» oliygohida taъlim yoʻlida katta qadamlar tashlardi. Yashash uchun Romallohda uy ijaraga olgan boʻlsa-da, koʻp vaqt oʻtmay universitet yotoqxonasidan joylashishga muvaffaq boʻldi. Xonadoshlari ham diyonatli talabalar boʻlgani sababli ularning xonasi tez orada guruh faollarining qarorgohiga aylandi. Majlislar, maslahatlar shu erda oʻtkazilardi.

Muhammad akam koʻzga koʻringan faollardan biri boʻlgani bois, u xohlamasa-da, guruhni qoʻllab-quvvatlovchi talaba qizlar bilan ishlashga majbur boʻlardi. Bu oralarda hijobli qizlar soni koʻpaygandi. Qizlar guruhi toʻplanib, oliygohdagi vazifalar boʻyicha koʻrsatmalarni tinglar, soʻzlayotgan qizlar yigitlarga, yigitlar qizlarga toʻgʻridan toʻgʻri qaramasdi.

Faoliyat faqatgina bir oliygohda emas, balki boshqa oliygoh va maъhadlardagi talabalar bilan ham bogʻlanishlar orqali amalga oshardi. Masalan, «Berezit»dagi «Fath» guruhiga mansub talabalar «Najoh» oliygohidagi doʻstlari bilan aloqa bogʻlardi. Ular oʻzaro tajriba almashishar, hamkorlikda faoliyat uyushtirishardi. Ayrim hollarda Ibrohim va Muhammad akam ham shunday tadbirlarda bir-biriga duch kelardi.

Koʻp hollarda «Berezit» talabalari Nablusdagi «Najoh» oliygohiga tashrif buyurardi. U erda faoliyat "Berezit"dagiga qaraganda sustroq boʻlardi. Ammo Gʻazoda faoliyat ancha kuchaygandi. Xalildagi faoliyat esa Gʻazo va Najoh oʻrtasidagi oʻrinda turardi – Gʻazodan pastroq, Najohdan jadalroq.

Bu talabalar bosqinchilarning kuzatuvisiz harakat qilishardi. Uyushtirilgan faoliyatlar yashirin tarzda amalga oshirilardi. Faqat ayrim hollarda shubha uygʻotgan faoliyatlargina nazorat ostiga olingan. Bu holatda yoʻllar toʻsilib, talabalar harakati cheklanardi. Baъzan talabalar va bosqinchi harbiylar oʻrtasida kichik toʻqnashuvlar ham boʻlib turgan. Talabalar tosh otib, vatanparvar shiorlar aytishar, harbiylar esa koʻzdan yosh chiqaruvchi gazlar purkab, osmonga oʻq uzish, baъzan oyoqqa oʻq uzish bilan javob qaytarishardi. Qisqa muddatga hibsga olinib, soʻng ozod qilinib yuborilardi. Bu tarzda hayot tabiiy ravishda davom etaverardi.

Davomi bor...

Mavzuga aloqador