06.04.2025 08:42
340

“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 41-qism)



Amakivachcham Ibrohim oʻrta maktabni tamomlab, oliygoh ostonasiga qadam bosish arafasida sohildagi ikki universitetdan birini tanlash oldida qoldi. Uchinchi ixtiyor — yaqindagina ochilgan, Gʻazodagi yigirmata talabadan iborat Islomiy oliygoh edi. Yil avvalida yana bor-yoʻgʻi oʻn talaba qoʻshilgan ekan. Shunday boʻlsa-da, "Shariat" va "Usul ad-din" fakulьtetlariga "Arab tili" fakulьteti ham qoʻshilgandi. Ushbu yangi asos solingan, noqonuniy universitetchaning kelajagi majhulligicha qolardi. Undagi talabalar tushlikdan keyin, rasmiy oliygoh talabalari darslarni tugatib qaytgach, borishardi. Mudarrislari esa Azhar maktabining oʻqituvchilari boʻlgan.

Ibrohim oʻqishni ham koʻz ochib-yumguncha tamomlab, imtihondan 91 foizlik natija bilan muvaffaqiyatli oʻtgandi. Onam Mahmud akam bilan Ibrohimning oliygohda oladigan taъlimi haqida suhbatlashib, uni "Berezit" universitetiga kiritishni maslahatlashdi. Shu kuni kechasi oila dasturxonida jamlanib oʻtirar ekanmiz, Mahmud akam Ibrohimni xonasiga chaqirdi. Unga uch kun ichida Romallohga borishini aytdi. Birgalashib "Berezit" universitetiga hujjat topshirib, Muhammad akam bilan birga oʻqishini eъlon qildi.

Ibrohim esa bu universitetga topshirishga ikkilanayotganini aytdi. Mahmud akam unga: 

— Oʻqishing uchun moddiy ahvolimiz koʻtarmaydi, deb oʻylayapsan chogʻi?! Unday boʻlmasa, aytchi, qaysi oliygohga topshirmoqchisan? 

— Gʻazodagi yangi ochilgan Islomiy universitetga topshirsam kerak, — dedi Ibrohim ikkilanib.

Mahmud akam taajjublanib: 

— Islomiy universitetga! Azhar maktabi ichida ochilgan Islomiy oliygohni aytyapsanmi?! 

— Ehtimol... ehtimol, — dedi Ibrohim.

Bu suhbatni onam ham ayvonda tinglab turgandi. Xonaga kirib, gap boshladi: 

— Senga nima boʻldi, Ibrohim?! "Berezit"da oʻqishdan xarajatlar sababli qochyapsanmi? Bolam, sen ham oʻz bolamdaysan. Biringizga etgani, ikkingizga ham etadi. Rizqimiz Yaratganning qoʻlida-ku! Shuni ham tashvish qilib yurasanmi? Xudoga shukrki, iqtisodiy ahvolimiz ham ancha yaxshi. Boʻldi, hech qanday gapni eshitishni istamayman. "Berezit"ga topshirasan. Gap tamom, vassalom.

Onam Ibrohimning esli-hushli, masъuliyatli yigitligini yaxshi bilardi. U bizning oilaga ogʻirini solgisi kelmasligi sezilib turardi. Shuning uchun undagi hijolatchilikni koʻtarish uchun qatъiy turib olgandi. Ibrohim yigʻlab yubordi. Koʻz yoshlarini darrov artib, dedi: 

— Alloh rozi boʻlsin, kelinoyi! Men Gʻazodan tashqariga chiqqim kelmayapti.

Mahmud akam choʻntagidan Iordaniya pulidan iborat qogʻoz pullarni chiqarib, Ibrohimga uzatdi: 

— Mana bu birinchi semestrga ham, oʻqishga topshirishga ham etadigan, kamiga Romallohga borib, bir mazza qilib aylanib kelishimizga ham etadigan pul. Ushlab tur, uka!

Ibrohim rad etib, Mahmud akamning qoʻlini ortga surib qoʻydi. Onam haspoʻshlay ketdi: 

— Xoy bola! Ol, dedim! Biz sening Muhammad bilan "Berezit"da oʻqishingni xohlaymiz. U yogʻiga oʻzing bilasan. Mayli, koʻngling chopgan oʻqishga topshir. Ol-ol, oʻgʻlim!

Ibrohim boshini saraklab pulni oldi. Ammo Gʻazodagi oʻqishga topshirish qaroridan voz kechmadi. Chunki Gʻazoning oʻzidagi oʻqish tashqaridagi universitetlarning yarim puliga bitardi. U baribir oilaga ogʻirini solishni istamasdi. Gʻazoda qolsa, oʻqishdan tashqari vaqtlarda ishlashga ham imkon boʻlardi.

Chindan ham, Azhar maktabidagi noqonuniy universitetga topshirib, "Arab tili" fakulьtetiga kirdi. Bu haqda birinchi boʻlib menga aytgandi. Ortib qolgan pulni menga tutqazib, onamga qaytarib berishimni, oʻzi topshirgani hijolat tortayotganini aytdi. Men pulni olmadim. Unga shunday degandim oʻshanda: 

— Meni nega aralashtirasan? Sen hukumat bilan orangga meni aralashtirmay, oʻzing borib ber.

U esa: 

— Hech boʻlmasa, men bilan birga kir, — deb iltimos qildi.

Oldiga tushib, oshxonaga kirdim. Onam ovqat tayyorlayotgandilar. 

— Onam, Ibrohimni tabriklashingiz mumkin — Islomiy universitetga qabul qilindi. "Arab tili" fakulьtetiga kiribdi.

Onam oʻgirilib qaradi. Hali bir kalima demay turib, Ibrohim gap boshladi: 

— Kelinoyi, Alloh rozi boʻlsin! Manabu ortib qolgan pul. Oʻqishga ham kirib oldim, Oʻziga shukr!

Onamni koʻzlari yoshga toʻldi. Yuzidan faxr hissini tuyayotgani sezilib turardi. Pulni oldi, ammo besh dinorini qaytarib berib, oʻzingga ham kerak boʻladi, deb choʻntagiga solib qoʻydi.

Bu paytlari Islomiy universitetda taъlim olish faxr-iftixordan oʻzga narsa bermasdi. Boshqa oliygohlarda oʻqish fursati boʻlmagan talabalargina bu dargohda — oʻsha Azhar maktabiga yashiringan, maktab oʻquvchilari sinflarni boʻshatgandan soʻng borish imkoni paydo boʻladigan dargohda oʻqishi mumkin edi. Birinchi ochilgan yili yigirma talaba "Shariat" va "Usul ad-din" fakulьtetlarini, oʻntaga yaqin talaba "Arab tili" fakulьtetini tamomlagandi.

Talabalar darslarni maktab sinflarida olishardi. Ustozlar ham maktabda dars beradigan oʻqituvchilar boʻlgan. Har kuni, xuddi maktabdagiday, oʻzgarishsiz tartibda toʻrt-besh dars oʻtiladi. Ibrohim mana shunday taъlim muhitiga kirgandi. Mahmud akamdan Misrdagi oliygoh haqida, Muhammaddan "Berezit" universiteti haqida eshitganlari bilan taqqoslaganda, butkul farqli muhitga tushgandi. Ammo shu darajada qarori qatъiy ediki, oilaga ogʻirini solmaslik uchun bundan boshqa yoʻl koʻrmasdi.

Bir vaqtning oʻzida savdo-sotiq bilan ham shugʻullanishga imkoni bor edi. Oʻqishi tushlikdan soʻng boʻlgani ishlash imkoniyat eshiklarini ochgandi. Ishlash haqida oila davrasida soʻz ochsa, qiyomat qoim boʻlishini yaxshi bilardi. Shuning uchun onamning ham jahlini chiqarmay, Mahmud akamning nafsoniyatiga tegmay, ishlashga biror yoʻl axtarardi.

Masjidga qatnaydigan doʻstlaridan biri qurilish sohasida ishlardi. Oʻsha doʻsti bosib olingan erlarga borib ishlashni xush koʻrmasdi. Shuning uchun Gʻazoda qolib, oz topsa ham qanoat qilib, qurilishda ishlardi. Ibrohim doʻstiga biror ish topilsa xabar berishini, ishlashga tayyorligini aytdi. Qisqasi, tushlikkacha yordamchi boʻlib ishlashi mumkinligini aytdi.

Uyga kelganida oila aъzolariga pul topish uchun emas, boʻsh vaqtlarida doʻstidan hunar oʻrganmoqchiligini aytgandi. Hech kim qarshilik qilolmadi. Chunki farosatli amakivachcham, hech kim rad qilolmaydigan suratda etkazgandi.

Ish boʻlgan kunlari erta tongda chiqib ketardi. Agar qurilish qilinadigan xonadon uyga yaqin boʻlsa, ish kiyimida chiqib ketardi. Kelib, oʻqish kiyimini kiyib ketardi. Uzoq boʻlsa, oʻqish kiyimi va kitoblarini oʻzi bilan olib ketardi. Vaziyat taqozosiga koʻra, ishdan soʻng yo kiyimlarini almashtirib olardi, yo ish kiyimida borishga majbur boʻlardi.

Juma kunlari ham ertalabdan kechgacha ishlardi, faqat orada juma namoziga chiqib kelardi. Shunday qilib, Ibrohim oʻzining chiqimlarini deyarli oʻzi koʻtara boshladi. Koʻp oʻtmay, ish va oʻqishga qatnashni engillatish maqsadida oʻziga velosiped ham sotib oldi.

Davomi bor...

Mavzuga aloqador