09.02.2025 08:10
“Chinnigul va tikan” – Yahyo Sinvar (qissa, 29-qism)
Oʻn birinchi fasl
Mahmud akamning ozod boʻlish vaqti yaqinlashib qolgandi. Onam akamning qaytishiga hozirlik koʻra boshladi. Yana uylarni ohakladik. Onam shirinliklar tayorladi. Biz esa yana ilgargidek, akam Misrdan qaytishi oldidan rejalar tuzganimiz kabi, orzudagi rejalar haqida suhbatlashdik. U ozod boʻladigan kuni qamoqxona eshigi oldida besabrlarcha kutardik. Akam peshin vaqtiga borib qamoqxona darvozasidan koʻrinish berdi. Bizni koʻrib, biz tomonga yugurdi, biz ham u tomon yugurdik. Quchoqlashib koʻrishdik, sogʻ-omon bagʻrimizga qaytganiga hamdlar aytdik. Onam har galgidek ortda qolgandi. Mahmud akam onamning oldiga borib, taъzim bajo qildi, yuz-qoʻllaridan oʻpdi. Onam boʻlsalar, «Qoʻy, hijolat qilma, hoy bosh muhandis», deya qoʻlini oʻpishdan qaytarardi. Kemtigimiz toʻlib, boshimiz koʻklarga etib uyga qaytdik. Yoʻlda qaysi tanishimiz yoʻliqsa, shoshib kelib tabriklardi. Mahmud akamga «Xayriyat, sogʻ-omon ekansan, bosh Muhandis», deyishardi. Mahallaga kirarkanmiz, qoʻni-qoʻshnilar Mahmud akamni xuddi gʻalaba gʻozonib qaytgan qoʻmondonni qarshi olgandek kutib olishdi. Birin-ketin kunlarimiz xursanchilik, ziyoratlaru tabriklar bilan oʻtdi. Qamoqdan ozod boʻlgani xursanchiligi eskirmay, akamning muhandislik sohasi boʻyicha yaxshi ishga joylanish xursanchiligiga ulanib ketdi. Bir qiyinchilikning ketidan ikki engillik keladi, deganlaridek, akamning oylik maoshi juda yaxshi edi. Bu xursanchiligimiz ham sovumay, galdagi shodlik ham boshlanib ketdi: Fotima opamni Mahmud akamning doʻstlaridan biriga unashtirdik. Sal oʻtmay toʻy ham boshlab yubordik. Opamni kelinlik uyiga qoʻyib kelganimizdan keyin uyimizni opam toʻldirib turganini angladim. Bu boʻshliqni koʻrib, yuragim qovurgʻalarim orasidan siqilib tashqariga otilganday boʻldi. Hayot qonuni ekan, vaqt oʻtib bunga ham koʻnikdik. Xususan, opamning yangi oila bagʻrida baxtli ekanini koʻrgach, biz ham baxtiyor boʻldik.
Koʻp vaqt oʻtmadi, qoʻshnimiz Ummu Aъbdning qurolli guruhga aъzo boʻlganlik ayblovi bilan qamalgan oʻgʻli Abdulhafizni ham ozod qilishdi. Qoʻni-qoʻshnilar uni ham Mahmud akamdan kam boʻlmagan tarzda qarshi olishdi. Bu safar Ummu Aъbd xola shirinliklar bilan siyladi. Lekin Mahmud akam Abdulhafiz bilan bir qamoqda boʻlishiga, qiyinchiliklarni birga boshdan oʻtkazganiga qaramay, uni kutib olishi oʻzgacha boʻldi. Toʻgʻri, ularni qalin doʻst boʻlib ketishiga ming bir sabab bor, ammo boshqa tarafdan oʻrtalarida xusumat paydo boʻlgani sezilib turardi. Suhbatlarida siyosiy va fikriy masalalar gapirilganda darrov biri boshqasining gapini boʻlib, tanqid qilishga oʻtardi.
Mahmud akam ishga joylashganidan bir necha oy oʻtib, onam bosh muhandisga yarashadigan bir uy solishini tavsiya qildi. Akam bilan uchrashishga kelgan yaqinlarini oʻtqazishga joʻyali xonamiz yoʻq edi. Shundan soʻng quruvchilar yollab, kerakli xom-ashyolar xarid qildik. Devorlari baland, derazalari koʻp, chiroyli eshik qoʻyilgan zamonaviy uy solindi. Keyin onam bir karavot olishni aytdi. Sshngra kursilar.. Keyin boshqa jihozlar.. Sekin-asta uyimizda sezilarli darajada oʻzgarish boʻlib, Mahmud akamni uylash haqida gaplar boshlandi. Onam akamdan qiz izlayotganda qanday sifatlarga eъtibor berishini soʻrardi.
* * *
Jangarilar shashti pasayib ketgandi. Ularning koʻplari qamoqqa olingan, bir qismi shahid boʻlgandi. Odamlarga dunyo eshiklari ochilib, mashgʻul qilib qoʻygandi. Isroilning jangarilarga qarshi muvaffaqiyatlaridan tashqari, talaygina qurol-aslaha zaxiralab olgandi. Endi ularning Falastin haqidagi tasavvurlari ancha kengaygandi. Buning natijasida koʻngilli jangchilarni siquvga olish ancha osonlashgandi. «Xalq ozodligi» harakatining faoliyati keskin pasayib ketdi. Chunki bu harakatni tashqaridan qoʻllovchi boʻlmagan. Hatto Gʻarbiy Sohilda ham hamkori boʻlmagan, faqat Gʻazo sektoridagina cheklangan edi. Keyinchalik ular oʻrnini «Fath» va «Xalq fronti» harakatlari egalladi.
Qoʻlga olinganlar muddatlarini oʻtab, ozod boʻlish vaqti kela boshlashi bilan fikriy va siyosiy oqimlar shakllana boshladi. Bu yigitlar orasida, oila aъzolari davrasida, qoʻying-ki, begona quloq tushishidan xoli deb bilgan davralarda oʻtkir siyosiy va fikriy suhbatlar boʻlardi.
Ochiq-oydin kimlardir «Fath» ning nazariyalarini olgan, fikrlarini yoygan, yana kimdir «Xalq Fronti»ning qarashlarini yoqlagan, fikrlari, ideologiyasini yoyganining guvohi boʻlardik.
Davomi bor...