30.01.2025 19:20

Bozorchi xolaning diydiyosi: nega oʻzbek shaxmatchisi hind ayolining qoʻlidan ushlamadi? (hajviya)


Tuni bilan telefon titib, kuni boʻyi mudrab oʻtiradigan bozorchi xolani tushunish qiyin: oʻzi mutlaqo bilmaydigan mavzularda falsafa toʻqib, hammaning boshini qotirishni yaxshi koʻradi. Buni baʻʻzilar bevalik injiqligiga ham yoʻyishadi. Bugun ham xola qaysidir oʻzbek shaxmatchisi hindi xotinning uzatgan qoʻlini tutmagani haqidagi xabarni oʻqidi-yu, biz hammollarning boshimiz baloga qoldi. 

- Suqsurday qiz senga qoʻl uzatibdi, sen uning qoʻlidan ushlab, Shohruxxonning ashulalaridan aytib bermaysanmi? Lallayib oʻtiradimi odam degan. Hamma joyda shu qoida boʻlganidan keyin qoʻlidan ushlab qoʻyaverish kerakda. Bunday paytda eʻʻtiqodga emas, xalqaro qoidalarga amal qilinadi. Kim nima desa-desin bu bizning imidjimizga yomon taʻʻsir qiladi. Haliyam shu yigit oʻsha hind ayolidan uzr soʻrab chiqishi kerak...

Mijoz anqoning urugʻi boʻlib turgan paytda biz hammollar uning soʻzlarini tinglashga majburmiz. Menku tabiatan yuvvosh boʻlganim uchun xolaga eʻʻtiroz bildirmayman. Ammo sherigim Moʻminjon bunday emas. U xolaning soʻzlarini rad etib turishni yaxshi koʻradi.

- Imij?! Xola, sizda qanday imidj boru, u buzilishi mumkin? Umuman musulmon erkak nega xalqaro qonunlarni oʻylab topganlarning oʻzi ham kezi kelganda tupuradigan qoidalarga amal qilib, ota-bobolari muhim deb bilgan qadriyatlardan yuz oʻgirishi kerak?

- Voy aqlliey. Xoʻsh, bu qoidalarni oʻylab topganlar ularga qachon amal qilmabdi?

- Oʻsha siz aytayotgan "qonun himoyachilari" isroilga milliard dollarlik qurol berib, minglab falastinliklarni qirgʻin qilmayaptimi? Bu xalqaro qoidalarga tupurish boʻlmay nima?

- Men nima deyman, qoʻbizim nima deydi? - Bozorchi xolaning aytgan gapi oʻziga nashʻʻa qilib, xoxolab kuldi, - Men senga sport haqida gapiryapman, oʻqimagan.

-Unda... Qattiqroq turtganimdan soʻng Moʻminjonning gapi ogʻzida qoldi. Men unga "kel, shu xolaga teng kelma", degandek boʻldim.  U biroz jim turdi, keyin baribir chiday olmadi:

- Eh xolaginamey, nega shu gaplarizni oʻris yoki kavkazlik sportchilar bilan koʻrishmagan ukrainaliklarga aytmadiz? Aksincha ularning bu qiligʻidan siz bilan shu qoidani tuzganlarning boshi osmonga etdi...

- Seni kalta oʻylashing shu erdan bilinadi, bola, - bozorchi xola ogʻzidagi saqichini qulogʻiga yopishtirib, Moʻminga buqa qarash qiladi:

- Sen yurtingga bostirib kirgan dushman sportchisi bilan koʻrisharmiding?

- Unday boʻlsa, bobomiz Muhammad Bobur qurdirgan masjidlarni buzdirib, oʻrniga butxona qurdirayotgan, hind musulmonlariga zulm qilib, ularni turli qiynoqlarga solayotgan mamlakat sportchisi bilan ham koʻrishmaslik toʻgʻri emasmi?

- Voy dod, bu bolani bir nima qilib qoʻymasimdan olib ketinglar!
Bozorchi xola menga va atrofidagilarga qaraydi. Men sherigimga jim boʻl, degandek ishora qilaman. Moʻminjon ham biroz yumshaydi:

- Mayli xolajon siz sari boraylik. Aslida xalqaro qoidalarni buzishni boshlagan boya aytganimdek qonun peshvolarining oʻziku. Butun boshli Frantsiyadagi olimpiadada mezbon davlat hijobli ayol sportchilarning qatnashishiga yoʻl qoʻymay, muslima ayollarning huquqlarini buzdi. Erkak boʻla turib, ayol tusiga kirganlarga nozik jins vakilalarini kaltaklashga ruxsat berdi, nega siz va sizga oʻxshaganlar oʻshanda tillarini tishlari orasiga qisib oʻtirishdi?! Bir musulmon farzandi oʻlaroq chempion shaxmatchimiz kimningdir qizi, kimningdir singlisi, yana kimningdir jufti boʻlgan ayolga hurmat bajo keltirib, qoʻlidan ushlamasa yigʻlab yuboryapsizlar?!

Moʻminjon soʻzlar ekan bozorchi xola sholgʻomday qizarib, bu savodi oxiriga etmagan yigitning toʻxtamayotganidan gʻazabi qaynardi. Men boʻlsa xola sotayotgan kartoshka-piyozlardan bir nechtasi sherigim tomon uchishini tasavvur qilardim. Yaxshiyamki, shu orada uning aravasibop yuk chiqib qoldi. Boʻlmasa bozorchi xolaning figʻoni falakka chiqardi. Nima ham derdik. Oʻzimga kelsak, men siyosatga aralashmaydigan, tabiatan yuvvosh odamman. Hozir ham qulogʻimiz tinchiganidan xursandman. Ochigʻi, men tinchlik tarafdoriman. Tinch boʻlsak boʻldi. Qolgani bir gap boʻlar...