Yaponiyada ketma-ket 54 yildan buyon 100 yoshdan oshganlar soni ortib bormoqda. Sentyabrʻ oyi holatiga koʻra, mamlakatda 100 yoshdan oshgan aholi soni bir yil ichida qariyb 3 ming kishiga koʻpayib, 95,1 ming nafardan oshdi.  

Yaponiya Sogʻliqni saqlash, mehnat va farovonlik vazirligi mamlakatda keksalar soni ortib borayotgani haqidagi statistik maʻʻlumotlarni eʻʻlon qildi.

Unga koʻra, 100 yoshdan oshgan aholi soni ketma-ket 54 yildan buyon ortib borayotgani qayd etildi. Sentyabrʻ oyi holatiga koʻra, mamlakatda 100 yoshdan oshgan aholi soni 95 119 nafarni tashkil etdi.

Mamlakatda “bir asr yashaganlar” soni mamlakat tarixida birinchi marta 95 mingdan oshdi. Oʻtgan yilgi maʻʻlumotlarga nisbatan bu raqam 2 980 nafarga koʻpaygan. 100 yoshdan oshganlarning 83 958 nafarini ayollar, 11 161 nafarini erkaklar tashkil etgan.

Vazirlik matbuot kotibi bu boradagi bayonotida "Keksalarning jamoalarida qulay yashashlarini davom ettirishlari uchun tibbiy va hamshiralik xizmatini oʻz ichiga olgan ijtimoiy taʻʻminot xizmatlarini oshirishga harakat qilamiz", dedi.

Yaponiyada "bir asrdan ortiq umr koʻrganlar" haqidagi aholi maʻʻlumotlarini birinchi marta 1963 yilda eʻʻlon qilingan.

Taxminan 125 million aholiga ega Yaponiya oʻzining uzoq umr koʻrishi bilan mashhur. Eng keksa odam 116 yoshli Itooka Tomiko ham Yaponiyada istiqomat qiladi.

Avvalroq Yaponiyaning umumiy aholisi ketma-ket 15 yildan beri qisqarib kelayotgani, bir yil ichida yarim milliondan ortiq kishiga kamaygani haqida xabar bergan edik. Jumladan, oʻtgan yili Yaponiyada tugʻilish koʻrsatkichi 730 mingni, oʻlimlar soni esa 1,58 milliontani tashkil etgan. Shuningdek, mamlakatda aholi yoshi tobora keksayib bormoqda. 

Mavzuga aloqador