02.06.2025 06:35
145

Ukraina dronlar orqali Rossiya harbiy aerodromlariga zarba berdi – nimalar maъlum

Yakshanba kuni ukrain dronlari Rossiyadagi bir nechta harbiy aerodromlariga zarbalar berdi, deb xabar berdi Bi-bi-sining Ukraina Xavfsizlik xizmatidagi manbasi. Unga koʻra, Rossiya bosqini boshlanganidan buyongi eng yirik hujum natijasida 40 dan ortiq samolyot, jumladan A-50, Tu-95 va Tu-22 M3 uchoqlari shikastlangan.

Rossiya Mudofaa vazirligi harbiy aerodromlarga ukrain hujumi boʻlganini tasdiqladi va “bir necha dona aviatsiya texnikasi yonib ketganini” maъlum qildi.

Rasmiy maъlumotga koʻra, dronlar orqali hujumlar Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi harbiy aerodromlarga amalga oshirilgan.

Mudofaa vazirligi bu hujumlarni “Kiev rejimi tomonidan amalga oshirilgan terrorchilik akti” deb atadi.

Rasman maъlum qilinishicha, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi harbiy aerodromlarda hujumlar muvaffaqiyatli qaytarilgan.

Irkutsk va Murmanskdagi aerodromlarda esa FPV-dronlar hujumidan soʻng bir nechta samolyot yonib ketgan, biroq aniq soni oshkor etilmagan.

Ukraina manbalari: Rossiyaga qarshi katta dron hujumi amalga oshirildi

Ukrainaga tegishli ijtimoiy tarmoqlardagi hisoblarda Ukraina armiyasi Rossiyaga qarshi keng koʻlamli IHA (insonsiz havo apparati) operatsiyasini amalga oshirgani haqida maъlum qilindi.

Hujumlar davomida A-50 erta ogohlantirish samolyotlari, Tu-95 va Tu-22M3 bombardimonchi samolyotlari jumlasida 40 dan ziyod rus samolyoti zararlagani aytilmoqda. Baъzi bombardimonchi samolyotlarga qilingan hujumlarga oid videolar Ukraina manbalari orqali tarqaldi.

Hujumlar Murmansk, Ryazan, Irkutsk va Ivanovo viloyatlaridagi Rossiya havo bazalariga qaratilgani maъlum qilindi.

Rossiya: Ukraina harbiy aerodromlarga hujum qildi, ayrim samolyotlar yonib ketdi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina bugun Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi harbiy aerodromlarga FPV dronlar orqali hujum qilganini bildirdi. Ayrim samolyotlar yonib ketgan.

Vazirlikning yozma bayonotida shunday deyiladi:

“Bugun Kiev rejimi Murmansk, Irkutsk, Ivanovo, Ryazan va Amur viloyatlaridagi harbiy aerodromlarga FPV dronlar orqali terrorchilik hujumlari uyushtirdi”.

Bayonotda Ivanovo, Ryazan va Amurdagi aerodromlarga qilingan hujumlar muvaffaqiyatli qaytarilgani taъkidlandi. Murmansk va Irkutskda esa dronlar aerodrom yaqinidan uchirilgani sababli bir nechta samolyot yonib ketgan.

Yongʻin oʻchirilgani, halok boʻlganlar yoʻqligi va “terror” hujumlarida qatnashgan baъzi shaxslar qoʻlga olingani bildirildi.

Ukraina SBU: Rossiya strategik samolyotlarining 34 foizi urib tushirildi

Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) Rossiya harbiy aerodromlariga qilingan hujumlarda strategik qanotli raketa tashuvchi samolyotlarining 34 foizi urib tushirilganini iddao qildi.

SBUning Telegram kanalida eъlon qilingan bayonotda Rossiya harbiy aerodromlariga dronlar orqali amalga oshirilgan hujumlar haqida maъlumot berildi.

SBU bu amaliyotni “Pautina” (Oʻrgimchak toʻri) nomi ostidagi maxsus operatsiya deb atadi. Bayonotda Rossiya strategik aviatsiyasiga etkazilgan zarar taxminan 7 milliard dollarga teng ekani aytildi.

Operatsiya haqida batafsil maъlumot keyinroq berilishi taъkidlandi. Bayonotda “Rossiya Federatsiyasining asosiy aerodromlaridagi strategik qanotli raketa tashuvchilarining 34 foizi urib tushirildi”, deyiladi.

SBU Ukraina hududidagi rus qoʻshinlarini qaytarish uchun “bor kuchini” ishga solayotganini qayd etdi.

Zelenskiy: Ukraina tarixiga kiradigan natija

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya harbiy aerodromlariga uyushtirilgan hujumlarni “eng uzoq masofali operatsiyamiz” deb atadi.

Telegram'dagi bayonotida u SBU rahbari Vasilь Malyukni qabul qilganini va operatsiya haqida maъlumot olganini aytdi.

SBU hujumlarini baholar ekan, Zelenskiy: “Albatta ajoyib natija. Ukrainaga xos mustaqil yutuq”, dedi.

Zelenskiyga koʻra, hujumni tayyorlash va amalga oshirish 1 yil 6 oy 9 kun davom etgan va bu Ukraina tarixidagi eng uzoq masofali amaliyot boʻlgan.

Zelenskiy SBUga operatsiya haqida jamoatchilikka maъlumot berish buyrugʻini berganini aytdi va “Operatsiyani tayyorlagan odamlarimiz oʻz vaqtida rus hududidan chiqib ketishdi”, dedi.

“Albatta, hozircha barchasini ayta olmaymiz, lekin bular Ukraina tarix darsliklariga kirishi shubhasiz”, dedi u.

117 ta dron, 117 operator, 40 dan ziyod strategik samolyot yoʻq qilindiZelenskiy

Zelenskiy, shuningdek, SBUning Rossiya harbiy aerodromlariga qilgan hujumi haqidagi maъlumotlarni baham koʻrdi.

Uning soʻzlariga koʻra, operatsiya Ukrainaga qarshi hujumlarda ishlatiladigan Rossiya obъektlariga qaratilgan.

“Bu, shubhasiz, betakror operatsiya ekanini bemalol ayta olamiz”, dedi Zelenskiy.

Uning bayonotiga koʻra, operatsiya markazi Rossiyadagi Federal xavfsizlik xizmati (FSB) idorasining yaqinida joylashgan boʻlgan.

Hujumda 117 ta IHA va 117 operator ishtirok etgan. Zelenskiyning taъkidlashicha, “aerodromlardagi strategik qanotli raketa tashuvchilarining 34 foizi urib tushirilgan”.

Uning bayonotida Rossiya 40 dan ziyod strategik bombardimon tizimini yoʻqotgani aytiladi.

Zelenskiy operatsiya boshlanishidan avval Ukraina Rossiyaning yangi keng koʻlamli hujumiga tayyorlanayotgani haqidagi razvedka maъlumotiga ega boʻlganini bildirdi.

Uning soʻzlariga koʻra, Rossiya bugun Ukrainaga qariyb 500 ta qurol, jumladan raketa va IHAlar bilan hujum qilgan. Shuningdek, dengizdan raketa hujumi tayyorlanayotgani ham maъlum qilingan.

Ukraina barcha imkoniyatlari bilan oʻzini himoya qilishda davom etishini aytgan Zelenskiy: “Biz bu urushni bir soniya ham xohlamagandik”, dedi.