27.05.2024 18:00
1326

“Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi”, “Islom va Gʻarb” saroblari

 “Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi”, “Islom va Gʻarb” saroblari

Bundan 31 yil muqaddam “Tashqi ishlar” jurnali oʻz davrining eng nufuzli risolasini nashr etdi: Samuel Xantingtonning "Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi". Mazkur risola dunyoni shakllantirishda va yangi urushlar qoʻzgʻashda kuchli turtki vositasi boʻlib xizmat qildi. 

        Oradan shuncha vaqt oʻtganiga, davrlar almashinuvi hamda voqelik oʻzgarganiga qaramasdan, bugungi kunda ham oʻquvchilar asarni avvalgidek zoʻr qiziqish va ishtiyoq bilan mutolaa qilishmoqda. Ammo qanday qilib? Asar keng qamrovli akademik doiralar tomonidan mutlaqo ahamiyatsiz va asossiz, deb topilgan. Mazkur maqolada ushbu kitob va undagi mashhur “Islom va Gʻarb” qarama-qarshiligi haqida tahliliy va tanqidiy fikrlar hamda maʻʻlumotlarni bayon qilamiz.

Quyida Xantingtonning oʻz nazariyasini asoslagan gipoteza:

"Mening ilmiy farazimga koʻra, yangi dunyoda mojarolarning asosiy manbai birinchi navbatda aqliy yoxud iqtisodiy boʻlmaydi. Insoniyat oʻrtasidagi katta tafovut va mojarolarning hukmron manbai madaniyat boʻladi. Milliy davlatlar jahon munosabatlaridagi eng kuchli ishtirokchilar boʻlib qoladilar, ayni paytda, global siyosatning asosiy toʻqnashuvlari turli tsivilizatsiyalarga mansub xalqlar va guruhlar oʻrtasida sodir boʻladi. Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi global siyosatda hukmronlik qiladi. Tsivilizatsiyalar oʻrtasidagi yoriqlar kelajakdagi janglar nuqtasi boʻlib xizmat qiladi".

Islom va Gʻarb

Mustamlakachilik davridan boshlab “Islom va Gʻarb tabiiy, ichki qarama qarshilikka ega, Gʻarb yuksak, madaniyatli, rivojlangan mintaqa, Islom esa qoloq, rivojlanishdan ortda qolgan, madaniy islohga muhtoj”, degan yanglish tushuncha va farazlar shakllangan edi. Samuel Xantingtonning mazkur tezisi yozilishi bilan bu tafakkur shakli yana ham rivojlandi. Bu qarashlarning zamiri shundan iborat ediki, Islom dini bu ikki ufqning quyi pogʻonasida joylashgan, madaniyatdan yiroq, shu bois xristianlar tomonidan boshqarilishga mahkum boʻlagi. 

Shu oʻrinda biz bu "ikkilik"ni asosli dalillar bilan inkor etishimiz lozim. Shunchaki oddiy fakt shuki, biz bu “ikkilik”dan oʻtib ketdik. Hozirgi kunda imperiyalar holati ikki qutbli emas, balki shaklsizdir. Endi “Islom” va “Gʻarb” egizak dushmanlari namoyish etilgan gʻoyalar bozoriga tez nazar tashlasak. Soʻnggi chorak asr davomida Frentsis Fukuyamaning “Tarixning nihoyasi va soʻnggi odam” (1993) dan Samuel Xantingtonning “Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi va jahon tartibining tiklanishi” (1998) va Bernard Lyuisning “Qanday xatoga yoʻl qoʻyildi” asarigacha boʻlgan bestseller kitoblar ortidan, “Islom” va “Gʻarb” oʻrtasidagi faraziy tsivilizatsiyaviy qarama-qarshilik kuchayib, dahshatli nisbatlarga ega boʻldi. 

Bu kabi juda mashhur kitoblar orasida eng hushyori va moʻʻʻtadili boʻlgan islomiy oqimlarning paydo boʻlishiga bagʻishlangan “Jihod: Siyosiy Islomning izi” (2002) jildli kitobida frantsuz siyosatshunosi Gil Kepel ham mazkur dalilga qoʻshilgan va (mustamlakachilik va imperatorlik sharoitlarini hisobga olmaganda) “Islom” va “Gʻarb” oʻrtasidagi toʻqnashuvning belgisi oʻlaroq koʻpchilik musulmonlar yashaydigan dunyoning aksariyat qismidagi jangarilar isyonlari haqida batafsil maʻʻlumot beradi. Mazkur tafakkur shakli boshqalariga nisbatan kengroq qoʻllanildi, suiisteʻʻmol qilindi. “Islom”ning “zamonaviylik”ga va demak “Gʻarb”ga ekzistentsial muxolifatda ekanligi oʻziga xos nafrat shakliga aylandi.

Ushbu oʻta nufuzli va mashhur bestsellerlar turkumida Islom birinchi navbatda “Gʻarb” ning biqinida joylashgan, siyosiy nasliga tashxis qoʻyilganda, unda aniqlangan jiddiy kasallik deb koʻriladi. Evropa va Qoʻshma Shtatlardagi keng koʻlamli tafakkurni aks ettiruvchi Gilles Kepelning fikricha, bu islomiy harakatlarning asosiy maqsadi “faqat Qurʻʻonning qatʻʻiy talqiniga asoslangan global islom davlatini” barpo etishdir. Bunday tahlilga koʻra, Gʻarb asrlar davomida tinchgina oʻzining ishi bilan shugʻullanib kelayotgan, bexosdan yovuz Islom unga oʻzining nishini sanchib olgan begunoh tomoshabindir. Bu kabi dalillar butunlay xato. “Islom va Gʻarb” ikkilik emas, balki birini biridan ajratib boʻlmaydigan birlikdir. Ular eskirib qolgan tanganing ikki tomoni sifatida birgalikda koʻrib chiqilishi kerak.

Bunday mualliflar har qanday jamiyat, madaniyat va tarixning istalgan bir nuqtasida kuchlar doirasining oʻsishi natijasida ogʻir tus olgan ijtimoiy vaboning simptomlaridir. Shu bois ham bu kabi figuralarga ochiq koʻz bilan, sinchiklab nazar solish, ularning yoziqlarini batafsil koʻrib chiqish va oʻrganish lozim. Vaboning surunkali ekanini bir vaqtlar mashhur muallif va olim Edvard Said oʻzining buyuk “Orientalizm” asarida yaxshi ochib bergan va diagnoz qilgan edi. Uning kelgan xulosasiga koʻra, bunday shaxslar mustamlakachilik markazidagi shunchaki siyosiy manfaatlarning oʻyinchoqlari boʻlib, oʻzlari osongina boshqaradigan “Sharq”ni ishlab chiqishda foydalanilgan. Ammo kasallik bundan-da jiddiyroq. 

Xantington oʻzining “muqaddas” tasvirida Qoʻshma shtatlarni qamaldagi maʻʻrifatparvar razvedka sifatida, dunyoning qolgan qismini esa shaytoniy aqidaparastlik oʻz iskanjasiga olishini tasvirlaydi. Uning fikricha, “Gʻarb”ga Osiyo va Islom birgalikda tahdid solmoqda, Osiyoning tahdidi strategik va iqtisodiy boʻlsa, Islomniki madaniydir. Xantington Evropaning Sharqdagi  mustamlakachilik tarixida mavjud boʻlmagan asossiz maʻʻlumotlardan foydalanib, 1993 yilda yozgan dissertatsiyasini keyinchalik kengaytirib, katta kitobga aylantiradi. Biroq bu kitobda asos qilib olingan masalalar ancha eski edi. 

Darhaqiqat, dastlabki signal Allan Blumning mashhur “Amerika ongining yopilishi: Qanday qilib Oliy taʻʻlim demokratiyani qulatdi va bugungi talabalarni maʻʻnaviy qashshoq qilib qoʻydi?” kitobida yangragan edi. Bu kitob keng oʻquvchilar ommasi ichida shov shuv boʻldi. Tez orada uni keng jamoatchilik oʻqiy boshladi va shu orqali oʻzining qanchalik johil va bilimsiz boʻlib qolgani, Gʻarbning durdona mumtoz asarlari endi munosib hurmat va qadr-qimmat bilan oʻqilmasligi haqida bilib oldi. Shundan soʻng ayni shu mavzularga daxldor bir qator asarlar dunyo yuzini koʻrdi. Bundan olingan xulosa shu boʻldiki, Gʻarb tsivilizatsiyasi yangi xavf va inqiroz yoqasida edi. Bu endi avvalgi salibchilar yurishlariga turtki boʻlgan ichki diniy gʻayrat va intilish - muqaddas zaminni "Muhammadiylar" qoʻlidan tortib olish istagini keltirib chiqardi. Shu tariqa Islom va Gʻarbning oʻzaro toʻliq konfliktda boʻlgan ikki egizak minoralari barpo etildi.

Xantington nazariyasi xato ekanligiga dalillar

Xantington nazariyasining eng taʻʻsirchan qismi Islom bilan bogʻliq edi. Xantingtonning ilgari surishicha, Sovet Ittifoqi va Gʻarb oʻrtasidagi Sovuq urush tugashi bilan, ikki oʻzaro adovatli dushmanlar: Gʻarb va Islom oʻrtasida yangi toʻqnashuv yuzaga keladi. Xantington mafkura emas, balki kimlikni zamonaviy siyosat yuragi deb taʻʻkidlaydi. Xantington nazariyasi nashriyot sanoatini gullab-yashnatdi: minglab, milyonlab kitob goʻyoki islomga qarshi urushga chaqirigʻi boʻlib xizmat qilmoqda.

Xantington oʻzining nazariyasini ishlab chiqishda 1990 yilda “Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi” iborasini oʻylab topgan mashhur sharqshunos tarixchi Bernard Lyuisning asariga tayangan:

“Biz muammo va siyosatlar va ularni olib borayotgan hukumatlar darajasidan ancha yuqori boʻlgan rejim va harakatga roʻbaroʻ kelyapmiz. Bu haqiqiy tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi - qadimgi raqibning bizning Yahudiy-xristian merosimiz, bugungi sekulyar davrimiz va ikkalasining ham dunyo miqyosida kengayishiga qarshi, ehtimol mantiqsiz, ammo, albatta, tarixiy munosabatdir”. 

Xantington singari, Lyuis ham partizan edi. Eron inqilobi va Tehron koʻchalarida gʻazab namoyishlari ortidan yozarkan Lyuis sharmsiz ish qildi. U deyarli ikki milliard musulmonning hammasi bir xi l fikrda va ularning koʻzlari Gʻarbga boʻlgan nafratdan boshqa narsani koʻrmaydi, qabilidagi fikrlarni ilgari surdi. 

11 sentyabrʻ voqeasining oʻrni

Xoʻsh, Xantingtong va Lyusning bashoratlari oʻz isbotini topdimi? Musulmonlar chindan ham Amerikalik anavi ikki dono muallif bashorat qilganidek, gʻarb bilan ommatan urushdami? Faqat Xantington emas, balki boshqa koʻplab odamlar ishonganidek, rostan ham Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi mavjudmi? 

Shubha yoʻqki, al-Qoida AQShga qaqshatqich zarba bergan 11 sentyabrʻ voqeasi Xantingtonning ayanchli tahliliga juda katta dalil taqdim qildi. Keyingi yillarda Gʻarbning musulmon mamlakatlariga uyushtirgan hujumlari toʻlqini, London, Parij va boshqa Gʻarb shaharlarida sodir etilgan halokatli teraktlar bilan bir qatorda uni yanada kengaytirgandek boʻldi.

AQSh prezidenti Jo Baydendan tortib, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga, undan Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Tereza Meygacha boʻlgan barcha taniqli siyosatchilar tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi tilida soʻzlashib kelishadi.  

Garchi 11 sentyabrʻ voqealari Xantingtonning bashoratini amalga oshirgandek koʻringan boʻlsa-da, aslida bu amalga oshmadi. Haqiqiy toʻqnashuv AQSh va Islom oʻrtasida emas, AQSh va Al-Qoida yoki “Islomiy Davlat” (ID) oʻrtasida edi. 

IShID va Al-Qoida sabab emas

Biz shu paytgacha dunyoning 50 ta musulmon davlatlaridan birortasi ham AQShga qarshi urush eʻʻlon qilganini, qandaydir Islom davlatlari koalitsiyasi tuzilganini koʻrmaganmiz. Shunga oʻxshagan koalitsiya 2017 yilda paydo boʻlganida, u Saudiya Arabistoni boshchiligida, AQSh homiyligida tashkil qilingan edi. 

Bugungi kunda terror hodisasi qanchalik zulmkor va keng miqyosli boʻlishidan qatʻʻi nazar, IShID va Al-Qoida kabi guruhlar Islomning chekkasida qolib ketmoqda. Yirik islomiy kuchlar xalqaro munosabatlarni amalga oshirishda realizmga ergashadilar, yagona islomiy guruh – Islom hamkorlik tashkiloti esa quruq ritorika forumidan boshqa narsa emas.

Turkiya Rossiya va AQSh oʻrtasida tebranib turadi, uning qurolli kuchlari NATOdagi ikkinchi eng yirik kuch hisoblanadi. Islomiy ohanglarga qaramay, Eron siyosati millatchilikka asoslangan. Garchi uning AQSh bilan toʻqnashuvi kuchayib borayotgan boʻlsa-da, Eronning bugungi kundagi eng katta kurashi geosiyosiy (yaʻʻni Saudiya Arabistoniga qarshi), Evropa (yaʻʻni "Gʻarbning" ikkinchi yarmi) esa Tehron bilan munosabatlarni yaxshilashga intilmoqda. 

Saudiya Arabistoni rejimi vahhobiylikka tayangan boʻlsa ham, Amerikaning mintaqadagi eng sodiq ittifoqchisi boʻlib qolmoqda. Turkiya, Eron va Qatar kabi boshqa islomiy kuchlar esa uning asosiy dushmanlaridir.

Din siyosati

Arab dunyosidagi koʻplab ishonchli tahlilchilar Iroqqa bostirib kirgan va barcha davlat institutlarini yoʻq qilgan IShID kabi terror guruhlarining mavjudligi taqozo etadigan sharoitlarga AQShni asosiy javobgar deb hisoblaydi.

Eng muhimi esa, Xantington din – urushda hal qiluvchi omil, deganda adashgan edi. Din siyosati, albatta, vosita, maqsad emas. Ammo Xantington dunyoni shakllantirishda jiddiy ahamiyat kasb etdi. Uning tsivilizatsiyalashgan dunyo “radikal islom”ga qarshi kurashayotgani haqidagi tezisi Gʻarb harbiy-sanoat majmuasini kommunizm oʻrniga yangi global, tizimli, koʻp millatli dushman bilan taʻʻminlab berdi.

Suriyada Xantingtonning nazariyalari barbod boʻldi. Etti yildan ortiq davom etgan toʻqnashuvlar davomida paydo boʻlgan ittifoqlar tarmogʻi uning tsivilizatsiyaviy modelini inkor etib, madaniy emas, balki geosiyosiy va iqtisodiy manfaatlarning ustuvor ekanini urgʻuladi. Gʻarb (AQSh va Evropa) dunyoviy rejim boʻlgan Suriya hukumatiga qarshi islomiy kuchlar bilan koalitsiya tuzdi. AQSh, Buyuk Britaniya va Frantsiya islomiy deb hisoblanishi mumkin boʻlgan guruhlarni bevosita qurol-yarogʻ bilan taʻʻminladi va ochiq radikal guruhlar, jumladan, IShID va Al-Qoidani qurollantirgan ittifoqchilariga koʻz yumdi. 

AQShning hozirgi prezidenti Jo Bayden 2014 yilda Garvard universitetida qilgan nutqida bu vaziyatni shunday taʻʻriflagan edi: “Mintaqadagi ittifoqchilarimiz Suriyadagi eng katta muammomiz edi... Ular nima qilishdi?  Ular Suriya prezidenti Bashar al-Asadni yiqitishga qattiq intilishdi va aslida sunniy-shia proksi urushini keltirib chiqarishdi.. Ular Asadga qarshi jang qiladigan har bir kishiga yuzlab million dollar va oʻnlab tonna qurol-aslaha berishdi, taʻʻminot etkazilmagan al-Nusra, al-Qoida va dunyoning boshqa burchaklaridan kelgan jihodchilarning ekstremistik unsurlari bundan mustasno, albatta”. 

Targʻibot harakatlari

Shu paytga qadar Suriya janubida Isroil Suriya isyonchilarini Golan tepaliklarida ozod etish chizigʻi boʻylab qoʻllab-quvvatlayotgani va bu isyonchilarning salmoqli qismi islomchilar, jumladan, ilgari Suriyada Al-Qoida boʻlimi boʻlgan al-Nusra fronti nomi bilan tanilgan guruh ekani ham sir emas.

Bundan tashqari, Suriyada AQSh dunyoviy boʻlsa ham, asosan musulmonlardan iborat boshqa bir guruh: kurdlar bilan qizgʻin hamkorlik qilmoqda. AQSh oʻzining Suriya siyosatini Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Misr bilan, kurdlar masalasi alangalanmasidan oldin esa Turkiya bilan yaqindan muvofiqlashtirib kelardi.

Shu sababli ham Suriyadagi mojaroni tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi deyish nooʻrin. Haqiqatda esa, sunniy musulmonlar IShIDning asosiy nishoni hisoblanadi, IShID ularning aksariyatini qayta tugʻilgan xalifalik safiga qoʻshilmagani uchun murtad deb ataydi. Oʻzining barcha targʻibot harakatlariga, minglab qochqin yoshlarni oʻziga jalb qilganiga qaramay, IShID hamon chekka guruh boʻlib qolmoqda va shunday boʻlib qolaveradi. Shuni unutmasligimiz kerakki, bugungi kunda dunyoda 2 milliardga yaqin musulmonlar bor, ularning aksariyati oddiy hayot kechirmoqda.

Xantington tarafdorlari Suriya urushi islom tsivilizatsiyasi ichidagi tsivilizatsiyalararo urush deb taʻʻkidlashlari mumkin. Ushbu tahlil ham mutlaqo xato. Toʻgʻri, musulmon olami 1924-yilda xalifalik rasman tugatilganidan beri oʻzini qayta belgilash uchun kurash olib bormoqda, biroq Suriyadagi kurash, garchi boshqacha va gʻalatiroq koʻrinsa-da, asosan manfaatlar toʻqnashuvidan iborat.

Hukmronlik uchun kurash

Eron Suriya va Yamandagi shia jangarilarini qoʻllab-quvvatlaydi, ayni chogʻda sunniy Hamas va Gʻazodagi Islomiy jihodning ham faol tarafdori. Eron shia davlati boʻlsa ham, Iroqdagi baʻʻzi shia etakchilari Eron taʻʻsirini muvozanatlash uchun Saudiya Arabistoni bilan yaqindan hamkorlik qilayotganini koʻrishimiz mumkin. 

Saudiya Arabistoni, shu bilan birga, oʻng qanot nasroniy partiyasi - 1970 va 80-yillarda Livandagi fuqarolar urushi yillarida minglab musulmonlarni qirgʻin qilgan Livan kuchlarini ham faol qoʻllab-quvvatlab kelmoqda, chunki u Saudiyaning Livandagi siyosati bilan mutlaqo mutanosibdir. Saudiya-Eron toʻqnashuvi tsivilizatsiyalararo urush emas, balki mintaqada hukmronlik oʻrnatish yoʻlidagi geosiyosiy kurashdir. 

Yuqorida aytib oʻtilgan ittifoqlar va toʻqnashuvlar Xantington tsivilizatsiya modeliga nisbatan paradoksal koʻrinadi, ammo real siyosiy kuchlar muvozanati nuqtai nazaridan qaralganda mutlaqo asosli.

“Tsivilizatsiyalar toʻqnashuvi” nazariyasi paydo boʻlganidan shuncha yil oʻtib ham uning tushuntirish kuchi hamon shubhali. Xantingtonning “bashorati” 11 sentyabrʻ voqealari bilan maʻʻlum darajada oqlangan boʻlsa ham, xalqaro munosabatlar va siyosatning har bir ziyrak kuzatuvchisi uni osongina inkor etishi mumkin.