28.03.2025 22:45

Tramp Oq uyda iftor dasturxonini tashkil qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ramazon oyiga bagʻishlangan iftor dasturxonini tashkil etish anъanasini qayta tikladi. 


“Anadolu” agentligining xabar berishicha, kuni kecha tashkil etilgan ushbu tadbirda AQSh musulmon jamoasi vakillari hamda Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Qatar, Livan va Pokiston kabi musulmon davlatlarining diplomatlari ishtirok etdi.


Mazkur marosimda, Tramp mehmonlarni Ramazon hayiti bilan qutladi va oʻzining soʻnggi prezidentlik saylovlarida musulmon jamoasidan koʻrsatilgan qoʻllab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi.


“Men 2024-yilgi saylovlarda menga rekord darajada ovoz bergan yuz minglab musulmon amerikaliklarga alohida tashakkur aytmoqchiman. Bu juda hayratlanarli edi”, dedi AQSh prezidenti.


Tramp oʻz maъmuriyati musulmon jamoasiga bergan vaъdalarini bajarishda qatъiy ekanini taъkidladi. U Yaqin Sharqda tinchlik oʻrnatish yoʻlidagi diplomatik saъy-harakatlar davom etayotganini qayd etdi, deyiladi agentlik xabarida.


AQSh rahbari, shuningdek, Michigan shtatidagi musulmon jamoasiga alohida minnatdorlik bildirib, “Men prezidentligim davomida doimo siz bilan birga boʻlaman va sizni qoʻllab-quvvatlayman. Buni bilishingizni istayman”, deya taъkidladi.

Mavzuga aloqador