20.01.2025 10:23
Tramp lavozimiga kirishishi bilanoq Putin bilan Ukraina boʻyicha gaplashib olmoqchi
Tramp lavozimiga kirishishi bilanoq Putin bilan Ukraina boʻyicha gaplashib olmoqchi
AQShning yangi saylangan prezidenti Donalʻd Tramp inauguratsiyadan soʻng tez fursatlarda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbat oʻtkazish niyatida. CNN manbalariga koʻra, suhbatdan maqsad Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan muzokaralarni shaxsiy uchrashuv orqali davom ettirish boʻladi.
Trampning jamoasi bu uchrashuv uchun tayyorgarlik ishlarini oldindan boshlagan boʻlsa-da, telefon suhbatining aniq sanasi hozircha maʻʻlum emas. Amerika va Rossiya rasmiylari suhbatdan keyin yuzma-yuz uchrashuvni ham tashkil qilishni tezlashtirishi kutilmoqda.
Donalʻd Tramp bir necha bor prezidentlikka kirishgach, Rossiya-Ukraina urushiga echim topish uchun faol qadamlar qoʻyishini aytgan edi. Avvalroq The Washington Post uning Putin bilan telefonda muloqot qilgani haqida xabar bergan, lekin Kreml bu xabarni rad etgan.
Shveytsariya va Serbiya davlatlari Tramp va Putin uchrashuvini oʻtkazish uchun mezbonlikka tayyorligini bildirishgan. Milliy xavfsizlik maslahatchisi Mayk Valsning soʻzlariga koʻra, Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning uchrashuvda ishtirok etishi haqida hali qaror qabul qilinmagan.
Yangi prezident lavozimini qabul qilganidan soʻng AQShning tashqi siyosatdagi qadamlari va urushga yakun yasash harakatlari dunyo diqqat markazida boʻladi.
Maʻʻlumot uchun, Donald Trampning inauguratsiyasi 2025 yil 20 yanvar kuni Vashingtonda, mahalliy vaqt bilan kunduz soat 12:00 da boshlanadi. Marosim yakunlangandan soʻng, u rasman AQShning 47-prezidenti sifatida lavozimga kirishadi.