27.01.2025 06:30
546
Tramp Gʻazo aholisini arab davlatlariga koʻchirishni taklif qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp Gʻazo sektoridan koʻchib chiqishga majbur boʻlgan falastinlik qochqinlarni arab davlatlariga joylashtirish boʻyicha taklif bilan chiqdi. DW xabar berishicha, Tramp Iordaniya qiroli Abdulla II va Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy bilan ushbu masalada suhbat oʻtkazgan.
«Men Iordaniya qiroliga koʻproq odamlarni qabul qilishlarini aytdim. Gʻazo sektorini tartibsizlikka oʻxshatyapman. Men u erda tartib oʻrnatilib, odamlar boshqa joyga joylashtirilishi kerak deb oʻylayman», dedi Tramp.
U shuningdek, Misr rahbari bilan muloqotni rejalashtirayotganini aytdi va mamlakatdan Gʻazo aholisini qabul qilishni soʻrash niyatida ekanligini bildirib oʻtdi.
AQSh prezidenti 1,5 millionga yaqin falastinlikni arab davlatlariga joylashtirish haqidagi rejani tilga oldi. Shu bilan birga, Tramp Iordaniya qiroliga mamlakat qochqinlarni qabul qilishdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirdi.
Misr rasmiylari esa Gʻazo qochqinlarini qabul qilishdan bosh tortgan. Bunga mamlakatning iqtisodiy muammolari va ichki ijtimoiy vaziyat sabab sifatida koʻrsatilgan.
Gʻazo sektorining aksariyat aholisi mojarolar tufayli oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan qochqinlardan iborat. Urushdan oldin bu mintaqada 2,4 millionga yaqin aholi istiqomat qilgan.