25.01.2025 15:15
696

“Tolibon” Xalqaro sud prokurorining ayblovlariga munosabat bildirdi

“Tolibon” Xalqaro sud prokurorining ayblovlariga munosabat bildirdi

Afgʻonistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xonning etakchi Haybatulloh Oxundzoda va oliy sud raisi Abdul Hakim Haqqoniyga nisbatan hibsga olish orderi soʻrash qarorini qoraladi.

“Tolibon” tashqi ishlar vazirligi bayonotida XJS dunyoga inson huquqlarining “oʻziga xos talqinini” tiqishtirishni toʻxtatishi lozimligini taʻʻkidladi. Bayonotda tashkilotning bu kabi harakatlari Afgʻoniston xalqining diniy va milliy qadriyatlarini inkor etish sifatida baholangan.

“XJS dunyoga inson huquqlarining maxsus talqinini tiqishtirmasligi, boshqa xalqlarning qadriyatlarini inkor etmasligi lozim”, – deyiladi bayonotda.

Shuningdek, vazirlik XJSning bu harakatlarini “noqonuniy” deb atadi va tashkilotning shu kungacha zaif boʻlgan obroʻsiga putur etkazuvchi omil sifatida baholadi.

Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xon avvalroq Haybatulloh Oxundzoda va Abdul Hakim Haqqoniyni afgʻonistonlik qizlar va ayollarni, shuningdek, gender tenglik talablariga zid shaxslarni taʻʻqib qilganlikda ayblagan edi. Uning fikricha, bu taʻʻqiblar kamida 2021 yil 15 avgustdan buyon davom etib kelmoqda.