Tolibon hukmronligi ostidagi Afgʻoniston: yutuqlar, muammolar va imkoniyatlar
Afgʻonistondagi Tolibon harakati va Amerika Qoʻshma Shtatlari boshchiligidagi NATO kuchlari oʻrtasida davom etgan 20 yillik urushdan soʻng Tolibon kuchlari poytaxt Qobulni nazorat ostiga oldi va 2021 yil 15 avgustda AQShning soʻnggi qoʻshinlari Qobul aeroportini tark etdi. Bu voqeadan taxminan bir oy oʻtgach, Tolibon butun mamlakatni ham oʻz nazoratiga olib, yangi maʻʻmuriyat tuzib, mamlakatni boshqarish uchun muvaqqat hukumat tashkil qildi. Shunday qilib, Tolibon harakati uchun yangi bosqich boshlandi. Yaʻʻni Tolibon ishgʻolchilarga qarshi kurashadigan kichik guruhdan butun bir davlatni boshqaradigan maʻʻmuriyatga aylanib qoldi.
Afgʻoniston Islom Amirligi tashkil topganidan ikki yilu etti
oy oʻtgach, dunyo mamlakatlari hali bu hukumatni tan olishmagan boʻlsa-da, ularning
Tolibon hukumati bilan aloqalari turli shakllarda davom etmoqda. Shuningdek,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Afgʻoniston boʻyicha xalqaro hamjamiyat
pozitsiyasini birlashtirish va afgʻon xalqiga xalqaro gumanitar yordamni
muvofiqlashtirish boʻyicha saʻʻy-harakatlar olib borilmoqda. 18-19 fevral kunlari
Qatar poytaxti Dohada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi shafeligida boʻlib
oʻtgan yigʻilish ana shu saʻʻy-harakatlarning namunasi, desak mubolagʻa qilmagan
boʻlamiz.
Afgʻonistondagi vaziyat jahon ommaviy axborot vositalari,
xususan, gʻarb bizga koʻrsatib berayotgandek zimiston, mudhish emas. Shuningdek,
baʻʻzi kishilar oʻylayotgandek, munavvar va mutlaqo muammolardan xoli ham emas. Tolibon
Afgʻonistonda boshqaruvni qoʻlga olganidan keyin oʻtgan ikki yarim yil ichida
yaxshigina ijobiy muvaffaqiyatlarga erishdi. Shu bilan birga muammo va toʻsiqlar ham
uchrab turibdi.
Tolibon hukumatining soʻnggi ikki yilu etti oy davomida
erishgan yutuqlarini quyidagi satrlarda koʻrishimiz mumkin:
Mamlakatni Amerika bosqinidan ozod boʻlishi va mamlakat ichki
ishlariga tashqi kuchlar taʻʻsirining kamayishi;
Mamlakat hududida turli guruhlar orasidagi tinimsiz
toʻqnashuvlarning barham topishi;
Yillar davomida tinimsiz hukm surgan tartibsizlikdan soʻng
tinchlik va osoyishtalikning qaror topishi;
Butun Afgʻoniston hududini nazorat qiluvchi markaziy maʻʻmuriyat
va hukumatning mavjudligi;
Armiya, politsiya va xavfsizlik xizmatlarining shakllantirilishi;
Qasos va nafrat kayfiyati qolmasligi uchun avvalgi hukumat
vakillariga nisbatan qatagʻon siyosatini olib bormay, ommaviy avf eʻʻlon qilinishi;
Savdo harakatining nisbiy barqarorligi va bozorlarda
tovarlarning mavjudligi;
Afgʻoniston valyutasi qiymatining sezilarli yaxshilanishi, uning
dollar va boshqa xorijiy valyutalarga nisbatan qadrining oshishi;
Davlat organlaridagi maʻʻmuriy korruptsiyaning kamayishi;
Giyohvand moddalarni etishtirish va eksport qilishning sezilarli
darajada qisqarishi;
Tabiiy foydali qazilmalar va maʻʻdanlarni, shu jumladan neft
va tabiiy gazni qazib olish boʻyicha ishlarning boshlanishi;
Davlat byudjeti va davlat xarajatlarini muvofiqlashtirish;
Yangi yoʻllar qurish va mavjudlarini taʻʻmirlash, suv
resurslaridan foydalanish kabi qator infratuzilma loyihalarining amalga
oshirilishi;
Aeroportlar va ichki yoʻllarning toʻxtovsiz ishlashi;
Qoʻshni davlatlar va mintaqa bilan yaxshi munosabatda boʻlish,
afgʻon erlaridan boshqa davlatlarning manfaati uchun foydalanishga yoʻl qoʻymaslik;
Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy yordam sohasidagi xalqaro
institutlarning uzluksiz ishilashi.
Muvaqqat hukumatning yuqorida tilga olingan yutuq va
muvaffaqiyatlari boshqa masalalar bilan bir qatorda, Afgʻonistonga xalqni
charchatgan urushlar, boʻlinishlar va mojarolarga toʻla oʻtmishidan bosqichma-bosqich
chiqish uchun katta va tarixiy imkoniyat yaratadi. Agar Tolibon va boshqa afgʻon
guruhlari tinchlik va adolat sari qadam tashlashda davom etsalar, bu
muvaffaqiyatlar va osoyishtalik yanada mustahkam boʻlib, mamlakatning rivojlanishi
yanada tezlashadi.
Afgʻoniston hozirda oʻtmishning barcha salbiy sahifalarini yopish,
yillar davomida urushdan boshi chiqmaydigan xalqqa barqarorlik va tarraqqiyotni
olib kelish uchun ajoyib imkoniyatga ega.
Tolibon harakatining hukumatdagi bugungi mavqeidan kelib
chiqib aytadigan boʻlsak, ularning xalq oldidagi masʻʻuliyati oldingidan koʻra
koʻproq. Chunki oʻtmishda Tolibon ishgʻolchi kuchlarga qarshi kurashadigan oddiy bir
jamoa boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunga kelib butun boshli davlatni boshqarayotgan
guruhga aylandi. Bu esa, tabiiyki, Toliblarning zimmasiga ulkan masʻʻuliyat
yuklaydi. Tolibon boshidan kechirgan va kechirayotgan ikki bosqichning ham oʻziga
yarasha maqsad va talablari boʻlib, qarshilik harakati sifatida maydonga chiqqan
Tolibonning maqsadi yurtni ishgʻoldan ozod etish edi. Bugungi Tolibonning maqsadi
va oldidagi vazifalari avvalgidan murakkabroq: mamlakatni boshqarish, undagi
osoyishtalikni saqlash, oʻzaro adolatli munosabatlarni shakllantirish kabi
masʻʻuliyatlar zimmasida turibdi. Zero, xalq ulardan toʻgʻri boshqaruv, munosib
turmush sharoitining taʻʻminlanishini kutadi. Tashqi dunyo esa xalqaro tizimga mos
keladigan, oʻz majburiyatlarini bajaruvchi, xalqaro shartnomalarga rioya qiladigan
davlat boʻlishini talab qiladi. Muvaqqat hukumatning bosh vazir oʻrinbosari Mulla
Abdul Gʻani Tolibon qoʻshinlari Kobul shahriga kirganidan soʻng nutq soʻzlagandi. U
ana shu nutqida: “Tolibon harakatining haqiqiy sinovli kunlari endi, bugundan
boshlandi”, deya zimmalarida ulkan masʻʻuliyat turganini eʻʻtirof etgan edi.
Shubha yoʻqki, Afgʻonistonning rivojlanishi, oʻtmishdagi toʻqnashiv
va mojarolardan qutulishi uchun faqatgina Tolibonning emas, butun xalqning
harakati kerak. Erkaklar-u, ayollar, xalq orasidagi boshqa ozchiliklar, umuman,
barcha birlashib, maqsad yoʻlida harakat qilishlari talab etiladi. Tolibon
hukumatidan esa xalqni mushtarak maqsad yoʻlida birlashishi uchun sharoit va
imkoniyatlarni taʻʻminlash, boshqa partiya va guruhlardan esa hukumat bilan oʻzaro
hamkorlik qilishlari talab etiladi.
Afgʻoniston oldida turgan muammolarni inobatga olgan holda,
hozirgi vaziyatda hukumat va boshqa afgʻon tomonlar eʻʻtiborini qaratishi lozim
boʻlgan ustuvor vazifalarni quyidagi nuqtalarda ajratib koʻrsatish mumkin:
1. Zamonaviy
davlat qurish, urush va nizolarning qayta avj olish ehtimolini bartaraf etish,
mamlakatni siyosiy barqarorlik sari etaklash uchun tomonlarning yarashishlari.
Hech shubha yoʻqki, siyosiy barqarorlik, kuchli davlat barpo etish
va taraqqiyotning asosi boʻlib, doimiy xavfsizlik va barqarorlikni taʻʻminlamay
turib bu maqsadlarga erishib boʻlmaydi. Afgʻoniston kabi uzoq vaqtdan beri urush va
notinchliklarni boshidan kechirayotgan davlatga chinakam tinchlik va barqarorlikka
erishishi uchun, ichki urushlar va notinchliklar sabablarini bartaraf etish uchun
yillar kerak kerak boʻladi.
Kuzatuvchilarning fikriga koʻra, afgʻon xalqi hukumatdan
hozirgi davrga mos keladigan, zamonaviy, xalqning ehtiyojlarini qondira oladigan
va qoʻllab-quvvatlaydigan davlat barpo etishlarini kutishmoqda. Shuningdek, tashqi
dunyo tomonidan tezroq tan olinish, xalqning diniy, milliy-madaniy qadriyatlarini
asrab-avaylash, murakkablik va noqulayliklarga qaramasdan global hamkorlik
qadriyatlariga rioya qilish oʻrtasidagi muvozanatni saqlab turish ham yangi
hukumatdan kutilayotgan natijalar sirasiga kiradi.
2. Mamalakat
va xalqning xohish-irodasini oʻzida ifoda etuvchi dastur (konstitutsiya) qabul
qilish.
Chunki konstitutsiya davlat qurish va Afgʻonistonni huquqiy
davlat va siyosiy barqarorlik sari etaklovchi zamonaviy va doimiy siyosiy tizimni
oʻrnatish uchun ideal asosni tashkil etadi. Shuningdek, fuqarolar urushi va tashqi
ishgʻoldan charchagan mamlakatda kelajakda yuz berishi mumkin boʻlgan tartibsizliklar
eshigini qaysidir maʻʻnoda yopadi. Oʻz-oʻzidan maʻʻlumki, konstitutsiyaviy hokimiyat va
qonun ustuvorligi taʻʻminlanmagan davlatda barqarorlik va rivojlanishga erishib
boʻlmaydi.
3. Mamlakatni
qayta barpo etish va xalqning asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun iqtisodiyotni
yaxshilaydigan strategiya ishlab chiqish va xalqaro sarmoyalarni jalb qilish.
Iqtisodiy infratuzilmaga jiddiy eʻʻtibor berish, yoshlar uchun ish
oʻrinlari yaratish, fuqarolarga taʻʻlim, davolanish, elektr energiyasi va transport
kabi asosiy xizmatlarni taqdim etish hamda qashshoqlikka qarshi kurashish kabilar
mavjud hukumat uchun eng katta muammolardan biridir. Hukumatning iqtisodiyotga
beparvo boʻlishi mamalakat uchun halokatli oqibatlarni olib kelishi mumkin.
4. Bugungi
afgʻon jamiyati bilan nihoyatda ehtiyotkorona munosabatda boʻlish.
Chunki soʻngi yillarda shakllangan jamiyatning holati, avvalgi
90-yillarda hokimiyatga kelgan Toliblar davridagidan ancha farq qiladi. Statistika
maʻʻlumotlariga tayanib aytish mumkinki, Afgʻoniston aholisining qariyb 60 foizini
yoshlar tashkil etadi. Bu 35 million nafar yosh avlod degani. Bu avlod internet,
smartfonlar, kompʻyuter, televizor, sunʻʻiy yoʻldosh kanallari, ijtimoiy tarmoqlar,
turli sohalarda roʻy berayotgan taraqqiyotlar davrida voyaga etmoqda. Bu yoshlarni
ommaviy axborot vositalari aslo kuch bilan boshqarib boʻlmaydigan avlod qilib
tarbiyalamoqda.
5. Afgʻon
ayollariga taʻʻlim va mehnat sohasida qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilish.
2022 yil dekabrʻ oyidan boshlab oʻrta va oʻrta maxsus
maktablarning eshiklari qizlar uchun yopilgan, afgʻon ayollariga ham
universitetlarga borishlari taqiqlangan. Shuningdek hukumat institutlarida
ayollarning ishlashi mumkin emas edi. Bu toʻsiqlardan faqatgina sogʻliqni saqlash va
boshlangʻich taʻʻlim sohalari mustasno. Koʻplab kuzatuvchilar bu holatni muvaqqat
hukumatning afgʻon ayollarini ijtimoiy, iqtisodiy, taʻʻlim va siyosiy hayotdan
bosqichma-bosqich va tizimli ravishda chetlashtirishga, jamiyat yarmining energiyasini
buzishga urinishi deb baholamoqdalar. Shu sababli muvaqqat hukumat ayollar
borasidagi oʻz pozitsiyasini qayta koʻrib chiqishi lozim. Chunki qizlarni boshlangʻich
maktabdan keyingi taʻʻlimni olishiga yoʻl qoʻymaslik va ayollarning mehnat qilishiga
toʻsqinlik qilish mamlakat ichkarisidagi muammolarga olib boradi. Shu bilan birga
bu holat xalqaro hamjamiyatning Afgʻoniston bilan munosabatlarini normallashtirish
va mamalakatning tashqi integratsiyalashuviga ham toʻsiq boʻladi.
6. Yoshlar va
milliy kadrlarning ertangi kunga ishonchini qaytarish, ularni vatanda qolishlari
uchun jiddiy sabablar paydo qilish.
Chunki Afgʻoniston yoshlarining va ixtisoslashgan kadrlarining
boshqa mamlakatlarga koʻchib ketish toʻlqini mamalakat kelajagi uchun hamon jiddiy
xavf boʻlib turibdi.
7. Xalqaro
maydondagi munosabatlarni yaxshilash va xalqaro tashkilotlar bilan iliq munosabatlar
oʻrnatish.
Bu chora xalqaro maydonda Afgʻoniston manfaatlarining
himoyalanishi, unga nisbatan ishonchning ortishi va maydonda yakkalanib qolmasligini
taʻʻminlaydi. Bugungi kunga kelib, oradan ikki yarim yildan koʻproq vaqt oʻtgan
boʻlsa ham, dunyo mamlakatlarining hech biri Afgʻonistonni tan olgani yoʻq. Tan
olinmaslik esa Afgʻonistonning xalqaro hamjamiyatga qaytishiga, BMT va boshqa
xalqaro tashkilot va institutlarda oʻzining tabiiy oʻrnini egallashiga hamon
toʻsqinlik qilmoqda.
Maqola avvalida sanab oʻtilgan yutuqlarni saqlab qolish, yangi
yutuqlarga erishish va muammolarni hal qilish yuqori darajadagi bilim, tajriba hamda
matonatni talab qiladi. Shunday ekan, mamlakatni inqirozdan olib chiqish uchun xalq
ichidagi samimiy muloqot, hamkorlik va barcha tomonlar, afgʻon jamiyatining tarkibiy
qismlari, akademik, siyosiy va ijtimoiy elitaning konstruktiv ishtiroki zarur.
Fazlul Hodiy Vaziyn, yozuvchi, akademik
Maqolalarda bildirilgan fikrlar muallifga tegishli boʻlib, tahririyat nuqtai nazarini aks ettirmasligi mumkin.