12.10.2024 09:30

Tojikiston va Rossiya oʻzaro hisob-kitoblarda qariyb butunlay rublga oʻtdi

Tojikiston Milliy banki raisi oʻrinbosari Sirojiddin Ikromiyning maʻʻlum qilishicha, 2021 yildan buyon respublika va Rossiya oʻrtasidagi hisob-kitoblarda rublning ulushi qariyb ikki baravar oshib, 97,5 foizga etgan, deya xabar bermoqda TASS.

“Taʻʻkidlash joizki, Tojikiston Respublikasi tashqi savdo operatsiyalari boʻyicha hisob-kitoblarda Rossiya rublining ulushi 97,5 foizni tashkil etadi. 2021 yilda bu koʻrsatkich bor-yoʻgʻi 45 foizni tashkil etardi”, — dedi Ikromiy.

Milliy bank raisi oʻrinbosarining qoʻshimcha qilishicha, Rossiya banklarida Tojikiston banklarining qariyb 60 foizi oʻz vakillik hisoblarini ochgan. Shu bilan birga, Tojikiston va Rossiya Gʻarbning Rossiyaga qarshi sanktsiyalari sharoitida moliya sohasida hamkorlikni davom ettirish imkoniyatlarini topgan.

Qayd etilishicha, 2024 yil avgust oyida Tojikiston Milliy banki raisi Firdavs Tolibzoda MDH ishtirokchilari bilan rublda hisob-kitoblar hajmi oshgani haqida xabar bergan edi. Respublikada bunday operatsiyalar ulushi qariyb60 foizga etdi. Unga koʻra, dollardagi toʻlovlar hajmi kamayib bormoqda.