13.01.2025 13:22
687

Sudan poytaxtida toʻqnashuvlar davom etmoqda

Sharqiy Afrika davlati Sudanda 2023 yil aprelidan beri armiya va Tezkor harakat kuchlari (RRF) oʻrtasidagi qurolli toʻqnashuvlar 21-oyda ham davom etmoqda. Mojaro mamlakat infratuzilmasiga jiddiy ziyon etkazib, taʻʻlim, iqtisodiyot va sogʻliqni saqlash sohalarida katta vayronagarchiliklarga sabab boʻldi.

Sudan armiyasi shimoliy va sharqiy hududlarda hukmronlik qilmoqda, RRF esa janubiy va gʻarbiy mintaqalarda hamda markaziy Xartumda mavqeini saqlab turibdi. Poytaxt Xartumning Omdurman tumani armiya nazoratida, ammo Bahri viloyati uchun kurash davom etyapti. RRF koʻp qavatli binolardan turib himoyalanmoqda, bu erda snayperlar va artilleriya oʻrtasida ogʻir janglar boʻlmoqda. Janglar tinch aholi koʻchib ketishiga olib keldi, baʻʻzi tumanlar esa arvoh shaharlarga aylandi.

Sudan mojarosini hal qilishga qaratilgan AQSh, Saudiya Arabistoni, Misr va Frantsiyaning tashabbuslari hozirgacha muvaffaqiyatsiz boʻldi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti maʻʻlumotlariga koʻra, mojarolarda 20 mingdan ortiq odam halok boʻlgan, 3 milliondan ziyod kishi mamlakatni tark etgan va 9 million odam mamlakat ichida boshpana izlashga majbur boʻlgan.

Sudanda 25 milliondan ortiq inson gumanitar yordamga muhtoj. Qochqinlar lagerlarida aholi sovuq, oziq-ovqat etishmasligi va tibbiy yordamning yoʻqligi bilan yuzma-yuz. Mamlakatdagi vaziyat xalqaro jamoatchilikni tinchlik oʻrnatish boʻyicha yanada keskin choralar koʻrishga undamoqda.