27.01.2025 12:27
486
Serb ekstremistlari musulmonlarning qabrlarini tahqirladi
Serb oʻng qanot ekstremistlari Srebrenitsa genotsidi qurbonlari dafn etilgan musulmon qabristonida tahqirlash amalini sodir etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda ular qabrlarga xochlar oʻrnatgani va ularni olib tashlashni qiyinlashtirish uchun beton bilan mustahkamlagani aks etgan.
Hodisa Bosniya va Gertsegovinaning Srebrenitsa yaqinidagi Kraglivode qishlogʻida sodir boʻlgan. Mahalliy OAV maʻʻlumotlariga koʻra, mazkur harakat serb pravoslav ruhoniysi Luka Babich tomonidan uyushtirilgan. Babichga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgani xabar qilinmoqda.
“Babich va uning sheriklari 19 yanvar kuni Srebrenitsa yaqinidagi musulmon shahidlar qabristoniga yashirincha kirib, milliy va diniy murosasizlikni qoʻzgʻatish hamda mahalliy aholini tahqirlash maqsadida noqonuniy harakatlarni amalga oshirgan.”
1995 yil 11 iyulda serb kuchlari Srebrenitsadagi BMT tomonidan “xavfsiz hudud” deb belgilangan shaharga hujum qilib, 8000 dan ortiq bosniyalikni qatl etgan. Qurbonlarning jasadlari mamlakat boʻylab tarqalgan 570 dan ortiq hududda topilgan. Ushbu qirgʻinchilik BMT Bosh Assambleyasi tomonidan genotsid deb tan olingan va 11 iyul – qurbonlarni xotirlash kuni sifatida belgilangan.