Saudiya Arabistonining Suriyadagi elchixonasi faoliyatini qayta boshladi
Saudiya Arabistoni Suriyadagi elchixonasini qaytadan ochdi. Elchixona 2012 yilda Suriyada Asad muxolifatga yon bosmagani ortidan koʻpchilik arab davlatlari qatorida yopilgan edi.
Saudiya Arabistoni 2012 yilda yopilgan Suriyadagi elchixonasini
rasman qayta ochdi. Bu haqda Saudi Press Agency
xabar berdi.
“Damashqdagi elchixonaning qayta tiklanishi ikki davlat va
qardosh xalqlar oʻrtasidagi munosabatlar tarixidagi muhim bosqichdir”, - dedi
qirollikning vaqtinchalik ishlar vakili Abdulla al-Horis.
Saudiya Arabistonining Suriya poytaxtidagi diplomatik missiyasi
dushanba kuni faoliyatning qayta tiklanishi munosabati bilan tantanali tadbir
uyushtirdi, unda vazirlar, Suriyaning yuqori martabali amaldorlari va Damashqda
akkreditatsiyadan oʻtgan xorijiy diplomatlar va boshqalar ishtirok etdi.
Saudiya Arabistoni va Suriya 2023 yil may oyida diplomatik
munosabatlarni tiklashga kelishib oldi. Ar-Riyoddagi Damashq elchixonasi mamlakatlar
oʻrtasidagi munosabatlar normallashganidan bir necha oy oʻtib ish boshladi.
Qirollikning Damashqdagi diplomatik vakolatxonasi esa amalda 2024 yil boshidan beri
faoliyat koʻrsatmoqda. May oyida Saudiya Arabistoni qiroli Salmon bin Abdulaziz Ol
Saud Seyf bin Saud al-Mujfalni
qirollikning Suriyadagi yangi elchisi etib tayinlagan edi.
Suriyada fuqarolar urushi boshlanganidan soʻng aksariyat arab
davlatlari Damashqdan muxolifat foydasiga murosaga erisha olmay, oʻz elchilarini
chaqirib olgan,
respublikani iqtisodiy boykot qilishga qoʻshilgandi. Qatar, Saudiya Arabistoni va boshqa bir qancha davlatlar
mojaro paytida Suriya hukumatiga qarshi chiqqan qurolli guruhlarga moliyaviy va
harbiy yordam koʻrsatdi.
Keyinchalik ayrim davlatlar, jumladan, Bahrayn, Birlashgan
Arab Amirliklari va Ummon respublika bilan munosabatlarni normallashtirib,
Damashqdagi diplomatik vakolatxonalari faoliyatini tikladi.
2023 yil may oyida Suriya prezidenti Bashar al-Assad 2010
yildan beri birinchi marta Jidda shahrida oʻtkazilgan Arab Davlatlari Ligasi sammitida
ishtirok etdi. Bundan sal oldin Arab Ligasi Kengashi arab respublikasini 2011 yil
noyabrida toʻxtatilgan mintaqaviy tashkilotga toʻlaqonli aʻʻzolikka qaytarishga qaror
qildi.