26.12.2024 08:55
482

Rossiyada migrantlar faqat bitta ishda ishlashi mumkin



Rossiyada migrantlarning mehnat faoliyatini cheklashga qaratilgan qonun loyihasi taklif etildi. Unga koʻra, xorijiy fuqarolar bir ish beruvchida ishlashlari shart boʻladi va bir vaqtning oʻzida bir nechta kasbda ishlash imkoniyatidan mahrum boʻladilar. Bu haqda "Izvestiya" nashri xabar berdi.

Taklifga koʻra, masalan, qurilish sohasida ishlayotgan migrantlar taksi haydovchisi yoki kurʻer sifatida qoʻshimcha ish olib bora olmaydi.

Qonun loyihasini Qurilish vazirligi taklif qilgan boʻlib, unda asosiy maqsad qurilish sohasida kadrlar etishmasligi muammosini hal etish va migrantlarning mehnat faoliyatini yaxshiroq nazorat qilish ekani qayd etilgan. Agar qonun tasdiqlansa, 2025 yil aprelʻ oyidan kuchga kiradi.

Qonun tashabbusi ayrim bahs-munozaralarga sabab boʻldi. Qurilish sohasi ekspertlaridan birining aytishicha, bu chora sohada ishchilar almashinuvining oldini olishi mumkin, biroq kadrlar etishmasligi muammosini toʻliq hal qilolmaydi. 

Shu bilan birga, tashabbusni moliyalashtirish va uning amalga oshirilishiga oid masalalar hali aniq emas.

Agar qonun qabul qilinsa, Rossiyada mehnat migrantlari yangi qoidalarga moslashishlari zarur boʻladi. Bu, ayniqsa, oʻz daromadini turli kasblar orqali taʻʻminlab kelayotganlar uchun qiyinchilik tugʻdirishi mumkin.

Qonun loyihasining qabul qilinishi yoki rad etilishi haqida yaqin vaqtlarda qoʻshimcha maʻʻlumotlar chiqishi kutilmoqda.