Rossiyada uzoq muddatlarga qamalga mahbuslar Ukraina frontida 6 oy muddat xizmat qilish sharti bilan ozod qilinishi ortidan mamlakatda ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar soni keskin ortdi. 2024 yilning dastlabki 8 oyida 403 537 ta ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etildi. Bu – oxirgi 13 yil ichidagi rekord koʻrsatkichdir.

Rossiyada 2024 yilning dastlabki 8 oyi davomida 13 yil ichida rekord darajadagi ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar qayd etilgan, deb yozadi «Vyostka» nashri Ichki ishlar vazirligi maʻʻlumotlariga tayanib.

2024 yilning yanvarʻ-avgust oylarida mamlakatda 403 537 ta ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilgan. Bunday koʻrsatkich oxirgi marta 2011 yilning sakkiz oyida qayd etilgan edi. Oʻshanda Rossiyada 426 ming shunday jinoyat qayd etilgan. Shundan keyin ularning soni har yil sakkiz oy ichida 400 mingdan oshmagan.

Ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar Rossiyaning janubiy va gʻarbiy hududlarida, shuningdek, Moskva viloyatida ayniqsa ortgan. Ushbu mintaqalarda 16,4 mingta shunday jinoyat sodir etilgan boʻlsa, 2021 yilning yanvarʻ-avgust oylarida ularning soni 14,7 mingtani tashkil etgan.

Ukraina bilan chegaradosh Bryansk viloyatida 2024 yilning yanvaridan avgustigacha 2731 ta ogʻir va oʻta ogʻir jinoyat sodir etilgan. Adigeyada 2024 yilning sakkiz oyida 1041 ta jinoyat qayd etilgan, vaholanki soʻnggi 15 yil ichida bu toifadagi jinoyatlar soni hech qachon mingtaga etmagan.

2024 yil yanvarʻ-avgust oylarida Krasnodar oʻlkasida 15 yil ichida rekord darajadagi ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir boʻldi, Rostov viloyatida esa 14 yildagi rekord - 14 932 ta jinoyat qayd etilgan.

2022 yilning kuzida Rossiya hukumati Ukraina jabhasida harbiylar taqchilligi sharoitida qamoqxonalardagi uzoq muddatlarga qamalgan xavfli jinoyatchilarni yollashni boshladi. Urushda qatnashish uchun shartnoma imzolagan mahbuslar afv etilgan va ozod qilingan.

BBC va Mediazona maʻʻlumotlariga koʻra, birgina “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi tarkibida Ukrainaga qarshi urushda qatnashgani uchun 31 mingdan ortiq mahbus ozod etilgan. Biroq bu statistik maʻʻlumotlarga boshqa boʻlinmalarda jang qilgan sobiq mahbuslar soni kiritilmagan.

Yanvarʻ oyi oxiriga kelibgina Ukrainada 6 oy urushgan mahbuslarni ozod qilish sharti bekor qilinib, oʻrniga "shartli ozodlik" belgilandi va maxsus harbiy operatsiya tugaguniga qadar xizmat qilish majburiyati joriy etildi.

Davlat Dumasi avvalroq Rossiyada sobiq mahbuslar frontdan qaytganidan keyin jinoiy faollik kuchayishi haqida ogohlantirgan edi. Bosh prokuror Igor Krasnov, oʻz navbatida, urushning birinchi yilida oʻta ogʻir jinoyatlar soni 9,4 foizga oʻsib, qariyb 125 ming holatga etganini maʻʻlum qildi. 2023 yilda ularning soni 142 mingdan oshdi, vaholanki 133 mingta boʻlishi kutilayotgandi.

Ichki ishlar vazirligi maʻʻlumotlariga koʻra, joriy yilning dastlabki besh oyida uyushgan jinoiy guruhlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni urushdan oldingi 2021 yilning shu davriga nisbatan 76 foizga oshgan va 16,9 mingta holatni tashkil etgan.

Mavzuga aloqador